Ali Banokatiy
Ali Banokatiy | |
---|---|
Tavalludi | nomaʼlum |
Ali Banokatiy — toshkentlik alloma va faylasuf. Ali ibn Ahmad ibn Muhammad Banokatiy husnixat sohibi xattotlardan sanaladi. Qadimda Toshkentni Binkat, Banokat deb ham atashgan. Banokatiy Bag‘dodda vafot etganligidan u kishi bu tomonga kelib taʼlim olgan ko‘rinadi. Banokatiy asarlari saqlanib qolmagan, lekin u ko‘chirgan asarlar bizgacha yetib kelgan. U arab tili, adabiyoti, falsafasini yaxshi bilgan fozil kishilardan bo‘lgan. Arab tilida yozilgan va u ko‘chirgan asar Ibn Sino (980—1037) va Nasiruddin Tusiy (?—1273)lar qalamiga mansub. Maʼlumki, Ibn Sino „al-Ishorot va at-tanbixot“ degan asar yozgan. Bu asarga alloma Nasruddin Tusiy sharh bog‘lagan. Tusiy faqatgina mantiqshunos, faylasufgina emas, balki iqtidorli astronom, matematik ham edi. U yozgan asarida, u hoh original va hoh sharh asar bo‘lsin, albatta, o‘zi bilgan sohalar aks etishi turgan gap edi. Shu nuqtai nazardan qaraganimizda, Tusiy asarini ko‘chirish, uni tushunish va hattotning ilm-maʼrifati, saviyasi bilan bog‘liq bo‘lishi turgan gap edi[1]. Banokatiy ana shunday iqtidorli olim va xattot edi. U Nasiruddin Tusiy Ibn Sino asariga yozgan sharhi „Xall al-mushqilot al-ishorot“ asarini ko‘chirgan. Shu ko‘chirilgan nusxa O‘zbekistan Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanadi. Asar zulhijja oyining oʻninchisida 669-yili ko‘chirilgan (21-iyun 1271), hajmi 270 varaq. Bu asar muallifining hayot vaqtida ko‘chirilgan. Kitob qo‘ldan-qo‘lga ko‘p bor o‘tgan ko‘rinadi, uning hoshiyasida yozilgan izohlar, so‘zlar shundan darak beradi. Bu kitob sohiblaridan biri 12 muharram 772-yili (1370, 7-avgust) va boshqasi esa 907-yil zulxijja (1502, iyun) deb yozib qo‘yilgan. Keyingi yozuv egasiga asar haj safarida qo‘lga tushgan. Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan bu kitob nusxasidagi yozuvlarga qaraganda, bu kitob o‘lkama-o‘lka kezib, ko‘p joylarda bo‘lganligi va shu oradan o‘tgan yetti yuz yil ichida ko‘pchilik diqqat-eʼtiborini tortib kelganligi maʼlum[2].