Boshlangʻich maktab
Ushbu sahifani Boshlang'ich maktab bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Boshlangʻich maktab — bolalarga boshlangʻich umumiy maʼlumot beradigan umumtaʼlim oʻquvtarbiya muassasasi. Uning vazifasi oʻquvchilarda yozish, oʻqish, hisoblash malaka va koʻnikmalarini hosil qilish, tabiat va jamiyat haqida ilk bilimlar berish, xulqodobga oʻrgatishdir. Hozirgi Oʻzbekiston hududida dastlabki Boshlangʻich maktab —maktabxonalar arab xalifaligi tomonidan Oʻrta Osiyo yerlari bosib olingandan keyin (7-asr) mahalliy xalq va ularning bolalarini musulmon ruhida tarbiyalash maqsadida ochilgan. Turkiston chor Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin rus amaldorlari va harbiylarining bolalari uchun 1869-yil Toshkentda dastlabki rus Boshlangʻich maktab i ochildi. Turkistonda mahalliy aholi bolalari uchun 19-asr oxirlarida ochilgan rustuzem maktabi ham Boshlangʻich maktab dir. 1900-yildan Oʻzbekiston hududida "jadid maktabi" nomi bilan yuritilgan yangi usul maktablari ham ish boshlagan. Bu maktablar Turkiston mahalliy xalqlar milliy maktablarining kurtaklari boʻlgan. Yangi usul maktablari ham asosan 1—4 sinfdan iborat Boshlangʻich maktab hisoblangan. 1917-yil oktabr toʻntarishidan keyin, 1918-yil 13 dekabrda Turkiston maorif xalq komissarligi qaroriga binoan rustuzem maktablari xalq maktablariga aylantirildi. 1922-yildan tayyorlov (yariminchi) sinfdan keyingi 1—3 sinflardan iborat maktablar 1bosqich maktab, yaʼni Boshlangʻich maktab hisoblangan. 1918—24 yillarda hozirgi Oʻzbekiston hududidagi barcha milliy maktablar 1bosqichli maktablar boʻlgan. Boshlangʻich maktab soni 1918-yilda 992, 1919-yilda 1847, 1921-yilda 2022, 1922-yilda 1239, 1923-yilda 1007, 1924-yilda 1271 ta boʻlgan. 1930/31 oʻquv yilidan Oʻzbekistonda umumiy majburiy boshlangʻich taʼlim joriy etilishi munosabati bilan Boshlangʻich maktab larda taʼlim muddati 4 yil qilib belgilandi. 1969/70 oʻquv yilidan rus maktablarida, 1970/71 oʻquv yilidan oʻzbek maktablarida 3 yillik boshlangʻich taʼlimga oʻtildi. Shu yillardan boshlab Boshlangʻich maktab ning mavqei va ahamiyati tubdan oʻzgardi; umumiy taʼlimning mustaqil, tugal bosqichi degan xususiyatini yoʻqotib, fan asoslarini izchil oʻrganishga tayyorlanish bosqichi boʻlib qoldi. 1991/92 oʻquv yilidan OʻzRda Boshlangʻich maktab larda yana 4 ylik boshlangʻich taʼlimga oʻtildi. "Taʼlim toʻgʻrisida"gi qonun (1997-yil 29 avgust)da Boshlangʻich maktab taʼlimining yangi mazmuni belgilandi. 2000/2001 oʻquv yili boshida Oʻzbekistonda 207 Boshlangʻich maktab boʻlib, ularda 30684 oʻquvchi taʼlim oldi (yana qarang Boshlangʻich taʼlim).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |