Atmosfera sirkulyatsiyasi
Atmosfera sirkulyatsiyasi (lot. circulatio — doiraviy aylanish) — gorizontal oʻlchami materik va okeanlarga, qalinligi bir necha km dan oʻnlab km larga teng boʻlgan juda katta koʻlamli havo oqimlari sistemasi. Materik va okeanlar sirtining turlicha isishi, havo oqimlarining ishqalanishi va Yerning aylanishi ta’siridagi ogʻishi, shuningdek toʻlqin va girdoblar hosil boʻlishi (planetar A. s., global A. s.) tufayli vujudga keladi. Havo massalarining koʻchib yurishi kengliklararo va meridianal yoʻnalishda roʻy beradi. Troposferada eng turgʻun oqimlarga passat, antipassat va mussonlar kiradi. Havo massalarining koʻchishi katta koʻlamdagi girdoblar (qarang Siklon va Antitsiklon) tufayli oʻzgarishi mumkin. Stratosferaning yuqori qismlarida havo oqimlari zonal (yozda sharqiy, qishda gʻarbiy yoʻnalishda) boʻladi.A. s. yildan-yilga yoki bir koʻp yillik davrdan boshqa koʻp yillik davrga oʻzgarib turishi Yer atmosferasi Quyoshdan oladigan radiatsiya miqdori bilan, ya’ni Quyosh faolligi bilan belgilanadi (qarang Quyosh radiatsiyasi). A. s. iqlimni shakllantiruvchi muhim jarayon; Yerning har qanday joyidagi iqlim xususiyatlari umuman doimiy A. s.ga, qishloq xoʻjaligida barcha turdagi ishlarni olib borishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ayrim yillar ob-havosining xususiyatlari esa sirkulyatsiyaning yildan-yilga oʻzgarishiga bogʻliqdir. A. s.ni oʻrganish xalq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligini meteorologik ma’lumotlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.[1]