Chili zilzilasi
Chili zilzilasi(Valdiviya zilzilasi) - 20-asrning eng dahshatli yer qimirlashlaridan biri. U tarixga "Chilidagi halokat" nomi bilan kirgan. Zilzila 1960-yil 22-may shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 15 dan 11 min. oʻtganda boshlangan. Avvaliga bir necha kuchli tebranish (forshoklar) boʻlgan. Ularning ham magnitudasi 7+ boʻlganligi uchun rejalashtirilgan bir necha ommaviy tadbirlar qoldirilgan. 22-may soat 15:11 larda roʻy bergan asosiy zilzila Janubiy Amerikani larzaga keltirgan. And togʻlarining uz. 1000 km va eni 300 km li katta boʻlagi (bloki) deformatsiya tufayli bir vaqtda harakatga kelishi bir necha zilzila oʻchoqlarini hosil qilgan. Bular ichida eng halokatli yer qimirlash oʻchogʻidan magnitudasi 9.5 (ayrim manbalarda 9.6) ga teng boʻlgan energiya ajralib, epitsentrda seysmik tebranishlar kuchi 12 ballga yetgan.Bu ko'rsatkich bilan mazkur zilzila o'lchov uskunalari yaratilganidan beri insoniyat tarixida sodir boʻlgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Natijada Arauko yarim oroldagi qishloqlar va Konsepson shahri tiklab boʻlmas darajada xarobaga aylangan. Shuningdek, Valdiviya, PuertoMont, Kastro, Chilyan kabi boshqa bir qancha shaharlar 11 balli zilziladan vayron boʻlgan. PuertoMontda tebranish qudrati shu qadar kuchli boʻlganki, portning beton toʻsiklari, port kranlari, 40 t li vagonlar, hatto tovar omborxonalari dengizga surib tashlangan. Yer yuzasining baʼzi joylari odam boʻyi choʻkib, baʼzi joylari tik koʻtarilgan. Zilziladan hosil boʻlgan seysmik toʻlqinlar Yer sharini bir necha marta aylanib chiqqan. Shu sababli Tinch okeanda sunami paydo boʻlgan, vulkanlar, togʻ koʻchkilari harakatga kelgan va 200 ming km² maydonni xonavayron qilgan. Halokatga uchragan joylardagi 352,5 ming imoratdan 58,7 mingtasi yer bilan yakson boʻlgan, qolganlari yaroqsiz holga kelgan. Qurbon boʻlganlar soni 6000 ga yetgan. Zilzila sodir boʻlgan okeandagi suv toʻlqini 6 m koʻtarilib, soatiga 640 km tezlik bilan Gavayi o.lari va Yaponiya qirgʻoklariga yetib borgan, yuzlab odamlarni halok qilgan. Zilzila 8 kun mobaynida 3-marta qattiq tebranishlar (aftershoklar) bilan davom etgan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ibrohimov R., Kuchli zilzilalar izidan, T., 1982.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |