Asbobsozlik poʻlati
Asbobsozlik poʻlati – Turli asboblar, keskichlar, sovuqlayin va qizdirib deformatsiyalash shtamplari. oʻlchash asboblari va boshqa yasash uchun ishlatiladigan poʻlat. Tarkibida, odatda, 0,6 dan 1,4 % gacha uglerod boʻladi. Asbobsozlik poʻlati uglerodli, legirlangan va tezkesar (koʻp legirlangan) xillarga boʻlinadi. Uglerodli va legirlangan Asbobsozlik poʻlati kichik tezlik bilan ishlaydigan va kesuvchi qirrasi 200 – 300° gacha qiziydigan kesuvchi asboblar, oʻlchov asboblari hamda shtamplari tayyerlash uchun, tezkesar Asbobsozlik poʻlati esa katta tezlik bilan ishlaydigan va kesuvchi qirrasi 560 – 600° gacha qiziydigan kesuvchi asboblar tayyerlash uchun moʻljallangan. Uglerodli Asbobsozlik poʻlati „U“ harfi va undan keyin qoʻyiladigan raqam bilan belgilanadi. „U“ harfi Asbobsozlik poʻlatining uglerodli poʻlat ekanligini, raqam esa poʻlat tarkibidagi uglerod foizining oʻndan bir ulushlarida ifodalangan oʻrtacha miqdorini koʻrsatadi. Masalan, U8 markali poʻlat uglerodli Asbobsozlik poʻlati tarkibida oʻrtacha 0,8 % uglerod borligini bildiradi. Uglerodli Asbobsozlik poʻlatining U7, U8, U9, U10, U I. U12, U13 markalari bor. Tarkibida zararli qoʻshilmalar 0,03 % dan kam „S“ va 0,04 foizdan kam „R“ uglerodli Asbobsozlik poʻlatining markasi oxiriga „A“ harfi qoʻyiladi, masalan, U7A, U8A, U9A va hokazo Legirlangan Asbobsozlik poʻlati koʻp tarqalgan X, 9XS, XG, XVG, XV5, X12, FG, 7X3, 4XS. 4X2V8 markali poʻlatlardir. Harflar tegishli elementlarni bildiradi (masalan, X– xrom, S – kremniy, G – marganets, V – volfram, F – vanadiy), harflardan keyingi raqamlar ayni elementning foizlarda ifodalangan oʻrtacha miqdorini koʻrsatadi (Yana qarang Legirlangan poʻlat, Legirlash, Tez kesar poʻlat)[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- http://referat.arxiv.uz (Wayback Machine saytida 2019-11-28 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |