Kontent qismiga oʻtish

Atsetilen etin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Atsetilen etin — C2H2 — uch bogʻli toʻyinmagan uglevodorodlarning eng oddiy vakili. Mol. m. 26,04. Rangsiz gaz. Suyuqlanish temperaturasi — 81° (1277 mm sim. ust. da). Qaynash temperaturasi — 83,8 ye. Toza Atsetilen hidsiz. Atsetilen yuqori bosim ostida qizdirilsa portlaydi, havo bilan aralashmasi ham portlashi mumkin. Atsetilen kalsiy karbidga suv taʼsir ettirib olinadi. U yuqori temperaturada chala oksidlab va elektr kreking yordamida metandan (tabiiy gazdan) ham hosil qilinadi. Atsetilen kimyoviy reaksiyalarga juda yaxshi kirishadi. U birikish reaksiyasiga kirishganda, reaksiya ikki bosqichda boradi, birinchi bosqichda etilen qatoriga kiruvchi birikmalar hosil boʻlib, ikkinchi bosqichda bular toʻyingan birikmalarga aylanadi. Atsetilenni xlorlash reaksiyasidan foydalanib, sanoatda koʻp ishlatiladigan geksaxloretan va trixloretilen kabi muhim birikmalar olinadi. Atsetilenga simob tuzlari ishtirokida suv molekulasining birikishi (qarang Kucherov reaksiyasi) natijasida atsetaldegid hosil boʻladi yoki Atsetilen katalizator ishtirokida polimerlansa, kauchuk ishlab chiqarishda xomashyo vazifasini oʻtaydigan vinilatsetilen olinadi. Atsetilen toʻyinmagan birikma boʻlishiga qaramay, urin almashinish reaksiyalariga ham kirishishi mumkin. Atsetilen 1836-yilda kashf qilingan. Uni ilk bor 1862-yil fransuz kimyogari M. Bertlo koʻmir va vodoroddan sintez qilgan. Nemis kimyogari F. Vyoler 1862-yilda Atsetilenni kalsiy karbidsan quyidagi reaksiyaga asosan olish mumkinligini koʻrsatib berdi:

  • CaС2 + 2H2O = C2H2 + Ca(OH)2

Bu usul hozir ham texnik usullardan biri sifatida oʻz ahamiyatini saqlab qolgan. Sanoatda Atsetilen olishning muhim usuli tabiiy gazlarni termik krekinglashdir. Uni elektrokreking usuli bilan metanni volta yoyi orqali (1600ye da) oʻtkazib olish ham mumkin. Atsetilen yonishidan koʻp miqdorda issiqlik ajralib chiqqanligi uchun metallarni payvandlashda va har xil mahsulotlarni sintez qilishda ishlatiladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil