Kontent qismiga oʻtish

Buqoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Diffuz toksik buqoqdan yoʻnaltirildi)
Buqoq
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
DiseasesDB 5332
MedlinePlus 001178
MeSH D006042


Buqoq (Zob) -qalqonsimon bezning kattalashishidir. Bu kasallik koʻpincha yod yetishmasligi kuzatiladigan mamlakatlarda keng tarqalgan, biroq, yod preparatlaridan ortiqcha foydalanish fonida yodning oshib ketishi natijasida ham rivojlanishi mumkin. Ayollarda ushbu kasallik erkaklarga qaraganda 5 marta koʻproq uchraydi. Paydo boʻlgan tugunlar qalqonsimon bez toʻqimalarida shakllanadigan juda koʻp fibroz chandiqlardan iborat. Ushbu kasallikning dunyo boʻylab eng keng tarqalgan shakli endemik buqoq hisoblanadi. Bunga yod tanqisligi sabab boʻladi. Yodlangan tuz ishlatiladigan mamlakatlarda odatda Xasimoto buqoqi shakllanadi, uning muqobil nomi autoimmun tireoidit[1].

Boshqa sabablarni ikkita shartli guruhga boʻlish mumkin:

1. Gipotireoz

2. Gipertireoz

Gipotireozning alomatlari – soch toʻkilishi, terining quruq va oqimtir boʻlishi, tirnoqlarning moʻrtligi, qoshlarning ingichkalashi, ishtahani buzilishi, vazn ortishi. Qalqonsimon bez kasalliklarida nutq sekinlashadi, xotira yomonlashadi, deyarli doimiy uyquchanlik mavjud, hayz sikli buziladi. Bunday holatda, ushbu barcha belgilar mavjud boʻlishi kuzatilmasligi mumkin, 2-3 ta belgilar mavjud, biroq ular yanada aniqroq seziladi.

Gipertireoz – qalqonsimon bez ishlab chiqaradigan gormonlarning koʻpayib ketishidir. Ushbu kasallikda uyqusizlik, umumiy zaiflik, bezovtalik, yurak urishining tezlashishi, ortiqcha terlash kuzatiladi. Ushbu kasallik bilan xastalangan bemor ishtahasi yaxshi boʻlishi mumkin, ammo vazn yoʻqota boshlaydi. Bundan tashqari yuqori qon bosimi, koʻzlarning boʻrtib chiqishi, qoʻllarda qaltirash (titroq) ham kuzatiladi.

Dastlabki bosqichlarda bemorlarda kasallikning hatto eng kichik belgilari ham sezilmaydi. Kasallikning shakllanib borishi sayin boʻyin old qismining boʻrtib chiqishi sezila boshlaydi. Kattalashgan endokrin bez atrofidagi traxeyani, asab oxirlari va qon tomirlarni eza boshlaydi. Diffuziv buqoq qalqonsimon bezning bir xil kattalashgani bilan tashxislanadi. Agar tugunli shakli haqida gapiradigan boʻlsak, koʻpincha boʻyinning bir tomonida kattalashgani seziladi. Yaʼni u nafaqat bir xilda, balki notekis kattalashishi ham mumkin. Erkaklarda qonda yod darajasi past boʻlganida jinsiy qiziqishning pasayishi, jinsiy funktsiyalarning beqarorligi kuzatiladi. Ayollarda esa bunday oʻzgarishlar natijasida hayz siklining buzilishi shakllanadi, bu esa oʻz navbatida bepushtlik va homila tushishining katalizatori hisoblanadi

Diagnostikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buqoqni tashxislash uchun laborator qon va siydik tahlillari qoʻllanadi. Kasallikning har qanday klinik belgisi boʻlgan odamning qoni TTG, T3, T4 va tireoglobulin kabi gormonlar nisbati uchun tekshiriladi. Tashxis, kasallikning turiga duch kelganlarda odatda tireoid gormonlar muvozanatining buzilishi va tireoglobulinning koʻpayishi bilan bogʻliq. Shu bilan birga, siydik orqali yodning ajralishi qisqargan boʻladi.

Kasallik alomatlarini oʻz vaqtida aniqlash muvaffaqiyatli davolanishning kalitidir, bu kasallik bilan imkon qadar tezroq kurashishga yordam beradi. Shunday qilib, agar qalqonsimon bezining kattalashishi sezilsa, endokrinolog shifokor bilan maslahatlashish kerak. Aynan endokrinologga murojaat qilish juda muhimdir, chunki boshqa mutaxassislar alomatlarni shunchaki charchoqqa yoʻyishi mumkin. Buqoqni davolashning asosiy usuli gormonlarni oʻrnini bosish hisoblanadi. Buning uchun tirozinning turli xil faol unumlari ishlatiladi. Bunday preparatlar endokrin bezi tomonidan ishlab chiqariladigan gormonlarning fiziologik parametrlari bilan tenglashadi. Nafaqat preparatning kerakli miqdorini, balki salbiy natijalarga olib kelmaydiganini ham tanlash juda muhimdir. Davolash, dori moddalarini muntazam isteʼmol qilish koʻpincha hayotning oxirigacha davom etadi. Gormonlar nisbatini nazorat qilishni unutmaslik tavsiya etiladi. Qalqonsimon bezda jarrohlik aralashuvini oʻtkazish juda qiyin, chunki u juda koʻp qon tomirlarni oʻz ichiga oladi. Bu jarrohlikni yanada muammoli qiladi. Biroq, ayrim hollarda jarrohlik oʻtkazmasdan boshqa iloj boʻlmaydi, shuning uchun buqoqda jarrohlik aralashuvi eng koʻp qoʻllanadigan davolash usullaridan biridir. Jarrohlikda narkoz ostida bezning katta tugunlari yoki potentsial xavfli qismlari olib tashlanadi. Eng murakkab va eʼtibordan chetda qolgan hollarda qalqonsimon bezning bir qismini yoki uni butunlay olib tashlash talab qilinadi.

Buqoq kasalligini oldini olish uchta shaklda amalga oshirilishi mumkin – ular ommaviy, guruh va individual boʻlishi mumkin. Eng samarali chora birinchisi hisoblanadi, u har bir shaxs isteʼmol qiladigan mahsulotlarga kichik miqdorda yod qoʻshish orqali amalga oshiriladi. Gap yodlangan tuz haqida bormoqda. Ushbu usulning afzalliklari shundaki, bunday mahsulot juda arzon, biroq taʼsir samarasi aniq. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, bunday profilaktik chora natijasida har yili buqoq kasalligining rivojlanishi 20%ga

kamaymoqda. Profilaktik ommaviy yodlash uchun boshqa mahsulotlar, masalan, non yoki suv ham ishlatiladi. Buqoq kasalligini oldini olishda guruhli choralarni qoʻllashda bu xastalikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan shaxslar orasida yod preparatlarini ishlatish tushuniladi. Bu birinchi navbatda bolalar va oʻsmirlarni oʻz ichiga oladi. Fiziologik jihatidan eng yaqin shakl kaliy yodid boʻlib, u turli dozirovkalarda ishlab chiqariladi va muayyan algoritm boʻyicha ishlatiladi. Bunday oldini olish maqsadlari uchun yodga boy oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish ham mumkin. Buqoq shakllanishi uchun xavf guruhining alohida toifasi har qanday homiladorlik davridaboʻlgan ayollardir. Ularda ushbu komponentga eng yuqori talab mavjud boʻladi – kuniga 200 mkg. Shu munosabat bilan homilador ayollar uchun alohida profilaktik choralarni amalga oshirish kerak[2].

  1. Ф.Нишонов, Б.Абдуллажонов, Н.Бозоров, А.Отақўзиев. Хирургик касалликлар Андижон 2020. 
  2. Ergashev U.Y.. Xirurgik kasalliklar ToshTA 2020.