Badboʻylar
Badboʻylar, skunslar (Mephitinae) – susarlar kenja oilasiga mansub sut emizuvchilar. Anal bezlari yirtqich hayvonlarni choʻchitadigan juda badboʻy hidli suyuqlik ishlab chiqaradi. 9–11 turi, 3 urugʻi (chipor badboʻylar– SpUogale, choʻchqaburun badboʻy– Conepatus, yoʻl-yoʻl badboʻy– Mephitis) maʼlum. Yoʻl-yoʻl badboʻy tanasining uzunligi 28–38 sm, moʻynasi qalin, yumshoq, qoramtir-qoʻngʻir rangda. Tanasining orqa tomonida boshidan dumigacha keng yoʻli borligi tufayli uzoqdan koʻzga tashlanadi. Xavf tugʻilganda anal bezidan koʻzga taʼsir qiladigan suyuqlik sachratadi. Oʻrmon, choʻl va dasht mintaqalarida yozda yakka-yakka, qishda toʻda boʻlib yashaydi. Shimoliy hududlarida qishki uyquga ketadi. Odatda kechasi faol hayot kechiradi. Oʻsimliklarning mevasi, mayda umurtqali hayvonlar va hasharotlar bilan oziqlanadi. Urgʻochilari uyasida bir yilda bir marta 4–10 ta bola tugʻadi. Bolalari bir yildan soʻng voyaga yetadi. Yoʻl-yoʻl badboʻy qimmatbaho moʻyna beradigan hayvon, maxsus fermalarda koʻpaytiriladi. Chipor badboʻyi 2 turni oʻz ichiga oladi, ogʻirligi 1 kg dan oshmaydi. Juni juda yumshoq, qora rangda, yirik oq dogʻlari boʻladi. Dumidagi yunglari uzun, tumshugʻida kalta. AQShning janubiy va Markaziy Amerikada tarqalgan. Choʻchqaburun badboʻy 6–7 turdan iborat. Janubiy Amerikada tarqalgan. Tanasining uzunligi 30–49 sm, dumi 16– 41 sm, ogʻirligi 2,3–4,5 kg. Juni oq va qora. Oqburun badboʻy (S. leuconotus) tanasi va boshi qora, orqa qismi, dumi va tumshugʻining uchi oq rangli[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |