Kontent qismiga oʻtish

Daniya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Daniya qirolligidan yoʻnaltirildi)
Daniya Qirolligi
Kongeriget Danmark
ShiorQirolicha shiori: Guds hjælp, Folkets kærlighed, Danmarks styrke
Madhiya: Civil: Der er et yndigt land
Location of Daniya
Poytaxt Kopengagen
Rasmiy til(lar) Dan tili
Hukumat Konstitutsion Rohiblik
• Rohib
Frederik X
Lars Løkke Rasmussen
Mustaqillik
Maydon
• Butun
43,094 km2 (130-oʻrin)
• Suv (%)
1.53
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
5,432,335 (109-oʻrin)
• Zichlik 126/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$181,600 mil. (46-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$33,429
Pul birligi Danish Krone (DKK)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma DA
Telefon prefiksi 45
Internet domeni .dk

Daniya (Danmark), Daniya qirolligi (Konqeriqet Danmark) — Yevropaning shimoli-gʻarbidagi davlat, Yutlandiya ya. orolning katta qismini va unga yaqin orollar guruhi (Zelandiya, Fyun, Lollann, Falster va boshqa)ni oʻz ichiga oladi. Maydon 43043 km2 (Grenlandiya va Farer orollaridan tashqari); Aholisi 5,95 mln. kishi (2023). Poytaxti — Kopengagen shahri. Maʼmuriy jihatdan 14 amt (viloyat)ga, amtlar esa kommunalarga boʻlinadi. Kopengagen va Frederikeberg shaharlari mustaqil maʼmuriy birlikka ajratilgan boʻlsa ham, ammo amtlarga tenglashtirilmagan. Ichki muxtoriyatdan foydalanuvchi Farer orollari va Grenlandiya orol Daniya qirolligi tarkibiga kiradi. Daniya aholisi 2023-yil 1-oktyabr ma‘lumotlariga ko‘ra,5 804 228 kishini tashkil etdi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniya— konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1953 yil 5 iyunda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — qirol (qirolicha, 1972 yildan qirolicha Margrete II). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirolicha bilan folketing (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Folketing 179 deputatdan iborat. Ular umumiy toʻgʻri va yashirin ovoz berish yoʻli bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ijroiya hokimiyatni qirol (qirolicha) amalga oshiradi. U bosh vazir va hukumat aʼzolarini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi.

Daniya hududi keng bargli o‘rmonlar zonasida joylashgan, yer yuzasi tekislik. Eng baland joyi Yutlandiya yarim oroldagi Ayer-Bavnexoy tepaligi (172 m). Toʻrtlamchi davrda yer ustini qoplagan muzlikning izlari saqlanib qolgan. Yutlandiya yarim orol va boshqa orollarning sohillarida qoʻltiqlar va boʻgʻozlar koʻp. Daniyada qazilma boyliklar oz. Kaolin, boʻr, neft, torf, qoʻngʻir kumir, gaz va tuz konlari bor. Iqlimi moʻʼtadil dengiz iqlimi, yozi salqin, bahor va kuz fasllari uzok, davom etadi. Kishi yumshoq. Fevralda oʻrtacha temperatura 0°, iyulda 15—16°. Yillik yogin 600–900 mm. Yogʻinning koʻp qismi kuzda yogʻadi, bahorda va yozda yogʻin kam boʻladi. Tez-tez tuman tushadi. Daryolari juda qisqa (eng kattasi Gudeno, 158 km). Kichik oqar koʻl koʻp. Mamlakat gʻarbining tuprogʻi podzol, sharqiniki qoʻngʻir oʻrmon tuproqlardir. Bu yerlarda dehqonchilik qilinadi. Dengiz sohillarida oʻtloqi allyuvial tuproq, karbonat jinslarda esa karbonatli qoʻngʻir tuproqlar paydo boʻlgan. Hududining 10 % ga yaqini oʻrmon bilan band. Qaragʻay, qoraqaragʻay, qoraqayin va dub oʻrmonlari bor. Bu oʻrmonlarda yovvoyi xayvonlardan ohu, asil va chipor bugʻu, elik, tiyin, tustovuq uchraydi. Sohillarda parranda koʻp. Yirik qoʻriqxonalari: Xesselyo, Vorse.

Aholisining 98 % danlar; olmonlar va frizlar ham bor. Aholining oʻrtacha zichligi bir km2 ga 114 kishi. Aholining 84,9 % shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — dan tili. Dindorlarning 91 % — lyuteranlar. Yirik shaharlari: Kopengagen, Orxus, Odense, Olborg .

Daniya hududida odam qadim zamonlardan beri yashab kelgan. 5—6-asrlarda bu yerga danlar qabilasi kelib joylashgan va 8-asrda ular Daniyadagi asosiy qabilaga aylangan. Mamlakat nomi shu qabila nomidan kelib chiqqan. Daniya davlati 9—10-asrlarda shakllangan. 11-asr boshlarida Buyuk Knud 1 hukmronligi davrida Angliya va Norvegiya Daniyaga qisqa vaqt qaram boʻlib turdi. Valdemar I (115782), Knud VI (1182-1202) va Valdemar II (1202—41) qirollik qilgan davrlarda Daniya davlati birmuncha mustahkamlangan. Skandinaviya davlatlari orasida Daniya iqtisodiy taraqqiy etgan va siyosiy jihatdan kuchli boʻlgan. 1380 yil D.Norvegiya uniyasi (ittifoqi) tuzilgan. 1397 yil (Margarita davrida) barcha Skandinaviya davlatlari Kalmar uniyasiga muvofiq Daniya qirolligiga qoʻshildi.

16-asrning 2-yarmidan yirik xususiy yer egaligi rivojlana boshladi. Daniya Boltiq va Shimoliy dengiz savdo yoʻlida muhim geografik oʻrin egallagani tufayli moddiy jihatdan birmuncha fonda koʻrar edi. Boltiq dengizida oʻz hukmronligini mustahkamlash va Shvetsiyani uning tarkibida ushlab turish maqsadida Daniya bilan Shvetsiya oʻrtasida koʻp marta boʻlib oʻtgan urushlar Daniyaning magʻlubiyati bilan tugab, Boltik, dengizida Shvetsiya hukmron boʻlib oldi. 17-asrga kelib Daniyada dastlabki ixtisoslashgan qirol manufakturalari paydo boʻlib, ular davlatning oʻq-dori, qurol-aslaha va harbiy anjomga boʻlgan ehtiyojini qondirib turdi.

1660 yil Daniya davlati merosiy monarxiya deb eʼlon qilindi. Frederik III (1648—70 yillarda idora qilgan) tomonidan eʼlon qilingan qonun (1665) Daniya absolyut monarxiyaga aylanganini yuridik jihatdan tasdiqladi. Rigsrod (yirik feodallar organi) bekor qilinib, rigsdag (tabaka vakillari majlisi) ham chaqirilmaydigan boʻldi. Mamlakatni markazlashtirish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. 1751—70 yillarda hukumatga boshchilik qilgan graf Bernstorf utkazgan merkantilizm siyosati Daniyaning xoʻjalik ahvolini ogʻirlashtirdi.

Napoleon urushlarida Fransiya tomonida urushda qatnashgan Daniya magʻlubiyatga uchrab, birmuncha hududidan ajraldi va xoʻjaligiga katta zarar yetdi. 1840 yil milliy liberal partiya tuzildi (1870 yil tarqatib yuborildi). 1849 yil iyun konstitutsiyasiga muvofiq Daniya ikki palatali cheklangan monarxiyaga aylandi. Shu yili yirik yer egalari manfaatini himoya qiluvchi konservativ partiya (Xoyre partiyasi) tuzildi. 1848—50 yillardagi D.Prussiya va 1864 yilgi Avstriya-Daniya urushlaridan soʻng Shlezvig, Golshteyn va Lauenburgdan ajrab, yagona milliy davlatga aylandi. 70-yillarda Xoyre partiyasi bilan Venstre partiyasi oʻrtasida siyosiy hokimiyat uchun boʻlgan kurashda qishloq sarmoyadorlari manfaatini himoya qilgan Venstre partiyasi gʻalaba qozondi.

19-asr oxiri — 20-asr boshlarida roʻy bergan siyosiy va ijtimoiy uzgarishlar 1915 yilgi konstitutsiyada oʻz aksini topdi. Birinchi jahon urushida Daniya betaraf turdi.

1930-yillardagi jahon iqtisodiy buhroni Daniya iqtisodiyotiga katta salbiy taʼsir etdi. 1940 yil aprelda Olmoniya Daniyani bosib oldi va uni oʻzining oziqovqat bazasiga aylantirdi. 1942—43 yillarda mamlakatda qarshilik koʻrsatish harakati avj oldi. 1943 yil sentabrda qarshilik koʻrsatish qarakatining rahbar organi hisoblangan Ozodlik kengashi tuzildi. 1945 yil 5 mayda mamlakat toʻla ozod qilindi. D.— 1945 yildan BMT aʼzosi. 1949 yil 4 apreldan Shimoliy Atlantika pakti (NATO) aʼzosidir.

Milliy bayramlari — 16 aprel — Qirolicha tugʻilgan kun (1940), 5 iyun — Konstitutsiya kuni (1849). Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil 25 yanvarda oʻrnatgan.

Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Venstre, soʻl liberal partiya, 1870 yilda tuzilgan; Konservativ xalq partiyasi, 1916 yilda tuzilgan; Taraqqiyot partiyasi, 1972 yilda asos solingan; Radikal soʻl partiya, 1905 yilda tuzilgan; Daniya sotsial-demokratik partiyasi, 1871 yilda asos solingan; Sotsialistik xalq, partiyasi, 1959 yilda tuzilgan; Xristian xalq partiyasi, 1970 yilda asos solingan; Markaz demokratlari partiyasi, 1973 yil tuzilgan; Daniya xalq partiyasi, 1995 yilda tashkil etilgan. Daniya kasaba uyushmalari markaziy birlashmasi, 1898 yilda tuzilgan boʻlib, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Shimoliy Yevropa kasaba uyushmalari kengashiga kiradi.

Daniya yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar mamlakat boʻlib, boshqa davlatlar bilan keng iqtisodiy aloqa bogʻlagan. Xususiy sarmoya ustunlik qiladi. Yalpi milliy mahsulotning 30 % davlat sektoriga toʻgʻri keladi. Yalpi ichki mahsulotda sanoat va qurilishning ulushi 26,4 %, qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikning ulushi — 3,5 %. Yalpi mahsulotning 40 % dan koʻprogʻi chetga sotiladi.

Sanoatida neft, tabiiy gaz, kaolin qazib chiqarish katta oʻrin oladi. Ikkinchi jahon urushi (1939—45)dan keyin mashinasozlik sanoati rivoj topdi. Kimyo sanoati, neftdan turli mahsulotlar ishlab chiqarish ham rivojlangan. Yoqilgʻiga boʻlgan ehtiyojning bir qismi chetdan keltiriladigan neft va neft mahsulotlari hisobiga qondiriladi. Sanoatda mayda va oʻrta korxonalar koʻp. Kemasozlik alohida oʻrin tutadi; eng yirik sanoat markazlari: Kopengagen, Odense, Xelsingyor, Nakskov. Mashinasozlikning boshqa tarmoqlari asosan kema dizellari, sement va oziq-ovqat sanoati uchun asbob-uskunalar, elektr motor, transformator, radiopriyomnik, televizor, magnitofonlar ishlab chiqaradi (asosiy markazlari Kopengagen, Odense). Kimyo sanoati doridarmon, fosfatli va azotli oʻgʻitlar, sintetik smola va plastmassalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Toʻqimachilik, trikotaj va tikuvchilik sanoatining asosiy markazlari Yutlandiyaning sharqi va shimolida joylashgan (Vayle, Xerning, Viborg va boshqa). Mamlakatning turli joylarida oziq-ovqat, xususan sut va goʻsht sanoati korxonalari barpo etilgan. Yiliga oʻrtacha 30 mlrd. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. 90-yillarning oʻrtalarida neft qazib olish eng yukrri darajaga yetdi (7 mln. tonna).

Kishloq xoʻjaligi Daniya iqtisodiyotining eng mahsuldor tarmogʻi hisoblanadi. Mamlakatda 80 mingga yaqin fermer xoʻjaligi bor. Ular yuksak hosildorlikka erishadilar va mahsulotning asosiy qismini chet ellarga sotadilar. Daniya hududining 70 % (3 mln. ga) qishloq xoʻjaligida foydalaniladi. Qishloq xoʻjaligi tovar mahsuloti umumiy qiymatining 90 % ini chorvachilik beradi. Aholi jon boshiga sut, yogʻ va goʻsht yetishtirishda dunyoda oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. Dehqonchiligi yuqori darajada mexanizatsiyalashgan. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa boqiladi, parrandachilik rivojlangan.

Temir yoʻl uzunligi 3 ming km dan ortiq, undan 2470 km elektrlashtirilgan. Avtomobil yoʻllari uzunligi 71 ming km. Asosiy porti — Kopengagen. Tashqi savdosi yalpi ichki mahsulotning 37 % ini tashkil etadi. Chetga asosan mashina va asbob-uskunalar, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari chiqaradi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Olmoniya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya. Pul birligi — Daniya kronasi.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniya maorif tizimining ilk boʻgʻini — bolalar bogʻchalari. 6 yoshdan bolalar uchun 9 yillik majburiy taʼlim joriy etilgan. Boshlangʻich maktablarda oʻqish muddati — 7 yil, kichik oʻrta (real) maktablarda 3 yil, yuqori oʻrta maktab (gimnaziya)larda 3 yil, xunar-texnika bilim yurtlarida 1 — 3 yil Bolalarning 90 % bepul davlat maktablarida taʼlim oladi. Oliy oʻquv yurtlariga gimnaziya attestatlari asosida tanlov yoʻli bilan qabul qilinadi. 5 ta universitet, 3 ta texnika universiteti, 20 ga yaqin institut va kollejlarda oliy maʼlumot beriladi. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Kopengagen (1479 yilda asos solingan) va Orxus (1928 yilda asos solingan) universitetlari, Daniya muxandislik akademiyasi, Kopengagen texnika universiteti. Ilmiy muassasalari: Daniya qirolligi fanlar akademiyasi (1742 yil Kopengagen shahrida tashkil etilgan, 210 dan ortiq aʼzosi bor), Nafis sanʼat akademiyasi (1754 yilda asos solingan), Daniya qirolligi texnika fanlari akademiyasi (1937 yil Lingbi shahrida tashkil etilgan, 580 dan ortiq aʼzosi, 25 ilmiy tadqiqotlar instituti va assotsiatsiyalari bor), 20 dan koʻproq ilmiy tadqiqotlar muassasalari va boshqa Kutubxonalari: Kopengagendagi Qirollik va Munitsipal, Orxusdagi davlat va universitet kutubxonalari va boshqa Muzeylari: Kopengagendagi milliy qirollik nafis sanʼat muzeyi, Kirollik dengiz muzeyi, Odensedagi X. K. Andersen uymuzeyi va boshqa.

Matbuoti, radioeshittirishi va te-lekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniyada nashr etiladigan yirik gazeta va jurnallar: „Informashon“ („Axborot“, kundalik gazeta, 1943 yildan), „Nyu dag“ („Yangi kun“, kundalik kechki gaz.), „Politiken“ („Siyosat“, kundalik gazeta, 1884 yildan), „Ekstra bladet“ („Favqulodda gazeta“, kundalik gazeta, 1904 yildan), „Billed bladet“ („Suratli haftanoma“, haftalik suratli jurnal, 1938 yildan), „Nyu politik“ („Yangi siyosat“, oylik jurnal, 1967 yildan).

Ritsaus byuro — Daniya axborot agentligi 1866 yilda tuzilgan. Daniya radio va televideniyesi rasmiy ravishda mustaqil hisoblansa ham, amalda yarim davlat tashkilotidir. Mamlakatdagi barcha radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarni Daniya radiosi davlat tashkiloti nazorat qiladi.

Qadim zamonlardan Daniyada boy ogʻzaki xalq ijodiyoti paydo boʻlgan. Dastlabki yozma yodgorliklar 12-asrda lotin tilida yaratilgan. Sakson Grammatikning „Danlarning ishlari“ tarixiy asari (12—13-asrlar) maʼlum. 13— 14-asrlarda dan tilida yaratilgan asarlar, chet tillardan qilingan tarjimalar tobora koʻzga tashlana boshladi. K. Pedersen (1480—1554)ning xalqchil ijodi, „Bibliya“ni tarjima qilishidan adabiy tilining rivojiga asos soldi. 18-asr adabiyotida maʼrifatparvarlik gʻoyalari keng targʻib qilindi. L. Xolber oʻtkir hajviyalari bilan shuhrat qozondi. 19-asr boshlarida A. Elenshleger, N. F. Grundtvig, S. S. Bliker, K. Vinter kabi romantiklar dehqonlar turmushi va tabiat goʻzalliklarini tasvirladilar. 19-asrning 30-yillari adabiyotiga realizm unsurlari kirib keldi. Bir yoki ikki pardali (kichik) komediya janri rivojlandi, psixologik tahlil chuqurlashdi. Bu davrda Xans Andersen ertaklari shuhrat qozondi.

40-yillarda ijtimoiy ziddiyatlarning chuqurlashuvi siyosiy lirika va satiraning rivojiga taʼsir etdi. 70-yillar adabiyotida realizm chuqurlashdi. Mashhur realist yozuvchi Ye. P. Yakobsen „Nils Lyune“ romanida kiborlarning fojiali taqdirini psixologik asosladi. X. Draxman, K. Gyellerup, E. Brandes kabi realist adib va shoirlar yirik asarlar yaratdilar. l-jahon urushi davri (1914—18) adabiyotida „noumid avlod“ kayfiyatlari paydo boʻldi. 20-asrning 20 — 30-n.larida realistik proza yuksaldi. X. R. Kirk, E. Kristensen, K. Bekker, X. Xerdal, M. Klitgor, X. Pontoppidan, Y. Yensen romanlarida mehnatkashlar hayoti haqqoniy aks etdi, 30-yillarda, keyinroq Qarshilik koʻrsatish harakati davrida (1940-45) M. Andersen-Nekse, X. Sherfig, X. R. Kirk, Martin Nilsen kabi yozuvchilar ijodi fashizmga qarshi ruh kasb etdi, ular qamoq va konslagerlarda ham kurashni davom ettirdilar. Urushdan keyingi yillarda X. Vulf, T. Ditlevsen, X. L. Yepsen realistik asarlar yozishdi, 60—80-yillarda adabiyotga kirib kelgan yozuvchilar yangi shakllar izlashdi, voqelikni falsafiy idrok etishga intilishdi.

Daniya hududida qadimgi meʼmoriy davrga (mil. av.) xos sanʼat va meʼmoriy yodgorliklar (Trelleborg, Aggersborg qalʼalarining harobalari va boshqa) mavjud. Daniyada yagona qirollik tuzilib (10-asr), xristianlik qabul qilingach, dastlab yogʻochdan, 11-asr urtalarida esa toshdan ibodatxonalar qurildi. Roman davrida (12-asr—13-asr boshi) xoch shaklida sobor va qalin devorli cherkovlar solindi. Gotika davrida (13-a,—16-asr 30-yillari) Roskill va Odenseda yirik ibodatxonalar, qalin, baland devor va minorali qasrlar barpo etildi. 16—17-asrlarda renessans taʼsirida bezatilgan saroylar, jamoat va turar joy binolari qurish anʼana boʻldi. 18-asr 1-yarmida binolar barokko uslubida, 2-yarmida esa klassitsizm uslubida qurila boshladi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida milliy romantizmga xos binolar yaratildi. K.F. Harsdorf Daniya klassitsizmining atokli namoyandasidir. 20-yillarda neoklassitsizm, 30-yillarda esa funksionalizm (X. Kampman, V. Lauritsen kabi meʼmorlar) uslubi tarqaldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Kopengagen, Odense, Ryonne kabi shaharlar qayta tiklandi. 60—90-yillarga kelib koʻp (8—12) kavatli turar joylar kurildi. Uy-joy va sanoat zonalarini, qatnov yoʻllarini qulay joylashtirishga, koʻkalamzorlashtirishga katta eʼtibor berildi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniya hududidan tosh, jez, temir davri madaniyat yodgorliklari topilgan (kahrabo haykalchalar, urush va ov manzaralarining toshga oʻyilgan tasvirlari, qurol-yarogʻlar, ziynat buyumlari, kumush idishlar, oltin tangalar va boshqa). Roman davri (12— 13-asrlar) monastirlari naqshlar bilan bezatilgan. Gotika davri (13-asr—16-asr boshlari) soborlaridagi naqshlarda realistik elementlar mavjud. 15-asrning 2-yarmida Daniyaga Olmoniya, Niderlandiya, Fransiyadan koʻplab rassom va ustalar koʻchib keldi. Kopengagenda Badiiy akademiya tashkil etilishi (1754) va klassitsizm taraqqiyoti Daniya milliy rassomlik maktabining tashkil topi-shiga olib keldi. 19-asr 1-yarmida rassomlik sanʼatida K. V. Ekkersberg va uning izdoshlari K. Kyobke, V. Bends va boshqa ijodida lirizm, voqelikning bevosita tasviri kuchli boʻldi. 20-asr boshlarida Daniya sanʼatiga fovizm, kubizm, 30-yillar oʻrtalaridan impressionizm va abstraksionizm kabi turli oqimlar kirib keldi. Realizm ruhida ijod etuvchi orol Rude, X. Yensen, X. Bidstrup kabi rassomlar ijodi abstraksionizm va boshqa modernistik oqimlarga qarama-qarshi turdi. Neoklassitsizm tamoyillari asosida ijod etuvchi rassomlar ham bor. Keyingi yillarda maishiy va siyosiy mavzular rassomlarni koʻproq qiziqtira boshladi.

Yevropada eng qad.lardan. Daniya hududida mil. av. 4-asrga oid puflama musiqa cholgʻusi topilgan. 12-asrgacha milliy musiqa ijodi janrlari qahramonlik eposi, marosim qoʻshiqlari, raqs kuylari bilan cheklangan. 12-asrdan professional diniy musiqa, 15-asrdan dunyoviy musiqa namunalari, 17-asrdan musiqashunoslik asarlari paydo boʻldi. 18-asr oxiridan Daniya musiqasi oʻziga xos milliy xususiyatga ega boʻlgan. F. Kunsenning dastlabki milliy operasi „Xolger Danske“, I. Shulsning milliy harakterdagi zingshpillari fransuz hajviy opera unsurlarini oʻziga singdirdi. Milliy simfonizm bunyodkori N. Gade hamda zamonaviy kompo-zitorlik maktabi asoschisi K. Nilsen nomlari Yevropa musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan munosib oʻrin olgan. 20-asr 1 -yarmida musiqa markazlari — Daniya konsert jamiyati, Daniya musiqachilari uyushmasi, kompozitorlari uyushmasi, Filarmoniya jamiyati, Daniya radiosining xor va orkestri tashkil etildi. Daniyada 5 konservatoriya, 10 simfonik orkestr, Musiqa tarixi muzeyi (1898 yildan), „Daniya musiqa nashriyoti“ (1871) bor. Yirik musiqa markazlari — Kopengagen, Odense.

Qadimgi Skandinaviya koʻshiqchilari — skaldlar ijodida teatr sanʼati uchqunlari boʻlgan. Oʻrta asrlarda Daniyada misteriya, masharabozlik, ibodat marosimlari, odob ruhidagi ibratomuz tomoshalar ommalashdi, maktab oʻquvchilari turli spektakllar qoʻya boshladi. Professional teatr esa, 18-asrning 20-yillarida vujudga keldi. 1722 yil Kopengagenda „Danlar sahnasi“ nomli birinchi milliy teatr tuzildi. 1770 yildan bu teatr „Daniya qirolining teatri“ deb yuritila boshladi. Teatr sahnasidan L. Xolberg komediyalari, Y. Evaldning dramalari, jahon klassikasi pyesalari keng oʻrin oldi. Y. L. Xeyberg, N. P. Nilsen, Y. K. Ryuge, A. Nilsen, I. L. Fister kabilar 19-asr yetakchi aktyorlaridir. 20-asr boshida naturalistik va dekadentlik pyesalari koʻp qoʻyilishi Daniya teatrini tanazzulga olib keldi. Lekin 20-yillarning oxiridan „Ishchilar teatri“, „Ijtimoiy teatr“, „Betti Nansen teatri“da klassik va chet el ilgʻor mualliflari pyesalarining qoʻyilishi bilan Daniya teatri yangi bosqichga koʻtarila boshladi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng qarshilik koʻrsatish harakati qahramonlarining jasoratini aks ettiruvchi va dolzarb masalalarga bagʻishlangan asarlar sahnalashtirildi. Opera va balet rivojlana boshladi. Aktyorlar Kopengagen davlat drama maktabida tayyorlanadi.

Milliy kinofilmlar 1897 yildan ishlab chiqarila boshlandi, bir necha hujjatli lentalar suratga olindi. 1910-yillarda Daniya kinematografiyasi dunyoga taniddi. 1903 yilda „Katl“ badiiy filmi (rejissyor L. Elfelt) yaratildi, 1906 yilda Kopengagenda „Nordisk“ kinostudiyam tashkil etildi. „Arslon ovi“ (1907, rejissyor va aktyor V. Larsen) dastlabki xalqaro muvaffaqiyat keltirdi. „Ajal raqsi“, „Vilgelm Tell“, „Hamlet“ kabi mashhur asarlar sahnalashtirildi, komediya va melodramalar suratga olindi. Birinchi jahon urushidan keyin kinofilmlar ishlab chiqarish kamaydi, asosan sayoz, siyqa musiqali kinokomediyalar yaratildi. 2-jahon urush yillarida oilaviy muammolar va tarixiy vokealarni tasvirlovchi filmlar ekranlashtirildi. „Kalamushlar bilan jang“, „Bugʻdoy xavf ostida“ nomli hujjatli lentalarda kurashga chorlovchi pinhona gʻoyalar aks ettirildi. Urushdan keyin ilgʻor kinorej.lar Daniya qarshilik koʻrsatish harakatiga, bolalar tarbiyasiga, ijtimoiy illatlarni hajv qilishga asosiy eʼtibor berdilar. X. Karlsen, P. Kyerulf-Shmidt, E. Balliga, L. va S. Gryonlyukk, N. va K. Rifbyerg kabi rejissyorlar yaratgan filmlarda chuqur dramatik konflikt va ijtimoiy muammolar ham aks etdi. Daniyada hujjatli va qisqa metrajli filmlar ayniqsa shuhrat qozondi. 60—90-yillarda koʻngil ochar hajviy filmlar koʻproq yaratildi. Kopengagenda kinomuzey, kinomaktab bor. Yiliga 25 toʻla metrajli, 50 qisqa metrajli film ishlab chiqariladi.

Oʻzbekiston — Daniya munosabatlari. Ikki mamlakat oʻrtasida „Investitsiyalarni oʻzaro qimoyalash va ragʻbatlantirish toʻgʻrisida“gi va Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida „Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida“gi bitim asosida oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yoʻlga qoʻyildi. 2000 yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 7,8 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Oʻzbekistan Daniyadan yogʻoch buyumlar, doridarmon, qand-shakar, qandolat mahsulotlari, kakao, spirtli va spirtsiz ichimliklar, gʻalla va yorma, mexanik asbob-uskuna, kimyoviy mahsulotlar, poyabzal, oʻyinchoklar sotib oladi. Buning evaziga Oʻzbekistan sayyohlik va yuk tashish sohasida xizmat koʻrsatadi. Oʻzbekiston Daniyaga qayta ishlangan sabzavot va mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari, hoʻl meva va yongʻoq yuboradi, turli xizmatlar koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida Daniya sarmoyadorlari ishtirokidagi 6 korxona, shu jumladan Daniya sarmoyasi 100 % boʻlgan 2 korxona ishlab turibdi. Oʻzbekistonda Daniyaning „Novo Nordisk“ va „York refrijereyshn“ kompaniyalarining vakolatxonalari ochilgan.[1]

Qisqacha tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

IV asrda Daniya hududiga brittlar va yutlar kirib kelishdi, keyinchalik ular Britaniyaga koʻchishdi, Yutlandiya yarim orolini esa danlar egallashdi.

Davlat tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniyaning davlat tuzilishi — 1953-yil 5-iyundagi konstitutsiya asosida konstitutsiyon monarxiya.

Administrativ birlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daniya regionlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2007 yilning 1 yanvarigacha Daniya 14 qismga — amtlarga boʻlingan edi. 2007 yilgi munisipal reformaga muvofiq amtlar 5 ta katta administrativ regionlarga boʻlindi:

Poytaxt regioni Zelandiya Shimoliy Yutlandiya Markaziy Yutlandiya Janubiy Daniya

Har bir viloyat oʻz navbatida munitsipolitet yoki kommunalardan (dan. Kommune) iborat.

Daniya Yutlandiya yarim oroli va Fyun, Zelandiya, Falster, Lollan va boshqa orollarda joylashgan. Daniya tarkibiga dunyodagi eng yurik orol — Grenlandiya kiradi.

Daniya — yuqori rivojlanishga ega industrial-agrar mamlakat. Asosiy eksport mahsulotlari mashinasozlik tovarlari, goʻsht va goʻsht mahsulotlari, sut mahsulotlari, baliq.

Aholisi — 5,5 mln. (2008 yil, iyul oyiga baho). Oʻrtacha umr koʻrish koʻrsatkichi — erkaklarda 76 yil, ayollarda 81.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil