Dismenoreya
Dismenoreya (due… va yunoncha men – hayz, rhoira – kechish), algomenoryeya – hayz davrining ogʻriqli kechishi. Dismenoreyada, odatda, qorin pasti, bel va dumgʻaza sohasi ogʻriq boʻladi. Ogʻriq hayzdan oldin yoki uning dastlabki kunlari paydo boʻlib, butun hayz kunlari davomida kuzatiladi. Baʼzan koʻngil aynishi, qusish, bosh ogʻrigʻi, umumiy ahvolning oʻzgarishi hollari kuzatiladi. Dismenoreya birlamchi va ikkilamchi boʻladi. Birlamchi dismenoreya jinsiy aʼzolarning kasalliklari bilan bogʻliq boʻlmaydi, koʻpincha tugʻmagan ayollarda uchraydi. Ikkilamchi dismenoreya turli ginekologik kasalliklar (oʻsma, endometrioz va boshqalar)ning oqibatidir. Dismenoreya mustaqil kasallik boʻlmay, balki turli kasalliklar, rivojlanish anomaliyalari va b.ning belgisi sifatida namoyon boʻladi. Dismenoreyaning yuzaga kelishida ayniqsa, nerv sistemasining funksional xususiyatlari va oʻzgarishlari, shuningdek, boshdan kechirilgan kasalliklar (infeksiya, zoʻriqish, ogʻir ruhiy kechinmalar), infantilizm, endokrin buzilishlar muhim rol oʻynaydi. Dismenoreyani davolash uni yuzaga keltirgan omillarni bartaraf etishdan iborat. Birlamchi dismenoreyada nerv sistemasi faoliyatini tartibga solish, normal hayot tarzi, toʻgʻri ovqatlanish, ruhiyatga zararli taʼsirotlarni yoʻqotish, turli somatik kasalliklarni davolash lozim. Ikkilamchi dismenoreyada yalligʻlanish kasalliklari, endometrioz va b.ni davolashga eʼtibor berish kerak.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil