Aleksandr Zaytsev
Aleksandr Mixaylovich Zaytsev (1841.20.6, Qozon 1910.19.8) – rus organik kimyogari, Peterburg Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1885). Qozon universitetining professor (1871). Dietilkarbinolni sintez qilgan va organik birikmalarning yangi sinfi – laktonlarni kashf etgan (1873). Galogenvodorodlarning toʻyinmagan uglevodorodlarga birikish va galogenvodorodlarning alkilgalogenidlardan ajralish qonuniyatini kashf etgan (bu qonuniyat Zaytsev qoidasi deb ataladi). Alkilgalogenid bilan keton aralashmasiga rux taʼsir ettirib, uchlamchi toʻyingan spirt sintez qilishning yangi usulini taklif etgan (1885). Rux organik birikmalar yordamida ketonlardan uchlamchi spirtlar olish usulini ishlab chiqqan (bu usul Zaytsev reaksiyasi deb ataladi). Shogirdlari bilan bir qancha toʻyinmagan uglevodorodlar (butilen, diallil va boshqalar) sintez qilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |