Kontent qismiga oʻtish

Ajdaho obrazi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ajdaho (obraz) – ogʻzidan oʻt purkab, kishini oʻz domiga tortuvchi bahaybat afsonaviy maxluq. Ajdar, ajdarho shaklida ham qoʻllanadi. “Ajoyib ul-maxluqot” muallifining yozishicha, uzunligi uch gaz (2,7 metr) va yoshi uch yuz yildan oshgan ilon Ajdahoga aylanadi. Ajdahoning yoshi besh yuz yilga yetganidan soʻng baliq kabi ikki yonidan qanot chiqarib, suvda ham bemalol suzgan, suv jonzotlarini ov qilgan. Avom kishilarning eʼtiqodicha, Ajdahoning yuragini isteʼmol qilgan odam qoʻrqmas, botir, agar terisi oshiq kishining taomiga qoʻshib berilsa, ishq dardidan forigʻ boʻlarkan. Afsonalarda keltirilishicha, Ajdaholar asosan yer tagida yashirinib yotgan xazinalarni qoʻriqlab yotgan. Ajdahoga qarshi kurashish xalq ogʻzaki ijodi hamda mumtoz adabiyotda jasorat va qahramonlik timsoliga aylangan.

“Tarixi anbiyo va hukamo”da Shis paygʻambarning oʻgʻli Anush hamda Asʼhobi Uxdud bobida tilga olingan obid yigit Ajdahoni yengadi. Shuningdek, ushbu asar hamda turli munosabatlar bilan “Xamsa” va “Xazoyin ul-maoniy”da ham Muso (alayhissalom)ning moʻjizaviy hassasi yerga tashlanganda, Ajdahoga aylanib, Firʼavn sehrgarlarining jodularini yutib yuborgani qayd qilingan. “Tarixi muluki Ajam”da shoh Gushtospning Ajdaho va karkidonni oʻldirgani qahramonlik sifatida tilga olinadi. “Xamsa”ning ikki asosiy qahramoni – Farhod va Bahrom Goʻr ham Ajdahoni magʻlub etgan bahodirlar sifatida tasvirlangan. “Nasoyim ul-muhabbat”da Imraatun Misriyatun uxro – misr­lik valiy ayol zikr qilgan paytda atrofida ajdaholar va ilonlar halqa urib yurishi ayolning karomati sifatida berilgan.

Ajdaho lirik asarlarda turli maʼno va obrazlarni ifodalagan. Ayniqsa, tun va zulf timsollarini tavsiflashda ajdaho obraziga koʻp murojaat qilingan. Irfon falsafasida Ajdaho – nafsi ammora timsoli:

Mehnat oʻtidin yoruqtur har taraf koshonamiz,

Boʻldi goʻyo ajdaho komi bizing vayronamiz.

(“Gʻaroyib us-sigʻar”, 241-gʻazal)[1][2][3][4]

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat". 
  2. "Tarixi anbiyo va hukamo". 
  3. "Gʻaroyib us-sigʻar". 
  4. "Farhod va Shirin".