Kontent qismiga oʻtish

Dermatomikozlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dermatomikozlar (dermato... va yun. mykes — zamburugʻ) — terining zamburugʻli kasalliklari; parazit zamburugʻlar (dermatomitsetlar) qoʻzgʻatadi. D. 4 xil boʻladi: 1) keratomikozlar — zamburugʻlar terining eng ustki muguz qavatida yoki soch kutikulasida boʻladi; unda yalligʻlanish, ogʻriq, qichishish alomatlari kuzatilmaydi. Bunga qipiqdi temiratki, eritrazma, pyedra (sochdagi suv sirka), qoʻltiq trixomikozi kiradi; 2) epidermomikozlar — zamburugʻlar terining muguz qavatida, tirnoqlarda boʻladi, koʻpincha teri yalligʻlanadi. Bunga chov va oyoq panjasi epidermofitiyasi, rubrofitiya, kandidamikozlar kiradi; 3) trixomikozlar — zamburugʻlar terining ustki qavatini yalligʻlantirib, sochning tagigacha kirib ketadi. Bularga trixofitiya, mikrosporiya, kal (favus) kiradi, ular yuqumli; 4)chuqur mikozlar — zamburugʻlar terining chuqur qavatiga oʻtib, ogʻir yalligʻlanish alomatlari, katta-kichik tugunchalar paydo qiladi; keyinchalik qon va limfa tomirlari orqali muskul, suyak va ichki aʼzolar (oʻpka, buyrak, ichak)ga ham tarqaladi. Vaqtida davolanmasa ogʻir oqibatlarga olib borishi mumkin. D.ning oldini olish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish, kasallik manbai va bemorni vaqtida aniqlash, shuningdek, bemorning oila aʼzolari, bolalar muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar va barcha xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turish lozim. Davo asosan kasallikning xili va alomatlari ga qarab buyuriladi.

Ad..Arifov S, Eshboyev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil