Davlat – fuqarolik huquqining subyekti
Davlat ham fuqarolik huquqining teng huquqli subyekti sifatida huquq va majburiyatlarni yuzaga keltiradi, oʻzgartiradi, bekor qiladi.
Har bir rivojlangan davlatning iqtisodiy tizimi mulkchilik munosabatlaridan boshlanadi. Tabiat inʼom etgan va insoniyat mehnati mahsullari doim mulk hisoblanib kelgan. Insonlarning qanchalik qimmatbaho mulkka egaligiga qarab, ularning jamiyatdagi sotsial oʻrni yuzaga kelgan. Mulkiy munosabatlarga asoslanmagan bironta iqtisodiyot boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining mustaqil davlat deb eʼlon qilinishi, uning xalqaro huquq subyekti, mustaqil suveren davlat sifatida tan olinishi Oʻzbekistonning oʻz boyligini oʻzi mustaqil tasarruf qilish imkoniyatini berdi. Endilikda bozor iqtisodiyoti sharoitiga oʻtayotgan Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy aloqalarning turlari va shakllarini mustaqil belgilash imkoniyatiga ega boʻldi. Darvoqe, Oʻzbekiston mustaqilligining moddiy asosi ham uning mol-mulkida namoyon boʻladi[1].
Oʻziga xos belgilari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolik huquqining boshqa subyektlari kabi teng huquqli ishtirokchi hisoblanadi. Lekin davlat — oliy hokimiyat, suverenitet sohibi boʻlgani tufayli fuqarolik huquqiy munosabat subyekti sifatida oʻziga xos bir qancha xususiyatlarga ega:
- Davlat fuqarolik-huquqiy munosabatlari subyekti sifatida fuqarolik huquqi subyektlari amal qiladigan qonunlarni oʻzi belgilaydi. Hech qaysi boshqa fuqarolik huquqining subyekti boshqa subyektlar amal qiluvchi qonun qabul qilish vakolatiga ega emas. Qonun qabul qilish faqatgina davlat va uning organlari tomonidan amalga oshiriladi va ijro etilishi taʼminlanadi.
- Davlat organlari fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi boʻladigan hujjatlar chiqarishi mumkin (Fuqarolik kodeksi 8-modda)[2]. Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlat nomidan ishtirok etishi mumkin boʻlgan subyektlar doirasi Fuqarolik kodeksining 79-moddasi 2-qismida belgilangan boʻlib, har qanday davlat organi tomonidan chiqarilgan normativ xarakterga ega boʻlmagan hujjatlar ham fuqarolik-huquqiy munosabatlarni vujudga keltirishi mumkin. Masalan Fuqarolik protsessual kodeksining 16-moddasiga asosan, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori va buyrugʻi barcha davlat organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida ijro etilishi lozim[3].
- Davlat immunitetdan foydalanadi, yaʼni davlat mol-mulkidan haq undirishga davlat organlari rozi boʻlgandagina yoʻl qoʻyiladi.Davlat immuniteti bu davlatning oʻz vakolatlarini oʻzi qabul qilgan qonun hujjatlari asosida amalga oshirishi, bunda fuqarolik-huquqiy munosabatdagi davlatning huquq va majburiyatlari faqatgina shu davlatning qonun hujjatlariga muvofiq belgilanishidir. Davlat immunitet sohibi sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qaysi turida ishtirok etishini ham faqat oʻzi belgilaydi. Masalan, FKning 457-moddasida davlat oʻz ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasida taraf sifatida ishtirok etishi belgilangan[2].
- Huquq va muomala layoqatini cheklash boʻyicha boshqa subyektlarga taalluqli boʻlgan qoidalar davlatga nisbatan tadbiq etilmaydi. Davlat ham fuqarolik-huquqiy munosabatlarda boshqa ishtirokchilar kabi muayyan huquq va majburiyatlarga ega boʻladi. Bu esa oʻrnida huquq va muomala layoqatini keltirib chiqaradi. Baʼzi holatlarda davlatning huquq layoqati fuqarolar va yuridik shaxslarning huquq layoqatidan kengroq boʻlsa, baʼzi holatlarda davlatning huquq va burchlari cheklanadi. Masalan, fuqarolar huquq layoqatining mazmunini tashkil etuvchi huquqlar jumlasiga shunday huquqlar kiritilganki, bunday huquqlar davlatda mavjud boʻlmaydi. Masalan, FKning 18-moddasiga muvofiq, fuqarolar mol-mulklarini vasiyat qilib qoldirishlari, yollanma mehnatdan foydalanishlari, mashgʻulot turini va yashash joyini tanlashlari, intellektual faoliyat natijalarining mual mualliflik huquqlariga ega boʻlishlari mumkin. Davlatda esa, bunday huquqlar mavjud emas. Davlatda boʻlmagan baʼzi huquqlar borki, ularni faqat fuqarolik huquqining boshqa subyektlarida koʻrishimiz mumkin. Masalan, shaxsiy mulkka ega boʻlish, mulkni meros qilib qoldirish, fan, adabiyot va sanʼat asarlari muallifi boʻlish kabilar.
- Davlatda shunday imkoniyatlar borki, bu huquqlar fuqarolik huquqining boshqa subyektlarida yoʻq. Masalan, merosxoʻrlari boʻlmaganda mol-mulkni egallash, qimmatli qogʻozlar chiqarish. Shu bilan birga, maxsus huquqiy munosabatlar sohasi ajratilganki, garchi fuqarolik huquqining boshqa subyektlari ham ushbu munosabatlarda ishtirok etishlari mumkin boʻlsa-da, ularning toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etishlari taqiqlanadi[4]
Turli olimlarning nazariyalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu borada huquqshunos olimlarning davlat huquq layoqatini nomlashda turlicha qarashlari mavjudligini koʻrishimiz mumkin. Koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan umumiy[5], maxsus[6], universal[7], maqsadli[4] va alohida[8] kabi talqinlar mavjud. Yuridik fanlar doktori, professor Rahmonqulovning bu boradagi tahlili shuki, davlat va uning ommaviy-huquqiy tuzilmalarining fuqarolik-huquq layoqati, ham umumiy (universal) va ham maxsus xarakterga ega boʻlishi mumkinligini, bunday boʻlishi davlatning fuqarolik huquqining alohida subyekti ekanligi va uning ishtirokida amalga oshiriladigan munosabatlarning turlari va xususiyatlariga bogʻliqligini, fuqarolik munosabatlarida davlat xususiy manfaatni ifodalasa umumiy, ommaviy hokimiyat faoliyatini amalga oshirsa maxsus xarakterga ega boʻlishligini taʼkidlaydi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „"O`zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi Asoslari to`g`risida"gi Konstitutsiyaviy qonuni“ (o'zbek) (doc) (1991-yil 31-avgust). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
- ↑ 2,0 2,1 „Fuqarolik kodeksi“ (o'zbek tili) (1997-yil 1-mart). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
- ↑ „Fuqarolik protsessual kodeksi“ (o'zbek) (2018-yil 1-aprel). Qaraldi: 2022-yil 24-iyul.
- ↑ 4,0 4,1 А.П.Сергеев, Ю.К.Толстой. Fuqarolik huquqi (6-е изд) (rus tilida) — 220-bet. ISBN 978-5-534-11329-7.
- ↑ RFR ning fuqarolik huquqi (rus tilida). Спарк, 1997-yil — 436-bet. ISBN 5-88914-022-1.
- ↑ С. Н. Братуся. Fuqarolik huquqining subyekti (rus tilida). Ленинград: Изд-во Ленингр. ун-та, 1984 — 270-bet.
- ↑ Т.А.Илларионова, Б.М.Гонгало, В.А.Плетнев. Grajdanskoe pravo., 1998 — 140-bet.
- ↑ Borotov M.X. Fuqarolik-huquqiy munosabatlar subyekti sifatida davlat ishtirokining nazariy va amaliy muammolari. YUrid.fan.dokt. diss., Avtoreferat (o'zbek tilida), Toshkent, 2007 — 20-bet.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash][1] Fuqarolik huquqi — oʻquv qoʻllanma.
[2][sayt ishlamaydi] Davlat va fuqaro o‘rtasida yuzaga keladigan nizolar inson foydasiga hal qilinadi.