Kontent qismiga oʻtish

Abdulazizxon ibn Ubaydullaxon madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdulazizxon ibn Ubaydullaxon madrasasi
Joylashuv Buxoro
Turi madrasa
Xarita

Mazkur o‘quv dargohi haqida bemor talabalar ro‘yxatidan iborat bitta rasmiy hujjatda maʼlumot uchrab, unda taʼkidlanishicha, qori Uzoq ismli talaba xastalikka chalinadi. Maʼlumot mazmuniga qaraganda, mazkur o‘quv maskanida qorilar tayyorlangan.

Manbalarda Abdulazizxon hijriy 955-yili (1548) Mug‘oki attor masjidini qurdirgani haqida axborot bor, ammo Abdulazizxon masjidi nomi uchramagan. Shayboniy Abdulazizxon ibn Ubaydullaxon ibn Mahmud sulton ibn Shoh Budag‘ sulton ibn Abul Xayrxon hijriy 917-yili rajab oyida (1511-yil oktyabr) Turkiston viloyatidagi Arquq mavzesida tug‘ilgan. Onasi Qozoq xonim qozoq sultonlaridan birining qizi bo‘lgan. Otasi Ubaydullaxon vafotidan (945 /1539 — 1540) so‘ng Buxoro taxtiga o‘tirgan. Biroq u hali Movarounnahrda bosh hukmdor bo‘lmagan. Bu paytda Toshkentda Baroqxon laqabi bilan mashhur bo‘lgan qarindoshi Navro‘z Ahmad ibn Sevinchxon hokimiyati ayni avjida bo‘lib, ular o‘rtasida bir necha marta qonli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan. Nihoyat, Abdulazizxon hijriy 951-yili (1544) xonlik martabasiga yetishgan. U jami o‘n bir yil hukmronlik qilgan. Shundan olti yili mutlaq bosh hukmdor bo‘lgan. U hukmronligi davrida mamlakat maʼmurligi va ilm-maʼrifat rivojiga eʼtibor qaratgan zamondoshi Hasanxoja Nisoriy: „Bu xon davlati zamonida to‘s-to‘polonlar ko‘p bo‘lganiga qaramay, salim tab’i mamlakat obodligi va yurt qurilishiga kirishib, oliy imoratlar bino etdi, — deb yozadi“. U Buxoro shahrida hijriy 955-yili (1549) Mug‘oki attor masjidi va kutubxona qurdiradi. Abdulazizxoning yana bir qilgan ishi shahar mudofaa devorini bir farsax masofaga uzaytirib, Hazrati Ayub qabrini shahar ichkarisiga olish bo‘lgan. Muhammad Sharif Sadri Ziyo asarlarida Abdulazizxon haqida so‘zlab: "Uning „Kar“ laqabi bor edi", — deydi. U hijriy 957-yili rabi us-sonining 26-kuni (1550-yil 14-may) Buxoroda vafot etgan. O‘rniga Muhammadyor sulton ibn Sevinch Muhammad sulton ibn Muhammadxon Shayboniy ibn Budag‘ sulton davlat tepasiga kelgan. O‘sha yili shaʼbon oyining uchinchi kuni (1550-yil 17-avgust) Pir Muhammadxon ibn Jonibekxon undan davlatni tortib olib, Buxoroda bir yil hukmronlik qilgan. Balxga qaytib ketish chog‘ida uni yana Muhammadyor sultonga qaytarib bergan.[1]

  1. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Abdusattor Jumanazar. — Toshkent: Akademnashr, 2017. — B. 150.