Diplomatiya tili
Diplomatiya tili - 1) diplomatik aloqalar va xalqaro shartnomalar tili. Hozirgi vaqtda majburiy D.t. yoʻq. Umumiy qoidaga binoan tashqi aloqa organlarida oʻz milliy tillari qoʻllanadi. Ayrim istisnolardan tashqari, ikki tomonlama xalqaro shartnomalar, shuningdek, ishtirokchilari soni cheklangan koʻp tomonlama shartnomalar mazkur tomonlarning tillarida tuziladi. Xalqaro tashkilotlarda va konferensiyalarda tillar tegishli tartib-qoidalar asosida ishlatiladi. Ushbu anjumanlarda tillar rasmiy tillarga (ularda barcha eng muhim dip-lomatik hujjatlar tuziladi) va ish yuritiladigan tillarga (shu tillarda munozara olib boriladi, loyiha va hokazo tuziladi) boʻlinadi. BMT Bosh Assambleyasida rasmiy va ish yuritiladigan 6 tildan — arab, ingliz, ispan, rus, fransuz va xitoy tillaridan foydalaniladi. BMT doirasida va rahbarligida qabul qilinadigan koʻp tomonlama xalqaro shartnomalar (ayniqsa, umumiy tusdagilari) bir xil matnga ega boʻlib, qoida tariqasida BMT rasmiy tillarida tuziladi; 2) diploma-tik lugʻatga kirgan maxsus terminlar va iboralar (mas, agreman, statuskvo, retorsiyalar va hokazo).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil