Dagʻal junli qoʻylar
Dagʻal junli qoʻylar - qoʻylarning dagʻal jun beradigan zotlari. Mahsuldorlik belgilari va xoʻjalik ahamiyatiga koʻra D.j.q. teri va sut beruvchi zotlar (qorakoʻl, reshetilov, malich va b.), goʻshtdor-yogʻdor dumbali zotlar (hisori, edilbiy, jaydari, qozoqi, qirgʻiz va b.), poʻstinbop teri beruvchi zotlar (romanov, kulundin, kalta junli shimol qoʻylari va b.), goʻsht-jun va sut beruvchi zotlar (balbas, bozax, lezgin, tushin, shirvon va b.)ga boʻlinadi. D.j.q. yiliga 50 kg gacha sut (yogʻliligi 6—7%) beradi. Oʻzbekis-tonda boqiladigan qorakoʻl, jaydari va hisori qoʻy zotlari qora, malla, qoʻngʻir, jigarrang, ola, oq boʻlib, boshi, qulogʻi, oyoklari, ayrimlarining (mas, hisor zoti) qorni qisqa, yoʻgʻon, yaltiroq, uch qismi oʻtkir jun bilan qoplangan. Juni tivit, qiltiq, oraliq jun tolalari koʻpincha quruq va ulik jun aralashgan yogʻli jun birikmasidan iborat. Bu xildagi junlar qalin movut, sholcha, gilam toʻqishda, shuningdek, kigiz bosishda ishlatiladi. D.j.q. juni yiliga ikki marta — bahor va kuzda qirqiladi. Bahorgisida tivit koʻproq, qiltigʻi kamroq, tolasi uzun, sifati kuzgi jundan yaxshi-roq boʻladi. Yiliga sovliklardan 0,8— 2,0 kg, qoʻchqorlardan 1,2—3,5 kg jun qirqib olinadi, sof jun chiqishi 80% ga boradi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |