Kontent qismiga oʻtish

Armrestling

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Armrestling

Armrestling (ing. Arm — qoʻl, wrestling — kurash) — sport turi, ikki kishi (sportchi)ning maxsus stolda tirsagini tayanchdan uzmasdan bir-birining qoʻlini qayirib mushti sirtini stolga tegizish uchun kurashish. Agar oʻng (chap) qoʻl bilan musobaqalashilsa, chap (oʻng) qoʻl bilan stoldagi maxsus tutqichdan ushlanadi. Musobaqada vaqt cheklanmaydi. Erkaklar 50, 55, 60, 65, 70, 75, 80, 90, 100, 110 kg va 110 kg dan ziyod, ayollar 45, 50, 55, 60, 65, 70 va 80 kg dan ziyod vazn toifalarida musobaqalashadilar.

Armrestling qadimiy kuch sinashish turlaridan biri boʻlishiga qaramasdan 20-asrning 50-yillariga kelibgina AQShdagi olis masofaga qatnovchi avtomobil haydovchilari oʻrtasida sport turi sifatida shakllandi. 1962-yilda Jahrn armrestling federatsiyasiga asos solindi, unga 95 davlat (Oʻzbekiston 1996-yildan) aʼzo (2005). Armrestling boʻyicha ilk jahon chempionati 1962-yilda (Osiyo chempionati 2000-yilda) oʻtkazildi. Shundan buyon har yili erkaklar, ayollar va yoshlar oʻrtasida jahon chempionatlari tashkil qilinadi. Armrestling AQSH, Gruziya, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Oʻzbekiston kabi davlatlarda yaxshi rivojlangan.

Oʻzbekistonda Armrestling 20-asrning 90-yillarida sport turlari qatoridan oʻrin oldi. 1991-yilda Oʻzbekiston Armrestling federatsiyasi tuzildi va Oʻzbekiston chempionatlari (erkaklar va ayollar oʻrtasida) uyushtirildi. Hozirgi vaqtda mamlakatda Armrestling boʻyicha 10 dan ziyod turli toifadagi musobaqalar tashkil etiladi. Oʻzbekiston Armrestlingchilari 1995-yildan xalqaro musobaqalarda qatnasha boshladi. Armrestling boʻyicha oʻz vazn toifalarida Umidjon Ahmedov 6 karra (1998, 1999, 2000, 2002, 2003, 2005), Yusuf qodirov 2 karra (2000, 2002), Farid Usmonov 2 karra (ikki turda, 2005), Mirzohid Sharapov (2005) va yoshlar oʻrtasida Komil Kerimov (2001, Sarvinoz Tangatova 2 karra (ikki turda, 2005), Ruslan Muxtorov (2005) jahon chempioni boʻlishdi. Shuningdek, Avazbek Asadov, Jasur Aliakbarov, Yelena Shafronova, Amir Oʻroqov kabi Armrestlingchilar jahon chempionati sovrindorlari va Osiyo chempionlaridir va Oʻzbekistonda Armrestlingning kuchayishi eng katta hissa qoʻshgan inson bu hozirda Armrestling buyicha „Oʻzbekiston bosh armrestling ustozi“ Sultonbek Neʼmatullayevning oʻrni beqiyos. Respublikadagi 67 ta Armrestling boʻlimi va toʻgaraklarida Fikrat Kerimov, Qurbon Konishev, Igor Shishkov, Pavel Dokuchayev kabi 29 nafar murabbiy qoʻl ostida 809 kishi (45 nafari ayol) shu sport turi bilan muntazam shugʻullanadi (2005).