Kontent qismiga oʻtish

Abaoszi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abaoszi (Yelyuy I) — (872—926) — kidan hukmdori va Xitoyning Lyao sulolasining asoschisi. 907—926-yillarda hukmronlik qilgan. Abaoszi 872-yilda Janubiy Moʻgʻulistonda kidan qabilalari orasida tugʻilgan. Uning oilasi qabila sarkardalari sifatida kidan qabilalar ittifoqida muhim shaxslar hisoblangan. Otasi Yelyuy Saladi kidanlarning Ila qabilasi rahnamosi edi. Abaoszi 901-yilda Ila qabilasining boshligʻi boʻlib, 903-yilda u kidan harbiy kuchlarining qoʻmondoni lavozimiga tayinlangan. Bu uning kidan davlati iyerarxiyasida buyuk xondan keyin ikkinchi oʻringa chiqishiga taʼsir qilgan. U 905-yilda Shansi shahriga olib borib, Xitoyning bu yerdagi harbiy sarkardasi Li Keyung bilan birodarlik bitimini tuzgan[1]. Uning zafarli yurishlari qabilalar orasida obroʻyini oshirib, hokimiyat tepasiga kelishini taʼminlagan. Abaoszi 907-yilda kidanlarning xoqoni boʻlgan va 916-yilda imperatorlik taxtiga oʻtirgan. Bu vaqt oralig‘ida u, asosan, oʻz yaqinlari (qarindoshlari va aka-ukalari) tomonidan ko‘tarilgan qoʻzgʻolonlarni bostirish bilan band bo‘lgan. 918-yilda Abaoszi devor bilan o‘ralgan o‘z poytaxti — Shangszing shahrini 100 kun ichida qurdirib bitkazgan. Shuningdek, uning buyrug‘iga ko‘ra, 920-yilda katta kidan yozuvi ishlab chiqilgan. Abaoszi olib borgan urushlar natijasida butun Ichki Moʻgʻuliston, Shimoliy Xitoy va Janubiy Manjuriyani bosib olingan va yagona davlatga birlashtirilgan. Shu tariqa, keyinchalik Lyao imperiyasi nomini olgan Kidan xalqlarining yirik imperiyasi tashkil topgan. Abaoszi 926-yil 6-sentyabrda vafot etgan[2].


  1. Twitchett D., Tietze K.. The Liao // in the: The Cambridge History of China. Vol.6: Alien Regimes and Border States 907—1368. Cambridge: Cambridge University Press, 1994 — 387-bet. 
  2. Latipov J. Xitanlar: Davlatchilik sari yoʼl (monografiya). Toshkent: “Navroʼz” nashriyoti, 1994 — 120-bet.