Kontent qismiga oʻtish

Boyarlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boyarlar (turkiycha bajar — amaldor, boy er, janob) — 1) 9—17-asrlarda Rus davlatida mulkdorlarning oliy tabaqasi. Kiyev davlatida — urugʻqabila zodagonlari avlodi, katta drujinachilar — vassallar va knyaz dumasi aʼzolari, yirik yer egalari. Ularning oʻz vassallari boʻlib, shaxsiy daxlsizlik (immunitet) imtiyoziga hamda boshqa knyazlar huzuriga ketish huquqiga ega boʻlganlar. Hududiy tarqoqlik davrida — eng badavlat va obroʻli mulkdorlar, knyaz hokimiyatining muxoliflari. Novgorod respublikasida B. amalda davlatni boshqarganlar. 14-asrdan ularning huquqlari knyazlar tomonidan astasekin cheklab qoʻyila boshlangan. Ulugʻ knyazlar saroyida alohida boʻlimlarni, davlat hududlarini boshqarganlar. 15-asrdan Rus davlatida — davlat xizmatidagi oliy mansabdor shaxslar, B. dumasining eng katta amaldorlari, bosh maʼmuriy, sud va harbiy lavozimlarni egallaganlar, markaziy va mahalliy boshqaruv organlari (prikazlar)ga boshchilik qilganlar, voyevoda boʻlganlar. Aristokratlar tarkibiga kirganlar. B. dumasi 18-asr boshida Pyotr I tomonidan tugatilishi va dvoryanlikni joriy etilishi munosabati bilan boyar unvoni bekor qilingan. 2) Ruminiyada 13—14-asrlarda vujudga kelgan mulkdor tabaqa. 1945-yil agrar islohot natijasida tugatilgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil