Kontent qismiga oʻtish

Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Auzaʼiy, Abu Amr Abdurrahmon ibn Amr—ilohiyotshunos, faqih, auzaʼiylik mazhabi asoschisi.

707-yilda Baalbak shahrida tugʻilgan, Makkada-Ato ibn Abi Rabaldan, Madinada - Muhammad az-Zuhriydan, Basrada – Vosil as-Salamoniydan saboq olgan. Suriyaga qaytib, Damashqda yashagan, davlat xizmatida boʻlgan, soʻngra Qur’on ilmlaridan dars bergan. 750-yil Suriyani zabt etgan abbosiylar qoʻshini qoʻmondoni Abdulloh ibn Ali bilan janjallashib qolgan. Auzaʼiy uning taʼqib etishidan qochib Basraga, ustozi Vosil as-Salamoniy huzuriga ketishga majbur boʻlgan. Yangi sulola bilan yarashgach, Auzaʼiy Suriyaga qaytib, Bayrutda joylashgan va umrining oxirigacha shu yerni tark etmagan. Auzaʼiy 774-yilda vafot etgan. Uning qabri hozirgacha ziyoratgoh hisoblanadi.

Auzaʼiy Suriyaning imomi deb tan olingan, bu yerda uning izdoshlaridan alohida mazhab shakllangan. Uning tarafdorlari fikricha, huquq (fiqh)manbai faqat Qur’on va sunna boʻlib, ulardagi koʻrsatmalar hech qanday talqinsiz, oʻzgarishsiz aynan qabul qilinishi lozim boʻlgan. Bu mazhab IX asrgacha Suriya va Andalusiyada tarqalgandi. Suriyada uni shofi’iylik mazhabi, Andalusiyada esa -molikiylik mazhabi siqib chiqargan. Lekin Auzaʼiyning qarashlari tizimi izsiz yoʻqolmagan, zero uning shogirdlari orasida Sufyon as-Savriy (777—778-yil vafot etgan.) va Molik ibn Anas (795-yil vafot etgan.) - ikki mazhab asoschilari boʻlgan. Molik ibn Anas orqali Auzaʼiyning qarashlari ash-Shofi’iyga taʼsir oʻtkazgan, u esa oʻz navbatida Ahmad ibn Hanbal qarashlarining shakllanishiga taʼsir qilgan.

  • Husniddinov, Zuhriddin. Islom Ensiklopediyasi. Toshkent: „O'zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.