Ega
Ega — gapning bosh boʻlaklaridan biri; gapni tashkil etishda muhim rol oʻynaydi. Ega fikrning kimga, nimaga qarashli ekanligini anglatadi, shu jihatdan kesim bilan oʻzaro yaqin bogʻlangan. Ega, odatda, kesim orqali, kesim esa ega orqali, bir-biriga nisbat berish bilan belgilanadi. Grammatik jihatdan ega boshqa boʻlaklarga nisbatan hokim vazifasida keladi (baʼzi ilmiy adabiyotlarda mutlaq hokim sifatida gapning kesimi koʻrsatiladi). Ega vazifasida kelgan soʻz egalik va koʻplik qoʻshimchalarini qabul qila oladi va bosh kelishlik shaklida qoʻllanadi. U koʻpincha ot, olmosh, otlashgan soʻz va soʻz birikmasi bilan ifodalanadi. Ega, asosan, kesimdan avval keladi; bunday soʻz tartibi eganing grammatik belgilaridan biridir. Baʼzan kesimdan keyin ishlatilishi ham mumkin; bu hodisa inversiya deyiladi. Ega baʼzan birgina soʻzdan, baʼzan esa bir necha soʻzdan, yaʼni sintaktik birlikdan iborat boʻladi. Masalan:
- Tinchlik urushni yengadi.
- Ishlagan tishlar, ishlamagan kishnar (Maqol).
- Otlarning otxonaga olib oʻtilmagani Ziyodillani taajjublantirdi (Hamid Gʻulom).
Ega gapda har doim biror soʻz yoki soʻzlar birikmasi bilan ifodalanishi shart emas. Baʼzi gaplarda ega tushib qolishi, yashirin boʻlishi mumkin. Eganing gapda qoʻllanishi yoki qoʻllanmasligi gapning mantiqiy mundarijasi, grammatik shakli va nutq uslubi bilan bevosita bogʻliq[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |