Kontent qismiga oʻtish

Dekadentlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dekadentlik (lotincha: decsdentis – tanazzul) – 19—20-asrlarda Yevropa madaniyatidagi inqiroziy holatni umumiy tarzda ifoda etgan nom. Tanazzulga yuz tutishlik, umidsizlik kayfiyati, hayotdan bezishlik, yolgʻizlanib qolganlik kabi hissiyotlarda oʻz aksini topgan. D.ka xos bir qator xususiyatlar modernizmga ham xosdir. 19-asr oxiri – 20-asr boshlarida roʻy bergan jiddiy oʻzgarishlar, yangilanishlar, inqilobiy jarayonlarning yetilishi ijtimoiy voqelikda ziddiyatlarni kuchaytirdi. Eskilik va yangilik oʻrtasidagi kurash avj oldi. Bunday holatni koʻrgan ayrim madaniyat, xodimlari, ijodkorlar tarix, tabiat, inson tanazzulga yuz tutmoqda, degan fikrga keldilar. Ular oʻz asarlarida ana shu tanazzul, inqiroz sabablarini, inson boshiga tushgan tashvishlar, qiyinchiliklarni aks ettirishni maqsad qilib qoʻydilar. Natijada sanʼat sohasida modernizmning yangi yoʻnalishi D. paydo boʻldi.

Dekadentlar murakkab va qaramaqarshi hodisalarni tarixni buzuvchi kuch, deb qaradilar. Ular insonni jamiyatdan, siyosatdan va b. jarayonlardan xoli boʻlgan tabiatli individ sifatida baholadilar. Shunda inson hech bir jamiyatga qaram boʻlmagan ozod insonga aylanadi. Boshqacha aytganda, individ estetikasining ajralmas qismi sifatida shaxs erkinligi vujudga keladi. D. estetikasidagi bu qarash sanʼat, adabiyot va ijodiy jarayonga munosabatda ham oʻziga xoslikni yuzaga keltirdi. Dekadentlar adabiyotni siyosatdan xoli qilish gʻoyasini ilgari surdilar va buni ijod erkinligi deb hisobladilar. Shu bois D. sanʼatkorlari asarlaridagi inson koʻproq individ sifatida namoyon boʻladi, ular qahramonlarining shaxsiy xususiyatlari, hayoti tafsilotlari boʻrtib koʻzga tashlanadi.

D. dastlab fransuz adabiyotida yaqqol namoyon boʻlgan. „Laʼnati shoirlar“ deb nom qozongan P. Verlen, A. Rembo, S. Mallarme kabi shoirlar yetakchilik qilgan simvolizm oqimiga D. nihoyatda kuchli taʼsir etdi. Keyinchalik P. Valeri, P. Klodel, P. For va b. asarlarida rivojlantirildi. O. Uayld (Angliya), M. Meterlink (Belgiya), R. Rilke (Avstriya), M. Prust (Fransiya) kabi 20-asrning 80—90-yillari adiblari ijodida ham aks etdi.

Italiyada D. lirik shoir J. Paskoli sheʼriyatida koʻzga tashlanadi. Uning ijodi uchun mistik kayfiyat, simvolizm bilan hamohanglik xos. 1900-yillarda D. taʼsirida Italiyada kuch-qudratga sigʻinishlik va urush oldidagi qoʻrquv kayfiyatidagi yangi oqim paydo boʻladi (G. Gotssano, M. Moretti, F. Martini va b.). D. boshqa qator mamlakatlarga ham yoyiladi. Mas, Germaniyada shoir S. George toʻgaragi paydo boʻlali. Bu toʻgarak aʼzolari ijodida Nitsshe gʻoyalari ruhidagi afsonaviylik hissiyoti ustunlik qiladi. Rossiyada D. simvolizm oqimiga mansub shoirlar ijodida oʻz aksini topadi, lekin bulardagi D. ekspressionizmga ancha yaqinlashib keladi.

Hayotdan qoniqmaslik, uning achchiq saboklari, yomonliklarga qarshi tinimsiz kurash, mavjud talabga javob bermaydigan narsalarni rad qilish kabi dekadentlarga xos boʻlgan xususiyatlar hozirgi ham jahon adabiyotida oʻz ifodasini topmoqda.