Kontent qismiga oʻtish

Amir Toʻra madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Amir madrasasidan yoʻnaltirildi)
Amir Toʻra madrasasi

Restavratsiyadan oldin Amir Toʻra madrasasi bosh peshtoqining koʻrinishi. 2017-yil.
Umumiy maʼlumot
Maqomi Davlat muhofazasida
Turi Madrasa
Tasnifi Oʻrta
Manzili Ichan qalʼa, Zargarlar koʻchasi, 45-uy
Shahar Xiva
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi tugagan 1870-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht
Qavatlar soni old tomoni 2 qavat
qolgan tomonlari 1 qavat
Dizayn va konstruksiya
Quruvchi Amir Toʻra
(Muhammad Rahimxonning akasi)
Map
Amir Toʻra madrasasi xaritada
Amir Toʻra madrasasi Vikiomborda

Amir Toʻra madrasasi – Oʻzbekistondagi Xiva sharining tarixiy markazida joylashgan madaniy meʼros obyekti. Meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan[1]. Ichan qalʼaning shimoliy qismida joylashgan.

Qurilish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Toʻra madrasasi oʻzbek hukmdori Muhammad Rahimxon IIning (1864—1910) akasi Amir Toʻra donatorligida Xiva xonligining poytaxtida, Ichan qalʼaning ichkarisida, shaharning shimoliy Bogʻcha darvozasi yaqinida[2], Hasan Murod qushbegi masjidining roʻparasida bunyod etilgan[3]. Baʼzi bir manbalarda inshootning qurilgan yili sifatida 1870-yil koʻrsatilsa[4][1], boshqalarida 1872-yil koʻrsatiladi[2].

Aytilishicha, Amir Toʻra madrasaning qurilishi Muhammad Rahimxon madrasasi qurilishi bilan bir davrga toʻgʻri kelganligi sababli, Amir Toʻra gʻisht va mohir ustalarning yetishmasligidan biroz aziyat chekkan. Keyinchalik u bu muammoni oson yechib, oʻz qaramogʻidagi Toʻrtkoʻl va Shoʻroxon ustalarini olib kelgan ekan[2].

Madrasaning ichki sahni koshin bilan qoplanib, peshtoq oldi koshin bilan bezatilmay qolib ketgan. Buning sabablaridan biri sifatida Rossiya imperiyasining 1873-yildagi Xiva yurishi koʻrsatiladi[2].

Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2014-yilda Amir Toʻra madrasasini UNESCO donorligida taʼmirlash rejalashtirilgan[5].

2017—2019-yillar mobaynida Amir Toʻra madrasasida 2 bosqichda restavratsiya ishlari amalga oshirilgan[6]. 2020-yil 9-yanvarda Amir Toʻra madrasasi Xitoyning „Chinese academy of Cultural heritage“ tashkiloti tomonidan investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi hisobiga tamirlanganligi haqida xabar berilgan[7][8]. Uch oydan soʻng, 12-martda Ichan qalʼa majmuasiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amir Toʻra madrasasida amalga oshirilgan restavratsiya ishlari bilan tanishgan[9].

Madrasa binosini Xiva restavratsiya maktabiga tekin foydalanish huquqi asosida berish hamda unda namunali asrashga doir ishlarni namoyish qilish, amaliy koʻrgazmalar oʻtkazish, yangi ekspozitsiyalar yaratish hamda turistlar tomonidan asrashga doir ishlarni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratish rejalashtirilgan edi[10]. Xabar berilishicha, Xiva restavratsiya maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari sohasidagi restavrator-ustalar va boshqa mutaxassislar uchun malaka oshirish tizimi yaratilgan[7].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chortoq tarhli (52,6x36,7 metr), peshtogʻi mahobatli, ikki yon tomonida qoʻshqavatli uch juft hujra bor. Toʻrt burchagidagi guldastalar parchin belbogʻli, mavj usulida bezatilgan. Masjid va darsxonaning tuzilishi bir xil. Masjid janubidagi ayvon gumbaz tomli, gumbaz osti toqilari olti qirrali, unga uch qator muqarnas ishlangan[11].

Hovlining (30,7x19,35 metr) ikki yon tomoniga bir qavatli, oldi ravoqli koʻndalang hujralar ishlangan. Hovli burchaklaridagi hujralarga dahlizdan kiriladi. Hujralar balxi gumbazli, darchalariga panjaralar oʻrnatilgan. Uch gumbazli miyonsaroyning ikki yon tomonida darsxona bor. Amir Toʻra madrasasi 1970-yilda taʼmirlangan, bosh tarzi oldiga savdo rastasi joylashtirilgan[12].

  1. 1,0 1,1 „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 „Amir toʻra madrasasi“. Khivamuseum.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  3. „Hasan Murod qushbegi masjidi“. Khivamuseum.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  4. "Amir Toʻra madrasasi" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. „Постановление Президента Республики Узбекистон“. Nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 9-may.
  6. „Xivadagi tarixiy yodgorliklar Xitoy granti hisobiga restavratsiya qilinmoqda“. Gazeta.uz (2018-yil 4-iyun). Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  7. 7,0 7,1 „Xivadagi turizm ob’ektlarini qayta taʼmirlash ishlariga xitoyliklar tomonidan 9,5 million dollar ajratildi“. Uza.uz (2020-yil 9-yanvar). Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  8. „Oʻzbeklarning madrasa va masjidlari xitoyliklar tomonidan ta’mirlandi“. Qalampir.uz (2020-yil 9-yanvar). Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  9. „Prezident restavratsiya maktabini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi“. President.uz (2020-yil 12-mart). Qaraldi: 2023-yil 29-aprel.
  10. „Xiva restavratsiya maktabini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 13-iyuldagi 380-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 28-oktyabr.
  11. "Amir Toʻra madrasasi" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  12. "Amir Toʻra madrasasi" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil