Atomni uygʻotish
Atomni uygʻotish – Atomni normal (risoladagi) energiya holatidan yuqori energiya holatiga oʻtkazish. Atomni yorugʻlik, issiqlik taʼsirida yoki elektronlar bilan bombardimon qilib uygʻotish mumkin. Atom bu jarayon natijasida maʼlum miqdordagi energiyani yutib, uning orbitasidagi elektronlar yuqori energiya holatiga oʻtadi. Masalan, natriy atomini uygʻotish uchun 2 eV yoki 3,2 10-12 erg energiya kerak. Xona temperaturasida atomlarning oʻrtacha kinetik energiyasi 5 • 10-14 erg ga teng, bu uygʻonish energiyasidan 100-marta kichik. Atomning uygʻotilganligini uning normal holatga oʻtishida maʼlum toʻlqin uzunligidagi yorugʻlik chiqarishidan bilish mumkin. Elektron bilan toʻqnashgan atom undan qabul qilib olgan ortiqcha energiyani bir oz vaqt davomida saqlab turib, soʻngra atrofdagi atomlar harakati taʼsirida uni kaytarib beradi va yana normal holatga oʻtadi. Agar gaz bosimi juda kichik boʻlsa, atom ortiqcha energiyani yorugʻlik chikarish bilan kaytarishi mumkin. Agar simob atomining birinchi kritik poten-siali 4,9 eV ga teng boʻlsa, uni shunday energiyali elektron bilan bombardimon qilinganda uygʻotilgan holatga oʻtadi va, aksincha, normal holatga oʻtishi uchun uning ortiqcha uygʻotish energiyasi yorugʻlik kvanti holida nurlanishi kerak. Siyraklashtirilgan simob bugʻini monoxromatik yorugʻlik bilan nurlatilsa, atomning uygʻonishi (optik uygʻonish) roʻy beradi. Yutilgan yorugʻlik kvantining energiyasi qancha boʻlsa, atom qaytargan kvantning energiyasi ham shuncha boʻladi. Masalan, natriy bugʻlarini sariq natriy spektr chizigʻiga mos yorugʻlik kvanti bilan nurlatilsa, u yana qayta shu sariq spektr chizigʻga mos nur chikaradi. Maxsus usullar yordamida atomlarni ikkinchi, uchinchi va boshqa yuqori kritik potensiallar (yuqori energiya holatlari)gacha uygʻotish mumkin. Bu atomning qayta chiqargan energiyasi turli toʻlqin uzunliqdagi yorugʻlik nuridan iborat boʻladi. Uchinchi termik (issiqlik vositasida) uygʻotish usuli yuqori temperatura taʼsiri bilan bogʻliq. Gaz alangasiga kiritilgan osh tuzining zarrasi alangani sariq rangli qilib koʻrsatadi. Spektroskop yordamida alangada natriyning sariq spektr chizigʻi borligini kuzatish mumkin.[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |