Kontent qismiga oʻtish

Chizmachilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chizmachilik — obʼyektlar (turli mashinalar, mexanizmlar, binolar, inshootlar va boshqalar)ning chizmalarini, sxemalar, xaritalar va grafiklarni chizishga, turli buyumlarning tasvirlarini yasashga oid krnunkridalar va usullarni oʻz ichiga olgan texnika fani; chizmalar, loyihalarni chizish bilan shugʻullanish. Chizmachilikning asosini geometriya, chizma geometriya fanlari tashkil etadi. Vazifasi — chizmachilik asboblaridan foydalanib turli buyumlarning tasvirlarini, loyihalar va eskizlarini chizishga, chizilgan chizmalarni oʻqishga, aksonometriya yasashga oʻrganish. Chizmachilikning mazmuni va hajmi uning fan va texnikaning qaysi sohasi uchun moʻljallanganligiga qarab aniqlanadi. Chizmachilik fanining boʻlimlari: geometrik chizmachilik; proyeksion chizmachilik; mashinasozlik chizmachiliki, qurilish chizmachiliki va boshqa geometrik chizmachilikda chizmachilik asboblari, chizmalarni rasmiylashtirish, geometrik yasashlar, tutashmalar va egri chiziqlar oʻrganiladi. Proyeksion chizmachilikda nuqta, toʻgʻri chiziq, tekis shakllar, geometrik jismlarning tasvirlarini yasash va ularning oʻzaro vaziyatiga oid masalalar, aksonometrik tasvirlar va boshqa koʻriladi. Mashinasozlik chizmachilikida chizmalarning turlari, koʻrinishlar, qirqimlar, kesimlar, rezbalar va boshqa, qurilish chizmachiligida esa bino qismlari, sanitariya texnikasi buyumlarining shartli belgilari hamda bino va inshootlarning chizmalari oʻrganiladi. Chizmalar (sxemalar, xaritalar va grafiklar)ni chizish bilan shugʻullanuvchi kishilar chizmakashlar deb ataladi. Turli sohalarning muhandislari, konstruktorlari va loyihachilari chizmakashlikni bilishlari shart.