Abdurrahmon al-Idrisiy
Abu Sa’d Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Muhammad al-Idrisiy al-Astrobodiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Tavalludi | taxminan milodiy 937-yil (hijriy 325-yil) |
Vafoti |
milodiy 21-iyun 1015-yil (hijriy 405-yil) [Samarqand]] |
Dini | Islom |
Ota-onasi |
|
Tanilgan sohasi | hadis hofizi, tarixchi |
Abdurrahmon al-Idrisiy (arabcha: عبد الرحمن الإدريسي — Abu Saʼd Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Muhammad al-Idrisiy al-Astrobodiy, taxminan 325/937 — Samarqand — 405/21.06.1015) — hadis hofizi, tarixchi.
Otasi Abu Nuaym Muhammad ibn al-Hasan ibn Hammuya astrobodlik bo‘lgan. Manbalarda Abdurrahmon al-Idrisiy Samarqandda tug‘ilgani aytiladi. Katta bobosi — Idris ibn al-Hasanga nisbatan al-Idrisiy nisbasi bilan tanilgan.
Taʼlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dastlab o‘z otasidan, so‘ngra Abu Abdurrahmon Abdulloh ibn as-Sirriy, Abu Ali Muhammad ibn Ahmad as-Savvof va Abu Bakr ash-Shofeʼiy kabi olimlardan dars olgan hamda muhaddis bo‘lib yetishgan. Astrobodda Abu Muhammad ibn al-Hasan ibn Hammuya kabi muhaddislardan istifoda qilgan Abdurrahmon al-Idrisiy hadis tahsili uchun Xuroson va Iroq yerlariga safar qilgan. Nishopurda Abu-l-Abbos Asom, Jurjonda Ibn Adiy va al-Ismoiliy, Bag‘dodda ad-Doraqutniy kabi olimlardan ko‘plab hadis yozib olgan. Hijozga safar qilib, bu hududning olimlaridan ham hadis rivoyat qilgan.
Hadislari
[tahrir | manbasini tahrirlash]O‘z davrida Samarqandning eng mashhur hadis hofizi bo‘lgan va Bag‘dodda hadis rivoyat qilgan Abdurrahmon al-Idrisiydan Abu Ali ash-Shoshiy, al-Moliyniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Xabboziy, Abu Mas’ud Ahmad ibn Muhammad al-Bajaliy, Abu-l-Qosim Ali ibn Muhassin at-Tanuxiy kabi olimlar rivoyat qilganlar. Xatib al-Bag‘dodiy va Ibn Kasir uning siqa muhaddis bo‘lganini maʼlum qilganlar. Shahar tarixlarini yozish anʼanasini davom ettirgan Abdurrahmon al-Idrisiy, bu mavzudagi tadqiqotlari bilan bir qatorda hadislarning mavzulariga ko‘ra jam qilgan asarlar ham yozgan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdurrahmon al-Idrisiyning ismi, kunyasi va vafot tarixi haqida manbalarda baʼzi noto‘g‘ri maʼlumotlar uchraydi. Ibn al-Asir uni 405/1015-yilda vafot etganlar orasida zikr qilib, ismini yanglish — Abu Saʼid Abdulloh ibn Muhammad al-Astarobiy tarzida qayd qilgan. Az-Zirikliy va Kahholalarning ham bergan maʼlumotlari bir xil bo‘lishiga qaramay, uni boshqa-boshqa shaxs sifatida zikr qilganlar. U 405-yil 30 zul-hijja/1015-yil 21-iyunda vafot etgan va Chokardiza qabristoniga dafn qilingan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Tarӣx Samarqand“ („Al-Kamāl fӣ maʼrifa ar-rijāl bi-Samarqand“). Samarqandda yetishib chiqqan shaxslar, xossatan, samarqandlik muhaddislar zikr qilingan asar. Abdurrahmon al-Idrisiy bu tadqiqotini ad-Doraqutniyga taqdim etib, uning maqtoviga sazovor bo‘lgani zikr qilinadi. Samarqand tarixini yozgan al-Mustag‘firiy va Najmuddin an-Nasafiy „Al-Qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand“ asarida bu tadqiqotdan ko‘p foydalanganlar. Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining „Tarӣx Bag‘dād“ asarida sakson o‘rinda naql qilgan, Abu Saʼd as-Sam’oniy, Yoqut al-Hamaviy va Ibn Hajar al-Asqaloniy kabi olimlar o‘z asarlarida iqtiboslar olgan mazkur asarning bizgacha yetib kelgani nomaʼlum.
- „Tarӣx Astrābād“. Astroboddan yetishib chiqqan olimlar va mashhur shaxslarga doir bu tadqiqot o‘z sohasida ilk manba hisoblanadi. Ibn Hajar al-Asqaloniy mazkur asardan foydalangan. As-Sahmiy (vafoti: 427/1036-yil) esa ushbu asarga „Takmila“ yozgan[1].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- As-Sahmiy. Tarӣx Jurjān. — Bayrut: 1407/1987. 260, 450;
- Al-Xatib. Tarӣx Bag‘dād. X, 302-303;
- Najmuddin an-Nasafiy. Al-Qand fӣ zikr ’ulamā Samarqand. — Riyoz. 1412/1991. 12-14, 240;
- As-Sam’oniy. Al-Ansāb. I, 160, 214, 265;
- Yoqut. Mu’jam. I, 289; II, 415;
- Ibn al-Asir. Al-Kāmil. IX, 252;
- Az-Zahabiy. Siyar. XVII, 226-227;
- Az-Zahabiy. Tazkira al-huffāz. III, 1062-1064;
- Ibn Kasir. Al-Bidāya. XI, 354;
- Ibn Hajar. Tahzӣb at-tahzӣb. II, 68, 136; XII, 411;
- Ibn Hajar. Lisān al-mӣzān. I, 346;
- As-Saxoviy. Al-I’lān bi-t-tavbӣx. 247, 265;
- Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. I, 281, 296;
- Ibn al-Imod. Shazarāt az-zahab. III, 175;
- Brockelmann. GAL. Suppl., I, 210;
- Kahhola. Mu’jam al-muallifӣn. V, 188; VI, 140;
- Sezgin. GAS. I, 352;
- Az-Zirikliy. Al-Aʼlām. III, 225; IV, 121;
- Ali Yardım. „İdrîsî, Abdurrahman b. Muhammed“. TDV İA. — İstanbul: 2000. XXI, 491-492.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |