Kontent qismiga oʻtish

Deklamatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Deklamatsiya (lot. declamatio — notiqlik mashqi) — badiiy oʻqish, notiqlik sanʼatining muhim turlaridan biri. Sharqda Deklamatsiya qadimdan rivojlangan. Xitoy, Hind podsholari, Xorazmshohlar, sugd, sak xonlari saroylarida deklamatsiya ustalari ishlagan. Oʻzbek xonliklari hududida ham deklamatsiya sanʼatining mohir ustalari (maddoxlar, qissaxonlar, dostonchi, ertakchi va otinlar) yashab ijod etgan. Saroylarda tez-tez uyushtirib turilgan sheʼrxonlik ham aslida deklamatsiyaning bir koʻrinishidir. XVII—XVIII asr gʻarb mumtoz teatrida deklamatsiya tushunchasi aktyorlik ijro vositalarini umumlashtirgan. XVIII asr oxiri — XIX asr boshlari teatrdagi romantizm va realizm oqimlari klassitsizm qonunlaridan voz kechdi. Romantizm aktyor ijrochiligidagi ilhom hissiyot erkinligini, realizm nutq va aktyorning sahnadagi xatti-harakati tasvirlanayotgan qahramonning oʻziga xos xususiyatlarini boʻysundirdi. Keyinchalik deklamatsiya soxta, sunʼiy nutq usuli tushunchasini bildiradigan boʻlib qoldi. K. Stanislavskiy deklamatsiyaga aktyorlik sanʼatining quruq, soxta koʻrinishlaridan biri sifatida qaradi, hayot haqiqatiga asoslangan obraz yaratish yoʻlida deklamatsiyaga qarshi kurashishga chaqirdi. Estradadagi badiiy asarlarni oʻqish keng qamrovli oʻziga xos sanʼat boʻlib, deklamatsiyaning zamonaviy koʻrinishlaridan deyish mumkin.

Muhsin Qodirov.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil