Abrbandi
Abrbandi (fors-toj.) — atlas, shoyi tanda iplariga gul (naqsh) solish usuli. Bu usul qoʻl mehnatiga asoslangan: naqshdor qilib boʻyaladigan tanda iplarini oldin qatqoziqqa oʻrab, har 40 — 50 — 60 liviti bir qat qilib qatlanadi. Uning orasiga abrbandi choʻpsa solib, qoʻlqoziqlarga tarang tortib bogʻlab, livitlari yoziladi. Keyin tandaning yuzi boʻylab gullar chiziladi. Bu gullar bir necha rangda boʻlishi va har bir rang alohida bosqichma bosqich boʻyalishi lozim: livitlarning bir rangda boʻyaladigan joylari ochiq qoldirilib, boshqa joylari abr iplar bilan oʻrab boʻgʻiladi va boʻyoqqa solib bir necha minut saqlanadi. Ipakka rang yaxshi singishi uchun achchiqtosh eritmasi (achchiqqozon)ga solib olinadi va quritiladi. Soʻng boʻyoq ichgan livitlar boʻgʻiladi, boshqa livitlari yechilib, ikkinchi xil boʻyoqqa boʻyaladiganlari ochiq qoldirilib, boshqalari yana mahkam boʻgʻilib, boʻyoqqa solinadi va hokazo. Tanda ipining abr boʻgʻilmay qolgan, ammo mayda gullar tushadigan joyi kosa boʻyoqda boʻyaladi. Tandaning hammasi boʻyalib, achchiqtoshga solinib quritilgach, juftlangan livitlar qayta tortiladi. Gul berilgan naxlar (eniga) yoziladi va matoning butun guli toʻliq shakl oladi. Gul solingan tandaga gula koʻtarib, tigʻdan oʻtkazilgandan soʻng, toʻqish uchun dastgohga solinadi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |