Agrokimyoviy tahlil
Agrokimyoviy tahlil — laboratoriya sharoitida oʻsimlik, yem-xashak, tuproq, oʻgʻit, pestitsid va boshqalarning kimyoviy tarkibini aniqlash. Agrokimyoviy tahlil agrofizik, mikrobiologik tadqiqotlar bilan birga tuproq unumdorligini oshirishga bogʻliq boʻlgan masalalarni hal qilishga yordam beradi. Oʻgʻitlarni qoʻllash, almashlab ekish, tuproqqa ishlov berish, oʻsimliklarni sugʻorish rejimi va boshqalarni oʻrganish yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazilganda tuproq va oʻsimliklarni agrokimyoviy tahlil qilish orqali ularda sodir boʻlgan sifat va miqdor oʻzgarishlarini aniqlash mumkin. Oʻsimliklar tahlili oʻsimlik bilan tuproq, oʻsimlik bilan oʻgʻit oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni oʻrganish uchun zarur usuldir. Oʻsimlikning vegetativ organlari va hosili tarkibidagi azot, fosfor, kaliy va boshqa oziq elementlarining miqdorini tahlil kilish tuproqdagi oziq moddalarning hosil bilan chiqib ketgan miqdorini aniqlashga yordam beradi. Tuproqdagi oziq moddalarning chiqib ketgan miqdori oʻgʻitlarning asoslangan meʼyorlarini belgilashda juda muhim. Bundan tashqari, bu maʼlumotlar tuproqni tahlil qilish bilan birga tuproq oʻsimlik tizimida oziq moddalar balansini hisoblashda ham zarur. Odatda koʻpincha oʻsimliklarda quyidagilar: azot, oqsil, aminokislotalar, fosfor, mineral va organik fosfatlarning umumiy miqdori hamda ularning eng muhim tuzlari, kaliy, kalsiy, magniy, oltingugurt, temir, bor, marganes, mis, molibden, rux, kobalt, yod va boshqa aniqlanadi. Oʻsimliklar Agrokimyoviy tahlil oʻsimlik xom ashyosi (materiali)ni quruq hamda hoʻl kuydirish orqali amalga oshiriladi. Quruq kuydirishda kul elementlarining umumiy miqdori aniqlanadi, kulni eritmaga oʻtkazib, bir qator elementlarni aniqlash mumkin boʻladi. Hoʻl kuydirishda oʻsimlik xom ashyosini vodorod peroksid yoki perxlorat kislota oksidlovchi hamda katalizatorlar (selen, rux kukuni va boshqalar) ishtirokida sulfat kislota bilan parchalash usuli eng koʻp qoʻllanadi. Bunday usulda bir yoʻla oʻsimliklarning barcha oziq moddalari — azot, fosfor, kaliy va boshqa miqdorini ham aniqlash mumkin. Oʻsimlikdagi azotning umumiy miqdori Keldal yoki Keldal — Iodlbauer usuli bilan aniqlanadi. Bu usul oʻsimlik xom ashyosini konsentrlangan sulfat kislota yoki sulfat kislotaning fenol bilan aralashmasi yordamida parchalab, keyinchalik haydash orqali azot birikmasini aniqlashga asoslangan. Oʻsimlik quruq yoki hoʻl kuydirilganda undagi fosfor kalorimetrik usul bilan aniqlanadi. Bunda fosfat ionlarining kaliy xlorid ishtirokida ammoniy molibdat bilan rangli (havorang) birikma hosil kilish xususiyatidan foydalaniladi. Oʻsimlikdagi kalsiy va magniy miqdori kalorimetrik usul bilan aniqlanadi. Bundan tashqari, oʻsimlik hoʻl kuydirilgandan soʻng undagi kalsiy, magniy, kaliy va natriy miqdorini alangali fotometriya usuli bilan oson hamda tez aniqlash mumkin. Oʻsimliklar Agrokimyoviy tahlil ida alangali fotometriya, spektrometriya va polyarografiya usullaridan keng foydalaniladi. Oʻsimliklar tahlili ularning oʻgʻitlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlashda tobora keng qoʻllanilmoqda. Keyingi vaqtda yangi uzilgan oʻsimlik namunasi tarkibidagi mineral oziq moddalar miqdorini aniqlash keng tarqaldi. Dala sharoitida oʻsimlik sharbati tarkibidagi oziq elementlarining kimyoviy tahlili yoki uning kesmalarida kuzatiladigan mikroreaksiya orqali oʻsimliklar oziqlanishini nazorat qilishning bir qator usullari ishlab chiqilgan. Oʻsimliklarning azot bilan oziqlanishini aniqlashda Davtyan usuli, Magnitskiyning soddalashtirilgan kimyoviy tahlil usuli, Serlingning oʻsimliklar kesmalarida nitratlar, amiak, fosfor va kaliyni aniqlash usuli va boshqa shular jumlasidandir. Oʻgʻitlar tahlili oʻgʻit tarkibida oʻsimlik oʻzlashtira oladigan oziq elementi miqdori, oziq elementining umumiy miqdori, turli qoʻshimchalarning mavjudligi, suv miqdori, oʻgʻitlar reaksiyasi, oʻgʻitlarning fizik xususiyatlari va sochiluvchanligi hamda oʻgʻitlar donadorligi (granulasi)ning mustahkamligini aniqlashda qoʻllanadi. Azotli oʻgʻitlar tahlili ammiakni formalin biriktirib, organik birikma — geksametiltetramin hosil qilishiga va ajralib chiqqan kislotani fitrlashga asoslangan. Ammiak va nitratli oʻgʻitlar suvli eritmasining tahlili xuddi oʻsimliklarda umumiy azot miqdorini aniqlagandek, ishqor yordamida haydash usuli bilan oʻtkaziladi. Fosforli oʻgʻitlar tahlili tegishli erituvchi yordamida fosfat kislotani ajratib olib, R2O5 miqdorini aniqlashdan iborat. Oʻgʻitlar tarkibiga qarab turli erituvchilar qoʻllanadi. Hosil qilingan eritmalarda P2OSni ishqoriy muhitda magnezial eritma bilan magniy ammoniy fosfatning ikkilamchi tuzi holida choʻktirib (Betxer — Vagner usuli) yoki ammoniy fosfat, molibden oksidi va suvdan iborat kompleksli tuzni molibdat ammoniy bilan choʻktirib (Lorens usuli) aniqlash mumkin. Kaliyli oʻgʻitlar tahlili kaliyni eritmadan natriy kobalt, nitrit hamda perxlorat kislota yoki geksaxloroplatinat kislota yordamida choʻktirish usuli orqali amalga oshiriladi. Tanlab olingan tahlil usuliga kura kaliy ogʻirlik yoki hajmiy usulda aniqlanadi. Tuproqning agrokimyoviy tavsifi uchun suvda eriydigan tuzlar tahlili, umumiy chirindi, yalpi azot, fosfor va kaliyning harakatchan birikmalari miqdori, almashinish sigʻimi va undagi singdirilgan asoslar tarkibi kabi maʼlumotlar zarur boʻladi..Ad.: Metodi agroximicheskix analizov pochv i rasteniy Sredney Azii, T., 1977.Maʼruf Toshqoʻziyev.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |