Kontent qismiga oʻtish

Boyonxon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boyonxon, Bayonxon (taxminan milodiy VI asr oʻrtasi — VII asr birinchi choragi) — turkiy qavmlar tomonidan Yevropada barpo etilgan Avar xoqonligi asoschisi, qahri qattiq, iqtidorli ulugʻ sarkarda. Avarlar Gʻarbiy Kaspiy boʻyi dashtlaridan Turk xoqonligi va sosoniylar tazyiqi ostida VI asr 50-yillari boshida Sharqiy Yevropaga kelganlar. VI asr 50-yillari oxiri — 60-yillari boshida kuturgurlar bilan ittifoq boʻlib antlarga hujum qilib, yurtlarini talontaroj qilishgan. Boyonxon rahbarligidagi avarlar harbiy yurishlari bilan 565-yildan boshlab Markaziy Yevropa xalqlariga dahshat sola boshlagan. 567-yil langobardlar ittifoq tuzib gepidlarni tormor keltirib ularning Pannoniyadagi yerlarini egallaganlar; shu yerda Boyonxon yana bir qancha harbiy yurishlar va yangidan-yangi qabilalarni birlashtirganidan soʻng VI-asr 60- yillarida Avar xoqonligiga asos solgan. Boyonxon qoʻl ostida koʻplab koʻchmanchi xalqlar — gunnlarning avlodlari birlashgan. Bu siyosiy birlashma xoqonlik, Boyonxon esa xoqon deb atala boshlagan. Xoqonlik hududida turkiy til ustivor boʻlgan. Boyonxon Pannoniyani xoqonlik markazi qilib tanlagan. Boyonxon qoʻshinlari shu yerdan slavyanlar, franklar, langobardlar, gruzinlar va boshqa qabilalar, shuningdek Vizantiyaga yurishlar qilishgan. VI-asr 70-yillarida Bayonxon Vizantiya imperiyasiga muntazam ravishda chopqunlar qilib bir necha janglarda gʻalaba qozongan. Dalmatsiya va Illiriyani talon-taroj etgan va Vizantiyani ulkan tovon (tarixchi Feofanning yozishicha, uning miqaori 583-yilga kelib 120 ming solidni tashkil etgan) toʻlashga majbur qilgan. 587-yil Meziya viloyatini, shuningdek Dorostol, Singidun, Markianopol shaharlarini vayron qilgan. Boyonxon 592-yil va 598-yil va undan keyingi yillarda Bolqon yarim orolga bir necha bor yurishlar qilgan. 7-asr boshida Chexiya, Moraviya va Bogemiyani olgan, bir qancha janglarda franklarni yengib, ularning qiroli Sefertni asir olgan. Faqatgina ulkan tovon (fidya) tufayligina qirolni ozod etgan. Boyonxon Vizantiya imperatori iltimosiga koʻra 60 ming kishilik qoʻshini bilan 581-yil slavyanlar ustiga yurish qilib ularning koʻplab shahar, qishloqlarini gʻorat qilib, boy oʻljani qoʻlga kiritgan. Slavyanlardan qalin oʻrmon ichiga qochganlarigina salomat qolgan. Boyonxon butun Dakiyani olgan, slavyanlarga askar berish majburiyatini yuklagan. 626-yil Vizantiya turk xoqonligi bilan oʻziga qarshi ittifoq tuzish uchun xufiyona harakat qilayotganidan xabardor boʻlgan Boyonxon Konstantinopolni qamal qilgan, biroq qoʻshini tarkibidagi slavyanlar xiyonati tufayli shaharni egallay olmagan. Tarixiy adabiyotlarda Boyonxonni bir necha bor Ammuaa va Chingizxon bilan qiyoslashgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Pletneva S. A., Kochevniki Srednevekovya. Poiski istoricheskix zakonomernostey, M., 1982; Hasan Ato Abushiy, Turkiy qavmlar tarixi. T., 1993.

Faxriddin Hasanov.