Dashti qipchoq oʻzbeklari
Dashti Qipchoq oʻzbeklari - qadimdan Dashti Qipchoqning sharqiy qismida koʻchib yurgan turkiy-moʻgʻul qabilalari. Arlot, bahrin, burqutyaar, doʻrmon, iyjon, xitoy, qarluqlar, majar, qipchoq, qiyot, qoʻngʻirot, qurlovut, mangʻit, nayman, nukuz, tangut, uygʻurlar, merkit, qoʻshchi, oʻtarchi, jot, chimboy, kenagas, uysun, tuboyi, toymas, echki, tuman-ming, shodbaxtli, shunqorli va boshqa qabilalar 13-asr oxiri va 14— 16-asrlarda oʻtgan Sharq tarixchilari tomonidan umumiy bir nom bilan "oʻzbek" deb atalgan. Hamdulloh Qazviniy (1281 — 1350) ning "Tarixi guzida" ("Tanlangan tarix") asarida Oltin Oʻrda xoni Oʻzbekxonga tobe yerlar va xalqlar haqida fikr yuritiladi va bu qabilalar koʻchib yurgan yerlar, yaʼni Sharqiy Dashti Qipchoq esa "ko'chmanchi oʻzibeklar mamlakati" deb koʻrsatiladi. "Oʻzbek" (oʻzibek) atamasini qabilalar uyushmasi va shu qabilalarga qarashli yerlarning nomi sifatida Oʻzbekxon davriga qadar ham qoʻllangan. Masalan, Mirzo Ulugʻbek oʻzining "Tarixi arbaʼ ulus" ("Toʻrt ulus tarixi") nomli tarixiy asarida, Oʻzbekxonning hokimiyat tepasiga kelishi zikrida, "oʻzbek ulusi unga berildi", deb yozadi. Roʻzbexon "Mehmonnomai Buxoro" kitobida Dashti Qipchoq oʻzbeklari 3 toifadan: shayboniylar (Shaybon ulusiga kirgan qabilalar), qozoqlar va mangʻitlarsan tashkil topganligini koʻrsatadi. Shaybon ulusi, manbalarning maʼlumotlariga koʻra, 1238-yilda tashkil topgan va Ural togʻining etaklaridan Tobol va Sarisuv daryolarigacha boʻlgan yerlarni oʻz ichiga olgan [uning jan. chegarasi Orol dengizining shim. sohili, shim. chegarasi esa Chingi Tura (Tura)da boʻlgan]. Mangʻit ulusi Emba bilan Jayiq daryolari oraligʻidagi yerlarga joylashgan. Mangʻitlar 15-asrning 30 yillarida Abulxayrxonga boʻysundilar. Qozoqlar atamasi etnonim sifatida 1446-yildan boshlab paydo boʻldi. Oq Oʻrda xoni Oʻrusxon avlodi boʻlgan sultonlar: Kereyxon (Kirayxon) va Jonibek 15-asrning 40- yillarida Abulxayrxonga boʻysunishdan bosh tortib, oʻz tarafdor-tobelari bilan Chu va Yettisuv vohasiga ko'chib ketdilar va oradan koʻp oʻtmay Qozoq xonligiga asos soldilar (1465-yil). Abulxayrxondan qochib ketgan bu qabilalar tarixda "qozoq" nomini oldilar.
Dashti Qipchoq oʻzbeklari asosan chorvachilik bilan shugʻullangan, vohalarda qisman dehqonchilik qilishgan. Dashti Qipchoq oʻzbeklari faqat Oʻzbekxon zamonida islom dinini qabul qilganlar, lekin ularning urfodatlarida maʼjusiylikning ayrim alo-matlari saqlanib qolgan. Keyingi asrlarda Dashti Qipchoq oʻzbeklari Oʻrta Osiyo va Sharqiy Turkistondagi bir necha xalqning tarkibiga kirgan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Boʻriboy Ahmedov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |