Kontent qismiga oʻtish

Ammoniy nitrat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ammoniy nitrat, ammiakli selitra – rangsiz, kristall modda, gigroskopik. Zichligi 820 kg/m³. Suyuqlanish temperaturasi 169,6 °C, suvda yaxshi eriydi, bunda issiqlik yutiladi (1 g tuz 1 g suvda eriganda temperatura 15dan −10 °C gacha pasayadi). Ammoniy nitrat suyultirilgan nitrat kislotaga ammiak taʼsir ettirish yoʻli bilan olinadi. MDH mamlakatlarida A, B va V markalari ishlab chiqariladi. A, B markasi sanoatda portlovchi moddalar (ammonitlar) tayyorlashda ishlatiladi. Ammoniy nitratning V markasi koʻproq tarqalgan, hosildorlikka kuchli taʼsir etuvchi oʻgʻit tarkibida 34% sof azot bor. Ekinlarni ekishdan oldin va oʻsish davrida yerga asosiy oʻgʻit sifatida solinadi, ayniqsa gʻoʻza parvarishida koʻp ishlatiladi. Ammoniy nitrat yuqori gigroskopik xususiyatga ega boʻlganligi sababli saqdash paytida nam tortib qotib qoladi. Shuning uchun u nam oʻtkazmaydigan qoplarda quruq binolarda saqlanishi kerak. Ammoniy nitratning nam yutishi va qotishini kamaytirish uchun unga turli xil moddalar qoʻshib, donador holda ishlab chiqariladi. Bu holdagi ammoniy nitrat yaxshi saqlanadi. Ammoniy nitrat oʻgʻiti Chirchiq, Fargʻona, Navoiy kimyo kombinatlarida ishlab chiqariladi (qarang Azotli oʻgʻitlar).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil