Badiiy koʻrgazmalar
Badiiy koʻrgazmalar — sanʼat asarlarini ommaviy namoyish etish shakli. Koʻrgazma maxsus qurilgan yoki moslashtirilgan binolar (mas, muzey, madaniyat saroylari zallarida, teatr, kinoteatr, jamoat binolari foyelarida va shahrik. joylar)da uyushtiriladi. Tomoshabinni asarlar (hozirgi davr sanʼati, badiiy meros) bilan tanishtirishning asosiy shakllaridan, baʼzan sanʼat asarlari savdosini uyushtirish maqsadida ham tashkil etiladi. Badiiy koʻrgazmalarning xalqaro, milliy, mintaqaviy turlari farqlanadi; Koʻchma va turgʻun, doimiy yoki davriy, bir kishining ijodidan yoki maʼlum guruh, maktab, yoʻnalish, davr, mamlakat sanʼati namunalaridan iborat boʻlishi mumkin. Koʻrgazmaga qoʻyilayotgan asarlar avvaldan tayinlangan kishilar yoki hayʼat aʼzolari tomonidan (janr, sanʼat turi, mavzui va boshqalarga qarab) tanlab olinadi. Badiiy koʻrgazmalar qoʻmitasi sanʼat asarlarini jamlash, ularni joylashtirish, koʻrsatkichlar tuzish va nashr ettirish, ekskursiyalar, maʼruzalar va boshqalarni uyushtirish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
Badiiy asarlar dastlab Yunonistonda (miloddan avvalgi 6-asrdan), Italiyada (15-16-asrlar), Gollandiya, Flandriya (17-asr) va boshqalarda tomoshabinlarga koʻrsatila boshlangan. Hozirgi mazmundagi Badiiy koʻrgazmalar Fransiyada paydo boʻlgan: maxsus binolar qurilgan, rassomlar Luvr (1699)da oʻz asarlarini namoyish etganlar, shu tarzda Parijda koʻrgazmalar tashkil qilish boshlangan. Badiiy akademiyalar tomonidan koʻrgazmalar tashkil qilish yoʻlga qoʻyildi. 19-asrga kelib Badiiy koʻrgazmalar uyushtirish ishlari takomillashdi (koʻrsatkichlar tuzildi, ular koʻp nusxada nashr etildi, mualliflar haqida qisqa maʼlumotlar berildi). 19-asr boshlarida Parij, Londonda xalqaro koʻrgazmalar uyushtirilgan; 19-asr 2- yarmida rasmiy Badiiy koʻrgazmalar bilan bir qatorda norasmiy koʻrgazmalar (mas, Parijdagi „Xoʻrlanganlar saloni“, 1863) ham tashkil etilib, ularda salon — akademizm sanʼatiga realistik sanʼat, yangi badiiy ifoda vositalarini izlash qaramaqarshi qoʻyilgan.
Oʻzbekistonda dastlabki koʻrgazmalar 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida tashkil etila boshlandi. Jumladan, 1911-yil „L. L. Bure karikaturalari“ koʻrgazmasi tashkil etilgan. 1928-yilda Oʻzbekistonlik rassomlarning koʻrgazmasi uyushtirildi, unga koʻrsatkich tuzildi va nashr etildi. 1930-yillardan boshlab respublika, shahar koʻrgazmalarini tashkil etish anʼanaga aylandi. Oʻzbekiston rassomlari xalqaro koʻrgazmalarda ishtirok eta boshladi (Parij, 1937, Nyu-York, 1939). Muhim sanalar (Mustaqillik kuni, Navroʻz ayyomi va boshqalar), yubileylarni nishonlashga bagʻishlangan Badiiy koʻrgazmalar tashkil etish anʼanaga aylandi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |