Kontent qismiga oʻtish

Bisotiy Samarqandiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sirojiddin Bisotiy Samarqandiy (774–849-hijriy-qamariy/1373, Samarqand – 1446-milodiy, Samarqand) – 14–15-asrlardagi Samarqand adabiy muhitiga mansub shoir. Dastlabki taʼlimni Samarqandda olgan. Boʻyra toʻqish bilan shugʻullangani sababli, dastlab „Hasiriy“ (hasir – boʻyra) taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Ustozi Xoja Ismat Buxoriyning taklifi bilan „Bisotiy“ (bisot – patgilam) taxallusini olgan. Bir muddat Xalil Sultonning saroyida xizmat qilgan.

Dil shishavu chashmoni tu har soʻy barandash, Mastand, mabodo, ki zi mastiy shikanandash.

Yuqoridagi bayt uchun Xalil Sulton 1000 dinor inʼom etganidan soʻng shoir sifatida mashhur boʻlib ketadi. Jomiy „Bahoriston“ asarida Bisotiy Samarqandiy haqida maʼlumot berib, „iktisobiy bilimlardan unchalik xabardor emas“, deydi. Boshqa tadqiqotchilar ham (Zabehullo Safo, Muʼtaman) Bisotiy Samarqandiy sheʼrlarida tuygʻu tafakkurdan, taqlid va tatabbu originallikdan ustun turishini taʼkidlaganlar. Qasida, gʻazal, muxammas va ruboiy janrida ijod qilgan. Xayoliy Buxoriy, Mavlono Burunduq, Xoja Rustam Xuryoniy, Kamol Xoʻjandiy bilan suhbatda boʻlgan. Kamol Xoʻjandiy bilan boʻlgan oʻzaro munoqasha Davlatshoh Samarqandiy tazkirasida batafsil bayon etilgan. Bisotiyning devoni nusxasi (har sahifasida 12 bayt sheʼr joylashgan 66 varaq) Parij Milliy kutubxonasida saqlanadi. Devonining umumiy hajmi 792 baytdan iborat.

Alisher Navoiy Bisotiy Samarqandiy haqida "Majolis un-nafois"da maʼlumot berib, uning sheʼrlari oʻta joʻn va oddiy ekanligini taʼkidlaydi[1][2][3].

  1. “Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat”. 
  2. “Majolis un-nafois”. 
  3. “Bahoriston”.