Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz
Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | 719-yil |
Vafoti | 803-yil |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Zohid, Muhaddis, mutasavvif, shayxulislom |
Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz (arabcha: أبو علي فضيل بن عياز — Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz — Toʻliq ismi: Abu Ali Fuzayl ibn Iyoz ibn Mas’ud ibn Bishr Tamimiy Yarbu’iy) — zohid, muhaddis va mutasavvif.
Fuzayl ibn Iyoz 105-hijriy yilda Samarqandga qarashli Nasa degan joyda tug‘ilgan. Bu joyning forscha ismi «Darhi kuzu» bo‘lib, «Mann vodiysi» ma’nosini anglatadi. U yoshligining yarmini yo‘lto‘sarlik qilib, odamlarning molini talab, qaroqchilik va zo‘ravonlik qilib o‘tkazdi. U Abyuvard va Marv orasidagi tor yo‘llarda yo‘lovchi musofirlarni poylab turar edi. Sekin-asta o‘sha tor yo‘l uning nomi ila ataladigan bo‘ldi va u yerdan o‘tuvchilar hamda karvondagilarning qalbiga qo‘rqinch soladigan joyga aylandi. Yo‘lovchilar bir-birlariga uning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun o‘sha yerni chetlab o‘tishni tavsiya qilar edilar. Fuzayl o‘zi talab olgan mollarni aysh-ishratga, ko‘ngilxushlikka sarflar, lazzatlariga ishlatar edi. U ushbu nodonlik hayotining avjida bir joriyani uchratib, uni sevib qoldi va o‘zini unga bag‘ishladi. Fursat topishi bilan uning huzuriga oshiqar edi. Bunday fursatlar esa juda oz bo‘lar edi. Unga bog‘lanib qolgan Fuzaylning yo‘lto‘sarlikka, musofirlarni poylashga va ularni ta’qib qilishga vaqti qolmadi. Joriyaning ishqi uning qalbini rom qilib, moliyaviy qiziqishlarini unutdi. Bu ishq undagi zo‘ravonlik va yomonlik olovini so‘ndirib, shu joriya haqida fikr qilishdan boshqaga yaramay qoldi, kun-tun faqat unga yetishish yo‘llari haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Insonda nafs to‘zonlari tinchlansa, yomonlik hislari sokin bo‘lsa, buning muqobilida uning qalb to‘ridagi sodiq tuyg‘ular qo‘zg‘aladi. Ana shu holat o‘z egasini Allohga yetaklovchi birinchi qadamlar bo‘ladi. Mazkur hisni uyg‘otgan narsa nima bo‘lishining farqi yo‘q. Shuningdek, uning qay tarafga yo‘llangani yoki qay narsaga moyil bo‘lgani ham farq qilmaydi. Chunki muhabbatning yo‘li bittadir. Mahbub qanday bo‘lsa ham, u yo‘lning qay tarafida turgan bo‘lsa ham, baribir. Eng muhimi, solik o‘ziga yoqqan va o‘zi berilgan bekatda to‘xtab qolmasa, bas. Modomiki oldidagi yo‘l ochiq ekan, u barcha bekatlardan o‘tishi lozim. U o‘zining haqiqiy mahbubi oldinda ekanini bilmog‘i matlubdir. U harchand yo‘lda davom etar ekan va bekatlardan birma-bir o‘tar ekan, o‘z yo‘lini davom ettirish jozibasi uni o‘ziga tortayotganini his qiladi. Fuzayl ibn Iyoz o‘zining mazkur joriyaga bo‘lgan muhabbati va unga bog‘lanishi orqali yo‘l boshiga keldi. Kechalarning birida karvon yo‘lini to‘sib, uning molini talash rejasini tuzish o‘rniga mahbubasi ila qanday qilib uchrashish rejasi haqida fikr yurita boshladi. Nihoyat, kechaning oxirgi qismida, hamma uxlab yotganda habibasining hovlisiga borib, eshik qoqib, so‘rab o‘tirmay, devordan oshib tushish rejasini tuzdi. Fuzayl munosib vaqtni tanlab, rejasini amalga oshirishga kirishdi. Tun qorong‘usida joriyaning hovlisiga yetib bordi. Ikkilanib o‘tirmasdan, hovli devoridan oshib o‘tishga qulay joy axtara boshladi. Tezda o‘shanday joyni topdi va osilib devorning ustiga chiqdi. Devordan hovliga tushishdan oldin atrofga diqqat bilan quloq soldi. U shu holda turganida tun qorong‘usida bir qorining Alloh azza va jallaning quyidagi oyatni tilovat qilayotganini eshitdi: «Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa qalblari yumshash, ayni choqda, oldin kitob berilgan, so‘ng muddat o‘tishi bilan qalblari qotib qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!» («Hadid» surasi, 16-oyat). O‘sha soatda Fuzaylning qalbi befarosatlikdan ozod bo‘ldi. Uning qalbini o‘rab olgan qasovat parchalandi. Uning qulog‘iga muhabbat to‘la rabboniy kalimalar kirishi bilan qalbiga bu kalimalarning shu’lasi yetib bordi. Bu shu’la undagi so‘nib borayotgan chiroqni yana yondirdi, o‘chib borayotgan olovni alangalatdi. U birdan qorong‘u zulmatni titratib yuborgan ovoz ila: «Ha, Robbim! Vaqti keldi!» deya qichqirdi. O‘sha lahzaning o‘zida uning zoti tamoman o‘zgardi. U turgan yeridan qaytib tushdi. Xuddi bir narsa chaqib olgan odamdek, hech narsaga qaramay: «Ha, Robbim! Vaqti keldi!» deya qichqirgancha olg‘a yurib ketdi. O‘sha kechaning oxirida bu banda ila uning Robbi orasida sulh tuzildi. O‘sha zulmatli soatda bezori, qaroqchi, yo‘ltasar Fuzayl ibn Iyoz dafn etildi. Uning o‘rniga olim, parhezkor, zohid, obid va hakiym Fuzayl ibn Iyoz tug‘ildi! Endi u nima qiladi? Qayerga boradi? U Saraxsga qaytib ketishni ma’qul ko‘rdi. Kech kirishi bilan tunash uchun musofirxonaga bordi. U yerda bir guruh yo‘lovchilarni ko‘rdi. Ularning yo‘l yurish haqida o‘zaro maslahat qilayotganlarini eshitdi. Shu payt ulardan biri «Tong otguncha kutib turganimiz ma’qul. Yo‘l xatarli. U yerda Fuzayl bor», dedi. Fuzayl ularni tinchlantirish uchun oldilariga bordi, so‘ng tomog‘iga yig‘isi tiqilgan holda: «Batahqiq, Alloh yo‘lni Fuzayldan tozaladi. Mana, u sizning qarshingizda tavba qilgan holida turibdi! Umid qilamanki, bugundan boshlab meni faqat Allohga qochgan holimda, U Zotning Baytul Haromi oldida ko‘rasizlar!», dedi. So‘ngra uzoq safarga kerakli narsalarini olib, Baytulloh tomon yo‘l oldi. U yo‘lda o‘z-o‘ziga shunday deb gapirib borardi: «Men kechasi ma’siyatga qo‘l urar edim. Bu yerda esa musulmonlardan bir qavm mendan qo‘rqib o‘tiribdi. Alloh tavba qilishim uchun meni ularning huzuriga olib kelgan bo‘lsa kerak. Allohim! O‘zingga tavba qildim. Tavbamning Baytul Haromingni qo‘shni tutishim ila bo‘lishini istadim!» MAHZUNLIK SAFARI Allohga yuzlangan Fuzayl o‘z-o‘ziga zulm qilgan o‘tmishini va gunohlarga ruju’ qo‘ygan paytini esidan chiqarmadi. U Allohga qanchalik yaqinlashsa, U Zotni ko‘proq zikr qilsa va sifatlarini ulug‘lasa, qalbidagi xafvi shunchalik ziyoda bo‘lib, Alloh azza va jallaning haqqida yo‘l qo‘ygan kamchiliklariga mahzunligi shunchalik ortib bordi. Xususan, uning huzurida Alloh zikr qilinsa va Qur’on tilovat qilinsa, bu holat yana ham ziyoda bo‘lar edi. Ibn Asokir Ibrohim ibn Ash’asdan rivoyat qiladilar: «Fuzayl ibn Iyozdan ko‘ra qalbida Alloh ulug‘ bo‘lgan odamni ko‘rmadim. Qachon uning oldida Alloh zikr qilinsa yoki Qur’on o‘qilsa, unda xafv va mahzunlik zohir bo‘lar edi. Ikki ko‘zidan duv-duv yosh quyilardi. Huzurida turganlarning unga rahmi kelardi. U mahzunlik va qattiq fikrda bardavom edi». Ko‘pincha uning mahzunligi u bilan birga bo‘lgan suhbatdoshlariga ham o‘tardi. Fuzayl ibn Iyoz o‘zining og‘ir o‘tmishini, qilgan gunohlarini va Robbidan uzoq bo‘lgan vaqtlarini eslab, mahzun bo‘lar edi. Uning hamsuhbatlari esa ibodatda, parhezkorlikda, zohidlikda va ma’rifatda o‘zlaridan bir necha barobar ustun turadigan bu odamning mahzunligini ko‘rib, o‘zlari ham mahzun bo‘lar edilar. Fuzayl ibn Iyozga ko‘p mulozim bo‘lganlardan biri Abdulloh ibn Muborak: «Qachon Fuzayl ibn Iyozga nazar solsam, mahzunligim yangilanadi va o‘zimni yomon ko‘rib ketaman», deb turib, yig‘lab yuborar edi. Agar Fuzayl ibn Iyoz va’z-nasihat qilsa, uning mahzunligi tinglovchilarning qalbiga o‘tar edi. Ularning ko‘plari uning holiga tushar edi. Uning va’zlari atrofidagilarning qalblariga mahzunlik va afsusni kiritar, ularni dunyo uyqusidan uyg‘otar, dunyoga berilishdan qaytarar edi. Rashid xalifa Ma’munga quyidagilarni aytgan edi: «Ko‘zlarim Fuzayl ibn Iyozga o‘xshagan insonni ko‘rmagan. Oldiga kirganimda u menga: «Ey mo‘minlarning amiri! Qalbingni mahzunlik va afv uchun bo‘shat. Toki bu ikki narsa qalbingdan joy olsin va seni Allohga ma’siyat qilishdan to‘xtatsin, do‘zaxdan uzoqlashtirsin», dedi». Fuzayl ibn Iyozning mulozimlaridan biri, Rashidning da’vatiga binoan bir guruh ulamolar bilan uning huzuriga kirgan Sufyon ibn Uyayna shunday hikoya qiladi: «Fuzayl ibn Iyoz hammamizdan keyin boshini ridosi bilan o‘rab olgan holda kirdi. U o‘z joyiga joylashib o‘tirgandan keyin mendan: «Hoy Sufyon! Ulardan qay biri mo‘minlarning amiri?» dedi. «Anavisi», deb ishora qilib ko‘rsatdim. Fuzayl ibn Iyoz unga nazar soldi va: «Hoy chiroyli yuzli! Ushbu ummatning ishi qo‘lida, mas’uliyati bo‘ynida bo‘lgan senmisan?! Juda katta ishni zimmangga olibsan!» degan edi, Rashid ho‘ngrab yig‘lab yubordi. So‘ng Rashid hozir bo‘lganlarga o‘n ming dirhamlik hamyon berdi. Ularning hammasi hadyani qabul qildi. Faqatgina Fuzayl ibn Iyoz olmadi. Shunda Rashid unga: «Ey Abu Ali! Uni o‘zingga halol hisoblamasang, qarzdorga berarsan, ochni to‘ydirarsan yoki yupunni kiydirarsan», dedi. Ammo Fuzayl ibn Iyoz uzr aytdi. Keyin Rashid unga: «Qanday ham ajoyib zohidsan-a, Abu Ali?!» dedi. «Sen mendan ko‘ra zohidroqsan», dedi u. «Qanday qilib?» dedi. «Men foniy dunyodan yuz o‘girganman. Sen boqiy oxiratdan yuz o‘girgansan!» dedi u. Uning huzuridan chiqqanlarida Sufyon ibn Uyayna unga: «Xato qilding. Uni olib yaxshilik ishlarga sarflasang bo‘lardi», dedi. Fuzayl ibn Iyoz unga: «Ey Abu Muhammad! Sen yurtning faqihi bo‘la turib shu xatoga yo‘l qo‘yasanmi? O‘sha narsa ularga halol bo‘lganda menga ham halol bo‘lardi», dedi». KUFADA Fuzayl ibn Iyoz o‘zining Samarqanddan Makkaga qilayotgan safari davomida Bag‘dodga burildi. So‘ngra u yerdan Kufaga o‘tdi. O‘sha joyda bir muddat turib, ilm oldi va hadis eshitdi. Hadis jamlashga va uni rivoyat qilishga juda ham berildi. Juda ko‘p muhaddislardan hadis oldi. Ularning ichida A’mash, Ato ibn Soib, Mansur ibn Mo‘tamir, Husoyn ibn Abdurrohman, Muslim A’var, Abon ibn Abu Ayyoshlar bor edi. U kishi Kufa masjidida va boshqa joylarda ilm olish va hadis eshitishda bardavom bo‘ldi. Tez orada ilmi va ko‘p hadis bilishi ila tanildi. O‘z ismini ishonchli roviylar ro‘yxatining boshida bo‘lishiga erishdi. U haqda Ibn Nosiriddin quyidagilarni aytgan: «Fuzayl ibn Iyoz Abu Ali Tamimiy haramning imomi, shayxulislom, katta ulamolarning o‘rnagidir. Undan Shofe’iy, Yahyo Qatton va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. U sha’ni ulug‘ Robboniy imom, aslzoda, obid va ulug‘ zohid edi».
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]“Kashfu-l-mahjub”
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |