Agroiqlimiy rayonlashtirish
Agroiqlimiy rayonlashtirish — hududni agroiqlimiy sharoitlarning oʻxshashligi va tafovudiga hamda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi xususiyatlariga qarab izchil rayonlarga boʻlinadi. Agroiqlimiy rayonlashtirish ekinlarni joylashtirish hamda ularni turli iqlimiy rayonlarda yetishtirishning oʻziga xos xususiyatlarini oʻsimliklarning oʻsishi, rivojlanishi va mahsuldorligini taʼminlaydigan iqlim resurslarini differensial baholash orqali ilmiy asoslab beradi (qarang Iqlim boniteti). Agroiqlimiy rayonlashtirish aniq iqlimiy rayonlashtirish asosida oʻtkaziladi va ayni paytda umumiy tabiiy-geografik rayonlashtirishning qishloq xoʻjaligiga oid qismi hisoblanadi. Agroiqlimiy rayonlashtirishning umumiy va xususiy turlari bor. Umumiy rayonlashtirish hududni iqlimning qishloq xoʻjaligi uchun muhim boʻlgan asosiy xususiyatlariga qarab boʻlishni hamda oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan rayonlarni ajratishni oʻz ichiga oladi. Hududni xususiy (ixtisoslashtirilgan) rayonlashtirish qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini ixtisoslashtirish bilan bogʻliq boʻlgan aniq masalalarni hal qilish uchun oʻtkaziladi. Agroiqlimiy rayonlashtirish muayyan hududdagi tuproq va iqlim omillarini hisobga olgan holda issiqlik, yorugʻlik va namlik resurslarini baholash asosida olib boriladi. Oʻrta Osiyo mintaqasi gʻoʻzaga nisbatan agroiqlimiy jihatdan rayonlashtirilgan. Bu rayonlashtirishga gʻoʻza hosilining yetilishi uchun zarur boʻlgan 10° dan yuqori musbat haroratlar yigʻindisi asos qilib olingan. Chunonchi, temperatura yigʻindisi 4000°ni ifodalovchi izochiziq (bir xil qiymatlarni tutashtiruvchi chiziq) ertapishar, 4400° li izochiziq oʻrtapishar oʻrta tolali, 4900° li izochiziq ingichka tolali gʻoʻza navlari ekilishi mumkin boʻlgan rayonlarning shimoliy chegaralarini ifoda etadi. Oʻzbekiston hududi 12 asosiy agroiqpimiy zonaga boʻlinadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |