Kontent qismiga oʻtish

Bimetallizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bimetallizm — qiymat oʻlchovi (qonunlashtirilgan umumiy ekvivalent) vazifasini 2 nodir metall — oltin va kumush bajaradigan pul tizimi hamda shu ikki metalldan zarb qilingan tangalarning mamlakatda muomalada yurishi. B. 16 — 19-asrlarda Gʻarbiy Yevropada keng tarqalgan edi. B.ning 2 shakli mavjud boʻlgan. Bular: 1) oltin tangalar bilan kumush tangalarning bir-biriga nisbati bozor qiymatiga qarab stixiyali ravishda belgilanadigan parallel valyuta. tizimi; 2) ikki metall qiymatlari oʻrtasidagi nisbat davlat tomonidan belgilanadigan qoʻsh valyuta tizimi. B. sharoitida qogʻoz pullar emissiya muassasalari xohishi bilan yo oltinga, yoki kumushga maydalangan, shuning uchun mamlakatning valyuta zaxirasi 2 metalldan iborat boʻlgan. Qoʻqon, Buxoro va Xiva xonliklaridagi pul tizimi B.dan ham murakkabroq boʻlib, muomalada 2 emas, balki 3 metall: oltin ("tilla"), kumush ("tanga") va mis ("pul") yurgan. Ularning qiymatlari oʻrtasidagi nisbat iktisodiy va siyosiy sabablar tufayli doimo oʻzgarib turgan. Bu esa tovar-pul munosabatlarini juda qiyinlashtirgan. Zotan B. ham, muomalada 3 metall yurishi ham pulning umumiy yagona muqobil sifatidagi tabiatiga zid edi. Taraqqiy etgan mamlakatlar 19-asr oxirlariga kelib monometallizm (oltin)ga asoslangan pul tizimiga birinketin oʻtdilar. 20-asrning 60- yillar oxiridan qogʻoz pullarning oltin taʼminoti bekor qilinishi bilan monometallizm ham oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil