Ahmadobod
Ahmadobod — Hindiston gʻarbidagi shahar. Gujarot shtatining maʼmuriy va iqtisodiy markazi. Aholisi 2,9 mln. kishi (1991, shahar atrofi bilan). Mamlakatning savdo va moliya markazlaridan biri; yirik transport yoʻllari tuguni. 1411-yilda Gujarot sultoni Ahmadshoh tomonidan barpo etilgan. 15-16-asrlarda Ahmadobod Hindistonda muhim savdo va sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan, oʻz hunarmandchiligi va ajoyib meʼmoriy inshootlari bilan shuhrat qozongan. 15-asrda qurilgan katta Jome masjidi, zafar toqi — Tin Darvozasi (15-asr) va oʻymakorlik bilan ishlangan yogʻoch uylar (16-17-asrlar) saqlangan. Ahmadobod gazlama sanoatining (Bombaydan keyingi) yirik markazi; paxta tozalash, ipak (jumladan sunʼiy ipak) va boshqa yengil sanoat tarmoqlari taraqqiy qilgan. Kimyo sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilik (kimxob toʻqish, zargarlik, yogʻoch va suyakdan oʻymakorlik buyumlari yasash) rivojlangan. Shaharda universitet bor.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |