Abdullaxonning sharqiy madrasasi
Abdullaxonning sharqiy madrasasi | |
---|---|
Joylashuv | Buxoro |
Turi | madrasa |
Xarita |
Abdullaxonning sharqiy madrasasi uning g‘arbiy madrasasining sharqiy tarafida joylashgan. Darvozalari bir-biriga qaragan. O‘rtada tosh yotqizilgan kattagina maydon bor. Uni keying davrlarda (XIX asrning ikkinchi yarmidan) va hozirgi kunda ham Modarixon madrasasi deb atashadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxoroda bunday nomdagi madrasa bir nechta bo‘lgan. Unga tegishli vaqf hujjati tepasiga „Abdullaxonning sharqiy madrasasi“ vaqfi deb yozilgan. Modarixon madrasasi nomi uchramaydi. Unda qayd etilishicha, mazkur madrasa Abul G‘ozi Abdullaxon ibn Iskandarxon tomonidan Xiyobon ko‘chasida pishiq g‘ishtdan oltmish to‘rt hujrali qilib qurilgan. Uning ichki va tashqi hovlisi, masjidi, tahoratxonasi hamda darsxonasi bo‘lgan. U ko‘p jihatlari bilan g‘arbiy madrasaga juda o‘xshab ketadi. Hozirgi paytda madrasaning birinchi qavatidagi hujralarni xalq amaliy sanʼati buyumlari ishlab chiqaradigan turli kasb egalari band qilgan. Ularni birlashtirib turadigan viloyat uyushmasi idorasi ham shu yerda joylashgan. Madrasa masjidi birinchi qavatning shimoli-g‘arbiy va darsxona janubi-g‘arbiy burchagida joylashgan. Manbalarga ko‘ra mazkur madrasani Abdullaxon onasi sharafiga qurdirgan. Shuning uchun u Modarixon madrasasi deb atalgan. Abdullaxonning sharqiy madrasasi yonidagidan 15-yil keyin, hijriy 989-yili (1581 — 1582) qurilgan. U ham oliy toifa madrasalar sirasiga kiradi. Abdurauf Fitrat uning yillik vaqf mablag‘ini 40000 tanga deb ko‘rsatgan. Madrasining vaqf mulki hujjatda quyidagicha ko‘rsatilgan: Samarqand darvoza masjidi ko‘chasidagi, Registon, Xiyobon, Tirkash do‘zon, Zargaron va Sarrafonda jami oltita hammom; Sarrafon guzarida bitta baqqollik, bitta kabobpazlik do‘koni; Shofirkon tumanidagi Ko‘krabot qishlog‘ida 1000 tanob, Gʻijduvon tumanidagi Osiyo qishlog‘ida 1100 tanob, yana bir qancha joylarda bo‘lak-bo‘lak yer va tegirmonlar. Vaqf shartiga ko‘ra, hosil, avvalo, imorat ehtiyojiga ishla-tiladi. Qolganidan ikki mudarris xums ish haqi oladi. Muta- valli haqqi nisfi ushr qilib belgilangan. Imom yiliga 200 kumush tanga, muazzin 100 tanga, ikkita farrosh 60 tangadan (ular kunora navbatma-navbat ishlagan) haq olgan. Masjid va darsxonani yoritish uchun yiliga 24 tanga ajratilgan. Har bir hujrada ikki nafardan talaba yashagan va ularga kuniga (0,5) nim tangadan berilgan. Uzrli sababsiz 2 oy davomida o‘qishga qatnamasa va buzuq ishlar bilan shug‘ullansa, hujradan quvilib o‘qishdan haydalgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. Toshkent: Akademnashr, 2017. — B. 154.