Dehqon xoʻjaligi
Dehqon xoʻjaligi - oilaviy mayda tovar xoʻjaligi. Oʻzbekistonda umuman D.x.ning shakllari juda koʻhna tarixga ega boʻlsada, xoʻjalik yuritishning bozor iqtisodiyoti sharoitlarida uning hozirgi tashkiliy tuzilmasi 90-yillarning oxirida paydo boʻldi.
D.x. oilaviy mayda tovar xoʻjaligi boʻlib, oila boshligʻiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida berilgan tomorqa yer uchast-kasida oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiradi va sotadi. D.x. faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va xoʻjalik aʼzolarining istagiga koʻra yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin. D.x. belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) aʼzolarining, boshqa qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi, korxona, muassasa va tashkilotlari xodimlarining oilalariga, shuningdek, qishloq joylarida yashovchi oʻqituvchilar, shifokorlar va b. mutaxassislarning oilalariga D.x. yuritish uchun tomorqa yer uchastkasi, imorat va hovli egallagan maydonni ham qoʻshganda, sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha, dasht va choʻl mintaqasida esa sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 1 gektargacha oʻlchamda beriladi.
Oʻzbekistonda D.x. tashkil qilish, ularning faoliyati va tugatilishining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan boʻladigan munosabatlari masalalari Oʻzbekistan Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan "Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida" qonuniga muvofiq tartibga solinadi.
Oʻzbekistonda 1,8 mln. D.x. bor (ularning 8,3 mingtasi yuridik shaxs maqomiga ega). Ularga ajratilgan yer maydoni 287,3 ming ga boʻlib, har bir D.x.ga oʻrtacha 0,16 ga yer maydoni toʻgʻri keladi. Respublika qishloq xoʻjaligi yalpi mahsuloti haj-mining 66% D. x. hissasiga toʻgʻri keladi (2001).
Qurbon Choriyev.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |