Kontent qismiga oʻtish

Amiriy (shoir)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Yusuf Amiriydan yoʻnaltirildi)

Amiriy, Yusuf Amiriy (15-asr, Hirot) — Temuriylar davri turkiy shoiri.

Boysunqur Mirzo himoyasida yashagan. Turkiy va forsiyda ijod qilgan. Alisher Navoiy „turk erdi va turkcha sheʼri yaxshi voqe boʻlibtur“ („Majolis un-nafois“) deb yozsa, Davlatshoh Samarqandiy „Shohrux davrida katta shuhrat qozondi“ („Taz-kirat ush-shuaro“) deb taʼriflaydi. A.ning turkiydagi bir devoni hamda „Dahnoma“, „Chogʻir va Bang munozarasi“ asarlari yetib kelgan. Forsiydagi asarlaridan 2 baytgina maʼlum: biri „Majolis un-nafois“, ikkinchisi Yaqiniyning „Oʻq va yoy munozarasi“da saqlangan. Devoniga kirgan sheʼrlarida shoir hayot haqida chuqur falsafiy fikr yuritadi, ishq-muhabbatni ulugʻlaydi („Ey koʻza…“, „Telbaman“, „Ey koʻngul“ va boshqalar). „Chogʻir va Bang munozarasi“ bilan munozara janri imkoniyatlarini boyitdi. Ubayd Zakoniy taʼsirida yozilgan bu asarda amaldorlarning salbiy axloqiy-maʼnaviy qiyofalari, hislatlari hajv qilinadi, adovat, johillik, oʻzaro qirgʻin urushlar qoralanadi. A. „Dahnoma“ (1429) asari bilan noma janrini rivojlantirdi. Bu devon nusxasi Turkiyada, „Dahnoma“, „Chogʻir va Bang …“ nusxalari Britaniya muzeyida, fotonusxalari Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik va Qoʻlyozmalar institutlarida saqlanadi[1].

  1. "Amiriy (shoir)" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Oʻzbek adabiyoti, 4 jildli, 1-jild, T., 1959; Rustamov E., Oʻzbekskaya poeziya v pervoy pol. 15 v., M., 1963
  • Oʻzbek adabiyoti tarixi, 5 jildli, 1-jild, T., 1977; Abdulvohidova M., Oʻzbek adabiyo-tida munozara, T., 1984