Kontent qismiga oʻtish

Chorsu mehmonxonasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Chorsu (mehmonxona)dan yoʻnaltirildi)
Chorsu mehmonxonasi
Umumiy maʼlumot
Joylashuvi Chorsu maydoni
Shahar Toshkent
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi tugagan 1982-yil
Texnik holati
Material Beton
Qavatlar soni 23
Bino atrofidagi yerlar 1.9 gektar
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor V.Spivak,
L.Nesedov,
N.Zolotina
Muhandis A.Asanov
Map
Mexmonxonaning xaritada koʻrinishi

Chorsu mehmonxonasi — Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Chorsu maydonida, Navoiy, Beruniy va Samarkand darvoza koʻchalarining kesishgan joyida, Ukkosha bulogʻi ustiga qurilgan mehmonxona. Ushbu bino 1982-yilda qurilgan (bosh meʼmor — V.Spivak, bosh muhandis — A.Asanov, meʼmorlar — L.Nesedov, N.Zolotina). Bino 23 qavatli boʻlib, dastlabki 2 qavati — restoran, banket zali, maʼmuriyboshqaruv xonalari joylashgan binoblok qoʻshilib yaxlit meʼmoriy ansamblni tashkil etadi. Binoning pastki qismida baland qilib tirgakli devorlar yordamida supasimon kompozitsiya (stilabat) tashkil qilinib, uning yaqinida joylashgan Koʻkaldosh madrasasining eng pastki qismiga tenglashtirilgan. Bino meʼmorligida oftobdan saqlovchi jihozlar orqali badiiy yechimga erishilgan. Mehmonxona 1, 2, 3 oʻrinli xonalardan iborat turar joylarni tashkil etadi. Bino ichki bezaklarida turli bezakrelyeflar (boʻrtma rasmlar) ishlangan. Binoning koʻp qavatli qismi yigʻma temirbeton konstruksiya boʻlib, zilzilaga chidamlidir. 2004—2005-yillarda qayta taʼmirlangan.

Bino 1982-yilda qurilgan boʻlib, qurilish jarayonida loyiha „Chorsu“ mehmonxonasi deb nomlangan, lekin bino qurib bitkazilgach sovetlar davri boʻlgani sababli „Moskva“ mehmonxonasi deb nomlangan. Bino 23 qavatdan iborat. Rost24 sayti Chorsu atrofidagi aholining soʻzlariga asoslanib tarqatgan xabarga koʻra mehmonxona oʻrnida Ukkosha bulogʻi boʻlgan. Baʼzi keksa odamlar bu joyda ziyoratgoh va buloq borligi, uning oʻrnida qurilish qilish xosiyatsiz ekanligidan ogohlantirishgan. Lekin sovetlar davrida boʻlgani uchun hech kim buni aytolmagan. Ukkosha bulgʻi yonida kichik tegirmon boʻlgan. Bu yerda yashovchi aholi boshqa joylarga koʻchiriladi. Bu yer chuqurlik joy boʻlgan. Ukkosha bulogʻi qurilish tufayli koʻmilib, trubalar orqali boshqa joyga olib oʻtilgan va maydon tekislanib Oxunboboyev xaykali oʻrnatiladi. Keyinchalik haykal bu yerdan koʻchirilib, ikki yil davomida mehmonxona qoziqlari qoqiladi[1]. 2000-yilga qadar faoliyat yuritgan. 2008-yilda rasman yopilgan.

Qarovsiz bino

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Chorsu“ mehmonxonasi ko‘p yillar davomida bo‘sh turdi. 2017-yilgacha bino Toshkent hokimiyati binolaridan foydalanish departamenti tasarrufida boʻlgan[2].

Chorsu mehmonxonasi 2024

Ilk sotilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2010-yil 7-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Sobiq „Chorsu“ mehmanxonasi negizida zamonaviy mehmonxona kompleksi tashkil etish loyihasini amalga oshirishni tugallash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 139-sonli qarori qabul qilinadi (2021-yil 22-fevralda hujjat oʻz kuchini yo‘qotgan). Unga koʻra „Daegeon Global Co. Ltd“ kompaniyasi (Koreya Respublikasi) bilan 2007-yil 28-sentabrda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, investor tomonidan 18,0 mln dollar miqdorida qo‘shimcha investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda, „Chorsu“ mehmonxona kompleksi 7,0 mln. dollarga sotiladi. Shuningdek, tashkil etilayotgan mehmonxona majmuasi obyektlarini loyihalashni va loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlashni birga bajargan holda 2011-yil 1-yanvargacha ishchi chizmalar bo‘yicha rekonstruksiya qilish va qurishga istisno tartibida ruxsat berilishi koʻzda tutilgan edi[3].

Ikkinchi sotilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-yil 12-sentabrda „Demir Group“ kompaniyasi 33 mln. dollarlik investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar hamda o‘z mablagʻi va jalb qilinadigan mablagʻlar, tijorat banklarining mablag‘i hisobidan „Chorsu“ mehmonxonasini 0 (nol) qiymatida sotib oladi[2].

„Eski shahar“ nomli maxsus zona qurilishi rejalashtirilib, uning hududi mehmonxona, hunarmandlik ustaxonalari, do‘konlar va savdo markaziga ega turistik hudud va sog‘lomlashtirish komplekslari bo‘lishi, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro darajadagi mehmonxonalar tarmog‘i va brendiga ega hamkor jalb etilishi koʻzda tutilgan edi[2].

Rejaga ko‘ra, 270 ta xonalik to‘rt yulduzli mehmonxona, do‘konlar hamda bino atrofida obodonlashtirilgan va zarur infratuzilmaga ega hudud yaratilishi, shuningdek, majmuaga O‘zbekistonda ilk bor okeanarium va uning ichida suv osti restorani — „Formula-park“, „KoVork-markazi“, 7D kinoteatr, amfiteatr, fud-kort, basseyn ham qurilishi va buning natijasida 350 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilinishi kerak edi[2].

Loyihani amalga oshirish uchun „Demir Group“ kompaniyasi tomonidan „InterTourism QK“ MChJ korxonasi tashkil etiladi. Mehmonxona 1,9 gektarlik hududi, kengaytirish jarayonidan keyin 4,9 gektarga yetishi kutilgan edi[2].

Yangi korxona 2019-yil 31-dekabriga qadar material, uskunalar, mebel hamda inventar, qurilish buyumlari va jihozlar uchun bojxona to‘lovlaridan (rasmiylashtirish to‘lovlaridan tashqari) ozod etilgan edi. Shuningdek, „InterTourism“ turistik hududi ishga tushgach 7 yilga mol-mulk, daromad, yer, ijtimoiy infratuzilma va obodonlashtirish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Respublika yer jamg‘armasiga majburiy to‘lov hamda soliqlardan ozod etiladi[2].

„Eski shahar“ hududida tashkil etiladigan tadbirkorlik obyektlari, do‘konlar 3 yil muddatga daromad, ijtimoiy infratuzilma va obodonlashtirish, kichik korxonalar uchun yagona soliqdan ozod etilishi ham koʻzda tutilgandi[2][4].

Biroq xorijiy korxona shartnomadagi majburiyatlarni vaqtida amalga oshirmagani bois, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2019-yil iyuldagi hal qiluv qaroriga binoan, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinadi. Majmua esa qaytadan auksionga chiqarildi[4].

Qayta sotilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020-yil yanvarida qaytadan sotuvga chiqariladi. Investitsion majburiyatlar bilan birga boshlang‘ich narxi 1 so‘m etib belgilanadi. Spot.uz E-ijro Auksion maʼlumotiga tayanib tarqstgan xabarga ko‘ra, mehmonxona fevral oyida 16,9 mlrd so‘mga sotilgan. Auksion 10 soatdan ortiq vaqt davom etgan. Auksionda „Fajr Mustaqbal General Trading LLC“ kompaniyasi 16,8 mlrd. so‘m taklif qilgan. Bosh shtab-kvartirasi BAAda joylashgan „Ittihad International Investment LLC“ kompaniyasi 16,9 mlrd. so‘m taklif qilib gʻolib chiqqan[4].

Auksionda belgilangan shartlarga ko‘ra, sarmoya kirituvchi kompaniyaga 2 yil mobaynida hukumat kafolatlarisiz kamida 25 mln. dollarga teng miqdorda investitsiya kiritishi, shuningdek, 3 yulduzli mehmonxona xizmatini tashkil etishi hamda 150ta yangi ish o‘rni tashkil qilish, majmuaning asosiy faoliyat yo‘nalishini (mehmonxona) 10 yil davomida o‘zgartirmaslik majburiyatini olgan. Majmuaning bir qismida (umumiy maydonining 50 foiz hududida) biznes-markaz xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Bino buzilgan taqdirda, yangisining dizayni avvalgisi bilan bir xil darajada bo‘lishi kerakligi takidlangan[4].

2005-yilda