Kontent qismiga oʻtish

Diniy axloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Diniy axloq – bevosita diniy dunyoqarash taʼsirida shakllanadigan axloqiy tushunchalar va tamoyillar majmuasidan iborat boʻlib, u diniy taʼlimotning tarkibiy qismini tashkil qiladi. Dinning tarixiy turlari, ilk diniy tasavvurlar, milliy va jahon dinlaridan har birining oʻziga xos axloq meʼyorlari hamda talablari ishlab chiqilgan boʻlib, barcha diniy taʼlimotlarda oʻziga xos farqli jihatlari hamda umumiy jihatlari mavjuddir. Masalan: Islom dinida poligamiya – koʻp nikohlilikka ruxsat berilsa, hinduizm, buddizmda hayvonlarni oʻldirish gunoh hisoblanadi. Xristianlikda, eng avvalo katolitsizmda ruhoniylarning uylanishiga ruxsat berilmaydi. Ruhoniylarga dindorlarning gunohlarini kechirish huquqining berilishi ham diniy axloqning oʻziga xos jihatlarini tashkil etadi.
Shu bilan birgalikda jahondagi barcha diniy taʼlimotlar tomonidan targʻib qilinadigan axloq tushunchalarining mohiyati, talabi bir-biriga ancha yaqin boʻlib, barcha diniy taʼlimotlardagi axloqiy talablar dindorlardan xudoga eʼtiqod qilishni, uning qudratiga ishonishni, doimo iborat qilishni hamda hayotdagi turli lazzat, xursanchilik, rohat- farogʻatlardan oʻzini tiyishni talab qiladi. Diniy taʼlimot tomonidan targʻib qilinadigan axloqning maʼlum qismi sof diniy eʼtiqodlar tizimini oʻz ichiga olib, turli urf-odatlar va marosimlarda oʻz aksini topadi. Diniy axloq talablari va tamoyillari diniy taʼlimotlarda muqaddaslashtiriladi hamda barcha dindorlarning ilohiy tarzda vahiy qilingan bu diniy axloq meʼyorlariga itoat qilishlari talab qilinadi.
Insonning paydo boʻlib shakllanish jarayoni fanda antroposotsiogenez deb atalib, insonda ong – tafakkurning shakllanishi natijasida vujudga kelgan ijtimoiy ong shakllari – diniy ong, axloqiy ong hamda estetik ongdan iborat boʻlgan. Ilk diniy tasavvurlarning ijtimoiy taraqqiyot jarayonida murakkablashib, diniy tizimlar, diniy taʼlimotlarga aylanib borishi jarayonida shu dinga taalluqli boʻlgan axloqiy meʼyorlar hamda tamoyillar ham takomillashtirib borgan.
Ijtimoiy taraqqiyotning har bir davri hamda bosqichida yashagan xalqlarning oʻziga xos axloqiy talab, tushuncha va meʼyorlari mavjud boʻlib, bu axloqiy meʼyorlar va tamoyillar muayyan diniy taʼlimotning mazmun – mohiyati bilan bogʻliq ravishda ishlab chiqilgan diniy axloqiy meʼyorlar sifatida eʼtirof etiladi. Bu axloqiy meʼyor va talablarni bajarish diniy eʼtiqodning muhim jihati boʻlib hisoblanadi.
Diniy axloq muayyan diniy taʼlimot negizida ishlab chiqilgan hamda shakllantirilgan axloqiy meʼyorlar, tushunchalar va talablar majmuasidan iborat boʻlib, u umuminsoniy axloqiy qadriyatlar negizida rivojlantiriladi. Umuminsoniy axloqiy qadriyatlar oʻz navbatida umuminsoniy maʼnaviyatga tayanadi. Shuning uchun insoniyat tarixidagi juda koʻplab diniy taʼlimotlarning mazmun – mohiyatiga eʼtiborni qaratganda, umuminsoniy maʼnaviyat va axloqiy qadriyatlar asosida ishlab chiqilgan diniy axloq meʼyorlari hamda tamoyillari yaqqol koʻzga tashlanadi. Jahondagi juda koʻplab diniy taʼlimotlarda shu dinga eʼtiqod qiluvchi dindorlar halol, pok boʻlishga, vijdonan mehnat qilishga, mehr-shafqatli, kamtar kamsuqum boʻlishga, boshqalarga yaxshilik qilishga daʼvat etiladi.
Diniy axloq koʻpgina diniy taʼlimotlarda bu insonning ruhiy poklanish yoʻli boʻlib, diniy axloqiy talablarni bajargan inson ruhan poklanib, oʻzini ruhiy jihatdan abadiy hayotga tayyorlab borishga harakat qiladi. Diniy axloq talablarini bajarib, ruhiy jihatdan poklanib borgan inson tasavvuf taʼlimotga koʻra koʻngil koʻzi bilan Ollohning jamolini mushohada qila boshlaydi. Jahondagi koʻplab diniy taʼlimotlarning har birida oʻziga xos diniy axloqiy talab va meʼyorlar tizimi ishlab chiqilgan boʻlib, bu talab va meʼyorlar xalqning milliy mentalitetiga oʻziga xos tarzda taʼsir koʻrsatgan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda bozor munosabatlariga asoslangan, demokratik, huquqiy, fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan boʻlib, bu jamiyat dunyoviylik tamoyiliga asoslanadi. Oʻzbekistonda yangi jamiyat barpo kilish jarayonida dinga nisbatan boy tarixiy meros va maʼnaviy qadriyat sifatida yondoshilib, diniy axdoq meʼyorlaridan maʼnaviy pok va axloqiy goʻzal insonlarni tarbiyalash masalasida foydalanilmokda. Milliy istiqlol mafkurasida ifodasini topgan dinlararo bagʻrikenglik goyasi ham Oʻzbekistonda tinchlik – barqarorlik, turli dinga eʼtiqod qiluvchi fuqarolar oʻrtasida hamkorlik, hamjihatlik, totuvlik munosabatlarining oʻrnatilishida muhim omil boʻlib kelmoqda.
Axloqiy talablar, meʼyorlar va tamoyillar bugungi kunda milliy davlat dinlarida ham, jahon dinlarida ham bir muncha mukammal, tizimli ravishda ishlab chiqilgan boʻlib, milliy maʼnaviyatning shakllanishida, milliy mentalitetning davomiyligi va vorisiyligi jarayonlarida diniy axdoqiy qadriyatlar muhim oʻrin tutib kelmoqda.
Xalqimizning tarixiy taraqqiyotida milliy urf-odat, anana, udumlar, qadriyatlarimizning shakllanishida dinning tarixiy shakllari, ilk diniy tasavvurlar ham, zardushtiylik dini va unda ilgari surilgan diniy axloqiy gʻoyalar ham, koʻp millatli va diniy eʼtiqodli davlatda Buddaviylik, Nasroniylik dinlarida ilgari surilgan diniy ahloqiy talablar ham, maʼnaviyatimizning, milliy mentalitetimizning, urf- odat va anʼanalarimizning shakllanishiga va rivojlanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan ilsom dinida ham, islom dini negizida vujudga kelgan tasavvuf tariqatida ham diniy axloq meʼyorlari ishlab chiqilgan boʻlib, Uzbekistonda adolatli jamiyat va barkamol insonni tarbiyalash jarayonida bu tarixiy maʼnaviy meros hamda diniy axloqiy qadriyatlardan foydalanish masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 172.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.