Aziz Xoʻjayev
Aziz Xo'jayev | |
---|---|
Tavalludi |
1905-yil Buxoro |
Vafoti |
1937-yil 7-dekabr Solovki lageri, SSSR |
Fuqaroligi | SSSR |
Sohasi | iqtisodchi, tarjimon |
Dini | Islom |
Aziz Xoʻjayev — XX asr boshida Germaniyada tahsil olgan taraqqiyparvar, iqtisodchi, oʻqituvchi, tahlilchi, tarjimon. 30-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Mudarris oilasida tugʻilgan. Dastlabki ta’limni Buxorodagi jadid maktabida tahsil olgan. 1926-yil Berlin universiteti iqtisod fakultetini, Ozarbayjon Davlat universiteti aspiranturasini tamomlagan[1].
Hayoti va Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aziz Xoʻjayev 1905-yil Buxoro shahrida mudarris, mufti Avliyoxoʻja Atqiyoxoʻja oʻgʻli xonadonida tavallud topgan. Azizxoʻja avval Eski Buxoroning Govkushon mavze’sidagi jadid maktabida, soʻng madrasada tahsil olgan. 15 yoshida yetim qolgan Azizxoʻja BXR hukumati qaramogʻidagi “Shuhado” maktabiga olinadi. Bolalik vaqtidan Abdurauf Fitratning nazariga tushgan Azizxoʻja 1922-yil Germaniyaga oʻqishga yuboriladi. Aziz Xoʻjayev qisqa muddatli til kursidan soʻng nemis tilini oʻrganib, Berlin universitetining iqtisod fakultetiga oʻqishga kiradi 1926-yil ushbu oliygohni tamomlaydi. O’zbekistonga qaytgach Samarqandda ishga joylashishning imkoni topilmadi. Azizxoʻja ustozi Bakir Choʻponzoda, Ismoil Hikmatbeylar taklifi bilan Bokuga yoʻl olib, Ozarbayjon Davlat universitetiga oʻqituvchi boʻlib ishga kiradi. Azizxo’ja nemis, ingliz, arab, fors, urdu, turk, rus tillarini mukammal bilganligi sababli Ozarbayjonda ishlashi muammo bo’lmadi. Ozarbayjonda aspiranturaga kirib ilmiy tadqiqotlar o’tkazdi. Ittifoq nashrlarida, Boku, Toshkent shaharlaridagi iqtisodiy axborotnomalarida, matbuot sahifalarida Aziz Xoʻjayevning bir qator tahliliy maqolalari chop etildi. Uning izidan tushgan OGPU josuslari Azizxoʻjani Bokuni tark etishga majbur qiladilar. 1928-yilning soʻngida Toshkentga kelgan Aziz Xoʻjayev Oʻzbekiston Maorif nozirligiga ishga joylashib, ayni paytda Sharqshunoslik fakultetida fors-urdu tillaridan, Oʻrta Osiyo davlat universitetida (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) iqtisodiyot fanidan talabalarga ta’lim berishga kirishadi. “Pravda Vostoka” gazetasida tarjimonlik ham qiladi.[2]
Siyosiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aziz Xoʻjayev bir vaqtlar Turkiyada tahsil olib qaytgan Shahid Eson Muso, Ismoil Sadri, Mirzoamin Muhiddinovlar bilan ilmiy munozaralar olib boradi. Ayniqsa, 1929-yil Toshkentdagi Vostochnaya koʻchasidan 10-uyni sotib olgach, uning xonadoni Qiyomiddin Kiromiddin, Atoullo Sayfulmulk, Omonullo Nusratullo kabi Germaniyada tahsil olib qaytgan doʻstlari, shoir Bahrom Haydariy, xonanda Nazira Ahmedova, yozuvchi Kibalchich, Mansurbek Xudoyorxonov kabi yaqinlarining doimiy suhbatlari markaziga aylanadi. Bu esa insonlarning har bir harakatni kuzatib turuvchi OGPU aygʻoqchilarining nazaridan chetda qolmadi. Uni tuzoqqa tushuntirish maqsadida 1929-yil 5-dekabrda OGPU 4-boʻlimiga avval tarjimon sifatida qabul qiladi, keyinroq esa “Gans” laqabini berib maxsus agent sifatida yollaydi. Aziz Xoʻjayevni Toshkentdagi afgʻon konsulining tarjimoni Sulaymon Asqarov, fors konsulligidan Mehdixon Hakimiy, Xitoy konsulining tarjimoni qoshgʻarlik Isabekov, xitoylik Van Syun Bo, Shi Ven Yu kabi odamlar bilan tanishtirib, Afgʻoniston, Eron va Xitoy davlatlarining tashqi aloqalariga oid xabarlarni topishni talab qilishadi. Biroq, Azizxoʻjaning hech bir ragʻbatini koʻrmagach, OGPU uning oʻzini qamoqqa tiqish choralarini izlay boshlaydi. Bunga Fitrat Afgʻon elchiligi orqali Aziz Xoʻjayevni Turkiyaga Usmon Xoʻjayevga xat bilan yubormoqchi degan xabar bahona boʻladi. Ishni zudlik bilan amalga oshirish maqsadida uning xonadoniga Anna Doroshenko, Mira Martinovskaya, Vera Aleksandrova, Katya, Antonina, Olya, Shura kabi GPU aygʻoqchilarini tashlaydi. Bir necha kun uning uyida yashagan “mehmonlar” hamma voqeliklarni muntazam yetkazib turadilar.
1932-yil 13-may kuni Oʻrta Osiyo OGPU 4 – boʻlimi xodimi Bulato Aziz Xoʻjayevni aksilinqilobchi, chet el josusi deb OʻzSSR JK ning 59-, 70-moddalari bilan ayblab qamoqqa olishga qaror qiladi. 1932-yil 14-may tunda uning xonadoniga noma’lum kimsalar tashrif buyuradi.[3]
Tergov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1932-yil 15-28-may kunlari muntazam soʻroqlar davomida angladiki “mehmon”lar uning soʻnggi kunlaridagi barcha harakatlarini oqizmay-tomizmay yozib borishgan ekanlar.
1932-yil 8-iyun kuni yuzlashtirishda u hamkasbim deb bilgan Anna Doroshenko oʻzining Toshkentga 1932-yil 14-yanvarda maxsus topshiriq bilan kelganligini, Azizxoʻjaning yonidagi barcha doʻstlari, ularning kasbi-kori, adreslari bilan soʻzlab beradi. Shuningdek, uning aksilsovet ruhda "bechora xalqim ruslarning qoʻlida ingliz mustamlakalari xalqlaridan koʻra ming bora xor boʻldi. Bizda iqtidorlar koʻp, hokimiyat bizda boʻlishi kerak. Men GPUdan qoʻrqmayman. Kommunistlar oʻz kelajagini koʻra olmaydi, gazetalarining hammasi yolgʻon yozadi. Albatta, biz ruslarni quvib hokimiyatni oʻzimiz olamiz", - deganini aytib berdi.
1932-yil iyul-avgust oylarida muntazam jismoniy tazyiq va tahqirlar ostida Aziz Xoʻjayevdan Toshkentdagi, Afgʻonistondagi barcha tanishlari haqida soʻrab surishtiradilar. Biroq, Azizxoʻjadan birorta arzirli ma’lumot olaolmadi.
Ayblov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1932-yilda 22-avgustda ayblov bayonnomasi imzolanib, unda Aziz Xoʻjayev Buxoro amiri mulozimi oilasidan chiqqan, otasi sovetlarga qarshi kurashda halok boʻlgan, ashaddiy aksilinqilobchi kabi ayblar qoʻyildi[4]. Aziz Xoʻjayev ishi 1932-yil 10-sentabrda Moskvaga yuborildi. 1932-yil 20-oktabrda OGPU qoshidagi “uchlik” tomonidan 5 yil konslagerga hukm qilindi. U avval Sazlagda boʻldi, 1933-yil 29-iyundan Solovki lageriga etap qilindi. Azizxoʻja 1935-yil 15-sentabrda Sovet Sotsialistik Respublikalari Ittifoqi bosh Prokurori Vishinskiyga ariza yoʻllab, oʻzining 1932-yil 14-mayda boʻhton asosida qamoqqa olingani, tintuv vaqtida yoʻl qoʻyilgan haqsizliklar, hatto, uning tilla soatini oʻgʻirlab roʻyxatga olishmaganini yozadi.
“...Lagerda hayot qiynoq va azoblash ustiga qurilgan, koʻpchilik obroʻ orttirish uchun vijdonli insonlar ustidan tuhmat qiladi yoxud kar’yera uchun insonlarni antisovet deb ayblashadi. Toʻrt yarim yillik jazoni oʻtashim bilan ochlik e’lon qilgani uchun deb yolgʻiz kameraga yoʻllashdi. Xotinimni abadiy yoʻqotdim. Haqiqat uchun betinim kurashdim, ammo bu biror kishini qiziqtirmadi. Lager rahbariyatiga yuzlab xat yozdim. Birortasiga e’tibor boʻlmadi. Aksincha boshimga tashvish soldilar. Mana yaqinda 5 yillik muddat tugaydi. Haqiqatga ham ishonchim soʻngan. Hech kimga hech narsa yozishdan foyda yoʻqligini bilaman, ammo ilinj bor. 75 yoshli onam, kasalmand qizim meni kutmoqda”, - deb yordam soʻraydi.
Arizadan soʻng uning ahvoli yanada yomonlashdi. Uning yoniga turli kishilar kiritilib, har bir harakatini kuzatadilar. Lagerning mas’ul xodimlari Panamarev, Akimov, Movshevich kabilar Aziz Xoʻjayevni “ish qobiliyati 2-guruh, mehnatga munosabati yomon, tegishli normani bajarmagan, mayda millatlar va troskiychilar bilan aloqada, oʻzining huquqini talab qilib, ochlik e’lon qiladi”, - deb salbiy tavsiflaydilar. 1936-yil 7-aprelda qurilish qoidasini buzgan deb 15 kunga, 1936-yil 26-oktabrda tonggi yigʻinga kelmagan degan bahona bilan yana 5 kunga qamoqqa buyuradilar. U haqsizlik va zulmni aslo tan olmadi. Aziz Xoʻjayevni jazo muddati tugagani uchun boshqa saqlab tura olmasligiga ishongan qamoqxona ma’muriyati uni “Uchlik” yigʻiniga taqdim etadi. 1937-yil 25-noyabrda Aziz Xoʻjayevga oʻlim jazosi tayinlandi. 1937-yil 7-dekabrda hukm ijro etildi.[5]
Oqlov
[tahrir | manbasini tahrirlash]1956-yil 29-iyulda Stalinobod shahridan Oyisha Azizxoʻjayeva SSSR Bosh Prokuroriga ariza yoʻllab, 1932-yil qamoqqa olingan otasi SAGU oʻqituvchisi Aziz Xoʻjayevning soʻnggi taqdiri haqida xabar berishini soʻraydi. Oyisha otasining 1937-yil 23-sentabrda Soloves orolidagi Belomor-Baltika MTLning 8-boʻlimidan yozgan soʻnggi xatida “yaqinda qaytishini, biroq uning ortida yana kimlardir uni yubormaslik uchun turli bahonalar qidirib uni qayta qamoqqa tiqmoqchi ekanligini xavotir bilan yozgandi”, - deydi. Shundan soʻng Aziz Xoʻjayev ishi qayta koʻrishga topshirildi. Qayta soʻroqlarda uning uchun yigʻilgan memorandumlarning barchasi maxsus qaror asosida yoʻq qilingani ma’lum boʻldi. Guvohlik berganlarning birortasi topilmadi. Uning mutloq aybsiz hibsga olingani ma’lum boʻldi. Aziz Xoʻjayev 1958-yil 28-aprelda oqlandi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Azon.uz nashri: Qatagʻon qurbonlari: Aziz Xoʻjayev – yetti tilni bilgan olim, 2022
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam)[sayt ishlamaydi] - ↑ O'zbekiston Markaziy Davlat arxivi materiallari P47-fond, 1-tavsif, 29-ish, 1937
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ Sherali Turdiyev "Ular Germaniyada o'qigan edilar". Toshkent. 67-bet., 2006
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ 1937-1938-yillardagi "katta qirg'in" tarixining muhim sanalari. "Fan" nashriyoti. Toshkent. 2013. 7-bet, 2013
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam) - ↑ 1937-1938-yillardagi "katta qirg'in" tarixining muhim sanalari. "Fan" nashriyoti. Toshkent. 2013. 23-24-betlar., 2013
{{citation}}
: Andozada hech qanday qiymat berilmagan (boʻsh) nomaʼlum parametr mavjud:|seperator=
(yordam)