Asl metallar probasi
Asl metallar probasi — (litovcha: probo — sinab koʻrish, baholash) — ishlanadigan va tanga zarb qilinadigan qotishma tarkibidagi sof oltin, kumush, platina va b. qimmatbaho metallar miqdorini ifodalaydigan mezon. Koʻpchilik mamlakatlarda Asl metallar probasi metrik tizim boʻyicha 1000 g qotishma tarkibidagi nodir metallning grammlar miqdori bilan ifodalanadi. Odatda asl metallar yumshoqroq boʻlib, bu metallarga legirlovchi metallar (mis, rux, nikel va hokazo) qoʻshilmasa, ulardan tayyorlangan buyumlar puxta boʻlmaydi. Ilgari (1917-yilgacha) Oʻzbekistonda proba tizimi 96 misqoldan (har misqol 4,25 g) iborat qadoqqa (409 g ga) asoslangan. Unda eng yuqori darajadagi Asl metallar probasi 96 ga teng edi. Hozir Oʻzbekistonda oltin buyumlar uchun 375, 500, 583, 750, 958 probalar, kumush buyumlar uchun 800, 875, 916, 960 probalar, platina buyumlar uchun 950 proba, palladiy buyumlar uchun 850 proba mavjud. Oʻzbekistonda asl metallardan yasalgan buyumlarning qonunlashtirilgan probalarga muvofiq kelishini Oʻzbekiston Moliya vazirligi nazorat qilib boradi. Buyum probasini tasdiklash uchun unga davlat tamgʻasi urib kafolatlanadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- http://referat.arxiv.uz (Wayback Machine saytida 2019-11-28 sanasida arxivlangan)
Vikiomborda Asl metallar probasi haqida turkum mavjud |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |