Kontent qismiga oʻtish

Avhadiy Marogʻiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Avhadiy Marogʻiy, Rukniddin (yoki Avhadiddin) ibn Husayn Marogʻiy Isfa­honiy (1274-yil – Marogʻa – 1338-yil) – “Naso­yim ul-muhabbat”da tilga olingan tasavvuf shayxi.

Diniy-tasavvufiy ruhdagi sheʼr­lari bilan shuhrat qozongan A. Marogʻiy oʻz davri adabiy va falsafiy ilmlarini chuqur oʻzlashtirib, shofiʼiylik mazhabiga mayl koʻrsatgan. Eron elxonlari saroyiga yoʻl topib, ularga bagʻishlab qator qasidalar yozadi. 1308-yilgi safari davomida, Sultoniya, Hamadon, Isfahon, Karbalo, Damashq, Kufa, Bagʻdod kabi bir qancha shaharlarda boʻlib, 1311-yilda Marogʻaga qaytadi. 1314-yil yana Isfahonga borib, u yerda 20 yil yashaydi, koʻp­lab asarlar bitadi. 1333 yildan umrining oxirigacha Marogʻada yashaydi.

Ijodiy merosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

A. Marogʻiydan sheʼrlar devoni, “Dah noma” (“Oʻn noma”), “Mantiq ul-ushshoq” (“Oshiqlar mantigʻi”) va “Jomi Jam” (“Jamshid jomi”) masnaviysi yetib kelgan. Devoni qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy, tarkibband, tarjiʼband va murabbaʼ janridagi sheʼrlardan iborat. Masnaviylari irfoniy mazmunda boʻlib, “Jomi Jam” Sanoiyning “Hadiqat ul-haqiqa” asariga ergashib yozilgan. Tasavvufa Avhadiddin Kirmoniy izdoshlaridan sanaladi, oʻz taxallusini ham pirining nomidan olgan.

Devoni va “Jomi Jam” masnaviysiga Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy yuksak baho berishgan. Chunonchi, “Nasoyim ul-muhabbat”da oʻqiymiz:

“... anga sheʼr devoni bor, gʻoyat latofatda bir tarjeʼoti bor mutalim haqoyiqu maorifqa va “Jomi Jam” otligʻ masnaviysi bor. Shayx Sanoiyning “Hadiqa”si uslub va vazni bila. Va anda koʻp latoyif darj qilibdur... Va Shayx Sanoiyning “Roiya” qasidasigʻa yaxshi javob aytibdur va abyotining adadi yuz olt­mish boʻlgʻusidur”[1][2].

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat". 
  2. "Nasoyim ul-muhabbat".