Kontent qismiga oʻtish

Avtoradiografiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Avtoradiografiya, autoradiografiya, radioavtografiya– biror ob’yektda radioaktiv moddalarning qanday taqsimlanishini oʻrganish usuli. Avtoradiografiyada tekshiriladigan ob’ekt yuziga radioaktiv moddalarning nurlarini sezadigan fotoemulsiya beriladi; ob’ektdagi radioaktiv moddalar doim nur chiqarib turgani uchun fotoemulsiyani qoraytiradi, goʻyo oʻzini-oʻzi suratga tushiradi (usulning nomi ham shundan). Ob’ektga fotoemulsiya berishning bir necha yoʻli bor: fotoemulsiyani suyultirib, namuna yuziga quyish yoki namuna sirtini silliqlab, unga fotoplastinka bostirib qoʻyish mumkin. Radioaktiv moddalarning qanday taqsimlangani toʻgʻrisida bir fikrga kelish uchun fotoemulsiyaning qanchalik qoraygani etalonga solishtirib koʻriladi yoki fotoemulsiyaga tushgan nur izlari optik, elektron mikroskoplarda sanaladi. Radioaktiv moddalarning namunada taqsimlanishini koʻrsatadigan foto-grafik tasvir avtoradiogramma yoki radioavtogramma deb ataladi. Avtoradiografiya fizika va texnikada, biologiya va tibbiyotda keng qoʻllanadi. Avtoradiografiya usuli har xil rudalarda radioaktiv elementlar bor yoki yoʻqligini, togʻ jinslari, metall qotishmalarida bu elementlar qanday taqsimlanishini, tabiiy radioaktiv elementlarning tana toʻqimalarida qanday tarqalishini bi-lib olishga yordam beradi. Radioaktiv izotoplar bilan nishonlangan birikmalarni organizmga yuborish va toʻqima hamda hujayralarni keyin avtoradiografiya usuli bilan tekshirish tegishli jarayonlarning qaysi hujayralar yoki hujayra tuzilmalarida boʻlib oʻtishini, biror xil moddalarning qanday tuzilmalarga jo boʻlishini aniqlashga imkon beradi va hokazo (qarang Radi-ografiya).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil