Boldir
Boldir — tizza bilan oyoq panjasi oʻrtasidagi qism. Yuqoridan taqim oʻrtasidan oʻtgan gorizontal chiziq bilan, pastdan boldir oyoq kafti boʻgʻimi bilan chegaralangan. Boldir skeleti katta va kichik boldir suyaklaridan iborat. Suyaklar orasi ochiq boʻlib, uni qalin parda toʻldirib turadi. Suyaklar va pardaning old tomonida uchta, tashqi tomonida ikkita va orqa tomonida sakkizta muskul ustma-ust joylashgan. Ular tizza boʻgʻimini bukadi, panja va barmoqlarni bukadi va yozadi, panjani ichki va yon tomonga koʻtaradi. Boldirning ichki tomonida muskul boʻlmaydi. Orqadagi eng ustki kambalasimon muskul Boldirga maʼlum shakl berib turadi. U uch joydan, yaʼni son suyagining ikki cheti va boldir suyagining orqa yuzasidan boshlanganligi uchun "uch boshli muskul" deb ham yuritiladi. Bu muskulning yoʻgʻon, pishiq, kuchli payi (Axill payi) tovon suyagiga yopishadi va oyoqni erkin koʻtarib yurishga imkon beradi. Boldir terisiga sezuvchi, muskullarni harakatlantiruvchi nervlar hamda qon tomirlar keladi. Boldir oyoqning boshqa qismlari bilan birga gavdani koʻtarib turishda, yurishda qatnashadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |