Aruz vazni
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Bu maqola oʻzbek tilining imlo qoidalariga muvofiq yozilmagan. Qarang: VP:ORFO. |
Aruz vaznining asosini hijolarning sifati tashkil etadi. Shunga koʻra, aruz tizimidagi sheʼrlarda hijo dastlabki oʻlchov birligi sanaladi. Aruz sheʼriy oʻlchov tizimi misralarda qisqa va choʻziq hijolarning muayyan tartibda guruhlanib takrorlanishiga asoslanadi. Demak, aruz vaznida hijolar goh choʻziq, goh qisqa talaffuz qilinadi. Aksariyat hollarda „o“ tovushidan boshqa unlilar bilan tugallanuvchi hijolar qisqa, barcha undosh tovushlar va „o“ bilan tugallanuvchi hijolar choʻziq hijo boʻlib keladi. Tarkibida choʻziq unli boʻlgan (zor, yor, shod) kabi shuningdek, qoʻsh undosh bilan tugallangan (mehr, xalq, ilm) kabi yopiq hijolar oʻta choʻziq hijo hisoblanadi. Aruz ilmiga doir adabiyotlarda qisqa hijo „V“ shaklida, choʻziq hijo " – " va oʻta choʻziq hijo esa " ~ " shaklida belgilangan. Hijolarning choʻziq va qisqaligi sheʼriy misralarning yozilishiga qarab emas, balki vazniga muvofiq, oʻqilishiga qarab aniqlanadi. Masalan, quyidagi bayt misolida hijolar sifatini aniqlab koʻramiz:
- Jahon shoirlari, ey gulshani bogʻ,
- Kimi bulbuldurur soʻzda, kimi zogʻ.
- Ja-hon-sho-ir / la-ri ey-gul / sha-ni-bogʻ
- V – – – V – – - V – ~
- Ma-fo-iy-lun, ma-fo-iy-lun, ma-fo-iyl
- Ki-mi-bul-bul / du-rur-soʻz-da / ki-mi-zogʻ
- V – – – V – – - V – ~
- Ma-fo-iy-lun, ma-fo-iy-lun, ma-fo-iyl
Baʼzi hollarda vazn talabiga koʻra, qisqa hijolarning choʻziq hijoga yoki choʻziq hijoning qisqa hijoga oʻzgarishi ham mumkin. Bu aruzda imola deb nomlanadi. Shuni ham taʼkidlash lozimki, imola hodisasiga koʻra „a“unlisi bilan tugagan ochiq boʻgʻinlar soʻz oʻrtasida qisqa, soʻz oxirida esa, choʻziq va qisqa boʻlib kelishi mumkin. Shuningdek, qolgan boshqa unli tovushlar bilan bitgan ochiq hijolar ham qisqa yoki choʻziq boʻlishi mumkin. Aruz tizimi, eng avvalo, hijolarning sifatiga asoslanganligi uchun bu tizimga xos juda koʻp murakkabliklar va oʻziga xosliklar mavjud. Vazn taqozosiga koʻra, ayrim soʻzlar odatdagidan boshqacharoq tarzda oʻqiladi. Masalan, ikki hijoli soʻzlar uch-toʻrt hijoli shaklida oʻqilishi ham mumkin:
Of-tob soʻzi o-f-to-b, pod-shoh soʻzi po-d-sho-h, Iz-hor soʻzi iz-ho-r, mash-hur soʻzi ma-sh-hur kabi.
Aruzdagi sheʼrlarni ifodali oʻqishning nozik jihatlaridan biri misralardagi oʻta choʻziq hijolarni toʻgʻri talaffuz qilishdir. Badiiy soʻz ustalari ham, adabiyot oʻqituvchilari ham, koʻpincha shunday hijolarni oʻqishda xatoga yoʻl qoʻyadilar. Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, oʻta choʻziq hijolar yo tarkibida choʻziq unli boʻlgan yopiq hijodan, yo qoʻsh undosh bilan tugallangan yopiq hijodan tashkil topadi. Tarkibida choʻziq unli kelgan yopiq hijo shaklidagi oʻta choʻziq hijoning unlisi ancha choʻzib talaffuz qilinishi shart. Masalan, Boburning Yoz fasli, „Yor vasli, doʻstlarning suhbati, Sheʼr bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati“, – baytidagi „yoz“, „yor“ hijolari oʻta choʻziq boʻlgani uchun ularning unlilari choʻzib talaffuz etiladi. Aruz tizimining xarakterli xususiyatlaridan yana biri shundaki, baʼzi hollarda unli bilan boshlanadigan soʻz undosh bilan tugagan soʻzdan keyin kelsa, vazn talabiga koʻra qoʻshib oʻqiladi. Masalan:
Kel-di-lar / ka-ra-may-lab / kul-ba-mich / ra-jo-non-lar,
Har-bi-ri / si-jo-nim-din / ham-a-zi / z-meh-mon-lar.
Tiy-ra-sho / mi-hij-ro-nim / rav-sha-net / ti-lar-kun-dek,
Yuz-la-rin / o-chib-har-yon / ne-cha-mo / hi-to-bon-lar.
Mashq
Quyida keltirilgan gʻazalni hijolarga ajrating. Qisqa va choʻziq hijolarga eʼtibor bergan holda, ifodali oʻqishni mashq qiling.
Qon yutub umri jahon ahliga bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.
Kimga-kim jonim fido aylab sogʻindim dam-badam,
Ermas erdi yorlikda chun vafodor istadim.
Bilmadim olam elida yoʻqturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yoʻqtur sogʻinib yor istadim.
Ulki, topilmas bashar jinsida, vah, gʻaflat koʻrung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.
Sirri ishqimni koʻngul koʻz birla fosh etmak, ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.
Shayx birla xonaqahdin chun yorugʻluq topmadim,
Dayr piri xizmatigʻa koʻyi xammor istadim.
Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu gʻussadin
Oʻzni bekaslik balosigʻa giriftor istadim.
Rukn
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aruz tizimidagi ikkinchi oʻlchov birligi rukndir. Sheʼriyatda misralar maʼlum tartibda boʻlgani uchun, ular bir necha hijodan iborat boʻlaklarga boʻlib talaffuz etiladi. Misraning ana shu boʻlaklari rukn deyiladi. Rukn arabcha soʻz boʻlib, ustun maʼnosini ifodalaydi. Mazmun va shakl jihatdan uzviy bogʻlangan tugal ikki misra bayt deyiladi. Baytning asl maʼnosi uy boʻlib, goʻyo ikki misra bir sheʼriy uyni tashkil etadi. Uyning ustuni boʻlganidek, sheʼriy baytning ham ustuni – ruknlari boʻladi. Rukn bittadan tortib besh hijogacha boʻlishi mumkin. Sheʼriy asarni oʻqish jarayonida har bir misradagi ruknlarni bir-biridan ajratish uchun qisqa pauza qilinadi. Masalan, Atoiy quyidagi baytini ruknlarga ajratib koʻraylik:
Ul sanam kim, suv yaqosinda paritek oʻlturur,
Gʻoyati nozuklukindin suv bila yutsa boʻlur.
Ul-sa-nam-kim / suv-ya-qo-sin-da / pa-ri-tek / oʻl-tu-rur,
Gʻo-ya-ti-no / zuk-lu-kin-din / suv-bi-la-yut/ sa-boʻ-lur.
Rukn aruz tizimida sheʼr vaznini tashkil etuvchi asosiy oʻlchov birligi sifatida asrlar davomida mustahkam qonunlashib ketgan. Shu boisdan ham, har bir asar ana shu ruknlar asosida yuzaga keluvchi muayyan vazn bilan oʻlchanadi. Ruknlar maʼlum qoidalar asosida oʻzgarmas tabiatga ega boʻlgani tufayli, soʻzlarni ham ana shu qoidalar asosida talaffuz qilishni taqozo etadi. Aruz tizimida rukn asosiy oʻlchov birligi sifatida gʻoyat muhim oʻrin tutadi. Shunday ekan, har bir oʻqiladigan asar oldindan ruknlarga ajratib olinadi. Zero, ruknlar takrori, bir tomondan, muayyan asarning vaznini aniqlab olish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, asarning ritmikasini, oʻziga xos musiqiy tabiatini his qilishga imkon yaratadi. Fikrimizning dalili sifatida quyidagi baytni ruknlarga – ritmik boʻlaklarga ajratib koʻraylik.
Mastu bexudlik bila umrungni oʻtkazding darigʻ,
Ey koʻngul, mundin beri boʻl bir nima hushyorroq.
Mas-tu-be-xud / lik-bi-la-um / rung-ni-oʻt-kaz / ding-da-rigʻ,
Fo-i-lo-tun / fo-i-lo-tun / fo-i-lo-tun / fo-i-lun
— V – – / – V — – / – V — – / – V -
Ey-koʻ-ngil-mun / din-be-ri-boʻl / bir-ni-ma-xush / yo-r-roq
Fo-i-lo-tun /fo-i-lo-tun / fo-i-lo-tun / fo-i-lun
— V — – / – V — – / – V — – / – V -
Kuzatganimizdek, sheʼrda ritm-ohang baytdagi ruknlarni tashkil etgan choʻziq " – " va qisqa " V " hijolarning bir tekisda takrorlanishidan hosil boʻlib, bu ohang oʻz navbatida rukn deb nomlangan hijolarning turli ritmik guruhlariga tayanadi. Ruknlar hijolarning miqdori va sifatiga (choʻziq-qisqaligiga) qarab sakkiz aslga boʻlinadi va ularning har biri maxsus nom bilan yuritiladi:
1. faulun – uch hijoli rukn: fa-u-lun;
2. foilun – uch hijoli rukn: fo-i-lun;.
3. foilotun – toʻrt hijoli rukn: fo-i-lo-tun;
4. mafoiylun – toʻrt hijoli rukn: ma-fo-iy-lun;
5. maf’ulotu – toʻrt hijoli rukn: maf-u-lo-tu;
6. mustaf’ilun – toʻrt hijoli rukn: mus-taf'-i-lun;
7. mutafoilun – besh hijoli rukn: mu-ta-fo-i-lun;
8. mafoilotun – besh hijoli rukn: ma-fo-i-lo-tun.
Mana shu sakkiz ruknning turlicha birikishidan bahrlar vujudga keladi. Bahrlar esa, aruz tizimidagi sheʼr oʻlchovlarining asosi hisoblanadi. Ruknlar oʻzgarishsiz takrorlansa, solim (asliy), ruknlarning takrorlanishida oʻzgarishlar paydo boʻlsa tarmoq (far’iy) bahrlari hosil boʻladi. Aruz tizimining bir-biriga yaqin vazn turkumlari boʻlib, bu turkumlar bahr deb nomlangan. Bahrlar asllarning va far’larning takroridan yoki bir-biriga aralashtirib olinishidan vujudga keladi. Bu haqda Alisher Navoiy „Mezon ul-avzon“da shunday deb yozadi: buhureki baʼzisining takrori va baʼzisining tarkibi baʼzi bila hosil boʻlur, oʻn toʻqqizdur, baʼzi arabqa maxsus va baʼzi ajamga maxsus va baʼzi mushtarak "[1]. Hazrati Navoiy taʼkidlagan oʻn toʻqqizta bahr quyidagicha nomlangan: tavil, madid, basit, vofir, komil, hazaj, rajaz, ramal, munsarih, muzoreʼ, muqtazab, mujtass, sareʼ, jadid, qarib, hafif, mushokil, mutaqorib, mutadorik. Bahrlar odatda baytdagi ruknlarning miqdori bilan birga aytiladi. Masalan, hazaji musaddas – olti ruknli hazaj, hazaji musamman – sakkiz ruknli hazaj, ramali murabbaʼ – toʻrt ruknli ramal va hokazo. Demak, ramal, hazaj va boshqa bahrdagi bayt toʻrt ruknli boʻlsa – murabbaʼ, olti ruknli boʻlsa – musaddas, sakkiz ruknli boʻlsa – musamman sanalib, vazn nomi bilan qoʻshib aytiladi. Masalan, ramali musaddas, ramali musamman kabi. Bahrlarning oʻziga xos xususiyatlaridan biri, har bir bahrning oʻz ichida bir necha tarmoqlarga boʻlinib ketishidir. Masalan, ramal bahri 15 tarmoqqa va rajaz bahri 9 tarmoqqa, hazaj bahri 10 tarmoqqa va boshqa bahrlar ham shu tariqa boʻlinib ketadi. Masalan, quyidagi ramal bahrining bir-biridan farq qiluvchi uchta tarmogʻini oʻrganib chiqaylik.
1. Ramali musammani maqsur: Foilotun / foilotun / foilotun / foilun
— V — – – V — – – V — – -V -
2. Ramali musammani mahbun: Foilotun / foilotun / foilotun / foilotun
— V — – – V — – -V- – -V- -
3. Ramali musaddasi maqsur: Foilotun / foilotun / foilun
-V — – -V- – – V -
Shuni ham alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, aruz vazni bahrlari qanchalik koʻp va rang-barang boʻlmasin, oʻzbek klassik adabiyotida eng kooʻp qoʻllanadigan bahrlar bu – ramal va hazaj bahrlaridir. Ayniqsa, ramali musammani mahzuf vazni mumtoz adabiyot namoyandalarining eng sevimli vazni hisoblangan. Shu boisdan ham gʻazallarning katta qismi shu vaznda yaratilgan. Adabiyotshunos olim Anvar Hojiahmedovning maʼlumotlariga qaraganda, "Alisher Navoiyning „Xazoyin ul-maoniy“ lirik kulliyotidagi 3132 sheʼrdan 1156 tasi, jumladan, 2600 gʻazaldan 1089 tasi, yaʼni 42 foizi mana shu vaznda bitilgan. Shu vaznda Boburning 113 gʻazalidan 42 tasi, Muqimiyning 226 lirik sheʼridan 117 tasi yozilgan. Boshqa shoirlar ijodida ham bu vaznda yaratilgan lirik sheʼrlarni koʻplab uchratamiz. Buning sababi mazkur vaznning oʻynoqiligi, jozibadorligida, insonning rang-barang ichki kechinmalarini ifodalash uchun qulayligidadir "[2]. Aruz tizimidagi asarlar qaysi bahrda yozilganligidan qatʼiy nazar, ularni maxsus tayyorgarliksiz oʻqib oʻrganishning, ayniqsa, ifodali oʻqishning hech ham iloji yoʻq. Maxsus tayyorgarlik deganda, biz shartli ravishda quyidagi qoidalarga amal qilishni nazarda tutdik:
- Dastlab lirik sheʼr yoki epik asardan olingan matndagi arabiy va forsiy soʻzlarning mazmuni lugʻat yordamida aniqlanadi. Lugʻatda muayyan soʻzning bir necha maʼno qirralari koʻrsatilgan boʻladi. Oʻrganilayotgan baytda (kontekstda) mazkur soʻzning qaysi maʼnosi nazarda tutilganligi belgilanadi.
- Matndagi notanish soʻzlarning mazmuni oydinlashtirilgandan keyin har bir baytni sinchkovlik bilan oʻrganib, uning nasriy bayonini tuzib chiqish maqsadga muvofiqdir. Chunki nasriy bayon baytdagi tashbehu tamsillar qobigʻiga oʻralgan purmaʼno soʻzlarning mazmunini maʼlum darajada anglab olishga yordam beradi.
- Baytlar mazmuni maʼlum darajada oʻrganilgandan keyin sheʼrning umumiy gʻoyasi, shoirning maqsad va muddaosi, nima demoqchi ekanligi aniqlanadi. Bunda asarning tub mohiyatini talqin qiluvchi baytlarga alohida eʼtibor beriladi.
- Asarning gʻoyaviy xususiyatlarini oʻrganish barobarida, badiiy tasvir vositalariga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Bunda tashbehu tamsil, majozu istiora kabi badiiy sanʼatlarning sheʼriy asardagi asosiy gʻoyani yorqin ifodalashda muhim oʻrin tutganligini tushunib olish ham maqsadga muvofiqdir.
- Muayyan sheʼriy asarning gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari maʼlum darajada oʻrganilgandan keyin, endi uning shakliy tuzilishiga eʼtibor qaratiladi. Masalan, oʻrganilayotgan gʻazal aruzning qaysi bahrida yaratilganligini aniqlash uchun, dastlab hijolarga va ruknlarga ajratib chiqiladi. Sheʼrning ruknlar tartibi va chizmasini belgilash uni toʻgʻri oʻqishga yordam beradi.
- Sheʼrni ifodali oʻqishda qisqa „V“, choʻziq „-“ va oʻta choʻziq „~“ hijolar talaffuziga alohida eʼtibor qaratish lozim.
- Sheʼrning shakliy tuzilishini oʻrganish jarayonida vazn talabi bilan biri ikkinchisiga qoʻshilib ketadigan soʻzlarni belgilab chiqish ham sheʼrni toʻgʻri va ifodali oʻqishni osonlashtiradi.
Sharq xalqlari orasida qadim-qadimdan toʻgʻri soʻzlash va fikrni chiroyli ifodalash masalalariga katta eʼtibor qaratilgan. Til qoidalariga toʻla amal qilgan holda soʻzlash va yozish bilan bogʻliq fan „ilmi balogʻa“ deb, chiroyli, yoqimli soʻzlash va yozishni oʻrgatadigan fan sohasi esa, „ilmi fasohat“ deb atalgan. Lutfiy, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy kabi buyuk adiblarning beqiyos ijod mahsuli sifatida yaratilgan asarlari balogʻa va fasohat ilmining yorqin namunalaridir. Biror fikrni oddiy soʻzlar bilan joʻngina ifoda qilish bilan uni badiiy boʻyoqlar, goʻzal tashbehlar, rang-barang obrazlar, jozibador vazn va ohangdosh qofiyalar vositasida ifodalash oʻrtasida katta farq bor. Soʻz adiblarining asarlarida talqin qilingan umumbashariy gʻoyalar yuksak badiiylikda ifodalangani uchun ham mangulikka daxldor boʻlib qolgan. Mumtoz adabiyot namunalarining tarovatiyu jozibasi, ayniqsa, ifodali oʻqish paytida yanada koʻproq namoyon boʻladi va eshituvda zavq uygʻotadi. Zavq bu insonning yetuklik va goʻzallikdan lazzatlana olish qobiliyatidir. Abu Ali ibn Sino „Sheʼr sanʼati“ risolasida „sheʼr uch xil narsa bilan xayolga taʼsir etadi“ deydi. Bulardan birinchisi lahn – garmoniya boʻlib, bu bilan sheʼr kuylanadi. Kuy va ohang, shubhasiz, inson ruhiga taʼsir etadi. Ikkinchisi obrazli va tashbehli aytilgan soʻzlardir. Uchinchisi esa vazn bilan boʻladigan taqliddir. Shuning uchun kimda-kim sheʼr aytib kuylamoqchi boʻlsa, albatta, uni ohangli lahn bilan bajo keltiradi[3] . Ming yillar oldin aytilgan ushbu fikrlar kishini hayratga soladi. Buyuk qomusiy olimning sheʼr va uning inson ruhiga taʼsiri, sheʼrni qanday aytish haqidagi mulohazalari ayni kunlarda ham nihoyatda muhimdir.
Mashq
Muhammad Fuzuliyning „Shifoyi vasl qadrin…“ deb boshlanuvchi gʻazalini ifodali oʻqish.
Shifoyi vasl qadrin hajr ila bemor oʻlandan soʻr,
Zuloli zavq-shavqin tashnai diydor oʻlandan soʻr.
Labing sirrin gelub gufitora bandan oʻzgadan soʻrma,
Bu pinhon nuktani bir voqifi asror oʻlandan soʻr.
Goʻzi yoshlularing holin na bilsun mardumi gʻofil,
Kavokib sayrini shab to sahar bemor oʻlandan soʻr.
Gʻamingdan sham’tak yondim, sabodan soʻrma ahvolim,
Bu ahvoli shabi hijron banim-la yor oʻlandan soʻr.
Xarobi jomi ishqam, nargisi masting bilur holim,
Xarobat ahlining ahvolini xummor oʻlandan soʻr.
Muhabbat lazzatindin bexabardir zohidi gʻofil,
Fuzuliy ishq zavqin, shavqi ishqi vor oʻlandan soʻr.
Gʻazaldagi notanish soʻzlarning izohi
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻlandan – boʻlgandan
- Zulol – tiniq
- Guftor- soʻzlash
- Nukta – sir
- Kavokib – yulduzlar
- Fatton – fitnachi
- Banim-la – men bilan
- Xarobot ahli – iloh oshiqlari
- Shabi hijron – hijron tuni
- Nargisi masting – mastona koʻzing
Gʻazalning nasriy bayoni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ayriliq azobiga shifo boʻluvchi vasl qadrini hijron dardida kuygandan soʻra. Yor labining qadriga ham yorning diydoriga tashna boʻlganlar yetadi.
Labing sirlaridan soʻz ochmoqchi boʻlsang, buni mendan oʻzgadan soʻrama, Bu pinhona soʻzni sirlardan voqif boʻlgan odamdan soʻra.
Koʻzi yoshlilarning holini gʻofil olomon qayerdan ham bilsin, Koʻkdagi yulduzlar sayrini ham tunlarni bedor oʻtkazgan bemorgina biladi.
Fitnachi koʻzlar jabrini chekkanlardan xabarsiz boʻlma (oshiqlardan) oʻzidan bexabar mastlar bedodligini hushyor boʻlgandan soʻra.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |